21:40 / 02.07.2019
4772

Navbatdagi Xalqaro armiya o‘yinlaridan qanday natijalar kutyapmiz? Yutuq va kamchiliklarimiz haqida

O‘tgan Xalqaro armiya musobaqalarida “1-o‘rinni mezbon harbiy xizmatchilari qo‘lga kiritishgan bo‘lsa...”, degan jumladan so‘ng keyingi o‘rinlarda o‘zbek armiyasi vakillari jamoasining nomi zikr etilyapti.

Aytish joizki, so‘nggi bir yil ichida Umumarmiya o‘yinlariga hamda Xalqaro musobaqalarga qatnashadigan harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligi miqyosida jiddiy uch bosqichli maxsus saralashdan o‘tkazilyapti. Bu juda yaxshi, albatta.

Ammo xorijiy davlatlar armiyasi vakillari mazkur nufuzli musobaqalarga yil-o‘n ikki oy tayyorgarlik ko‘rishadi. Bizda saralash ko‘zda tutilmagan va jamoaviy qatnashishi lozim bo‘lgan harbiy xizmatchilar chempionatga tayyorgarlikni bir yarim oy qolganda boshlashadi.

Kamchiliklarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, musobaqalar o‘tkazilayotgan chet davlatdan turib, o‘zbek askarining harakati va ruhiyatini foto va videomateriallar orqali yetarlicha ochib berolmayapmiz. Oddiy misol, bu yilgi Xalqaro o‘yinlarning 14 ta turi bo‘yicha musobaqada qatnashamiz. Har bir davlatning o‘z muxbiri jamoasiga g‘alaba tilab, qaynoq jarayonni qadamma-qadam yoritib boradi. Bizni muxbir va operatorlarimiz esa aeroportdan joy qilib oladi yoki internetdan o‘zga manbaga tayanib olingan foto va videomateriallar O‘zbekiston bo‘ylab tarqatiladi.

Yana bir misol. 1 iyul kuni Kun.uz  nashri orqali O‘zbekiston harbiylari Qozog‘istonda o‘tkazilgan «Cho‘l burguti» xalqaro harbiy mashg‘ulotlarida qatnashgani haqida xabardor bo‘ldik. Xo‘sh, nima sababdan Qozog‘istonga ketayotgan o‘zbek harbiy delegatsiyasiga o‘z muxbirimizni qo‘shib yubormayapmiz?

Yo‘q, yubormaymiz, chunki unda har doim aeroport yoki temiryo‘l vokzalidan karnay-surnaylar sadosi ostida kutib olish zavqini yo‘qotib qo‘yamiz.

 Xalqaro armiya hamda Umumarmiya o‘yinlarida hamisha birinchilikni mezbon jamoa qo‘lga kiritadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bu yilgi «Qo‘shin razvedkachilari a'lochilari» xalqaro musobaqasiga Xindiston mezbonlik qilarkan. Shu bois mazkur musobaqada qatnashadigan harbiylarimiz va rahbariyat tayyorgarlik uchun issiqlikda hind sarhadiga tenglasha oladigan «Buxoro» poligonini tanlashibdi. Mana bo‘larkan-ku.

O‘zbek razvedkachilari Rossiya Federatsiyasining Sibir hududlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada ketma-ket ikki yil (2017 va 2018 yillarda) 100 dan ortiq jamoalar ichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Xalqaro armiya o‘yinlari Butunjahon mamlakatlar Qurolli Kuchlar o‘rtasida o‘zbek armiyasi qudratini va reytingini ko‘tarishga xizmat qilyapti, desak xato bo‘lmaydi.

2017/2018 yillardagi Xalqaro armiya o‘yinlarida qayd etilgan natijalarni quyida ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekiston harbiylari tomonidan 2017/2018 yillarda

III va IV Xalqaro armiya o‘yinlarida qayd etilgan natijalar

Izoh: Xalqaro musobaqa qoidalariga ko‘ra, qatnashuvchi davlat armiyasi vakillari birinchi yili kuzatuvchi (o‘rganuvchi) sifatida ishtirok etib, musobaqa shartlari bilan yaqindan tanishadi.

2019 yil uchun esa yanada yuqori natijalar kutyapmiz. O‘zbekiston armiyasi hamisha birinchi bo‘lishiga tilakdoshman. 

G‘ayrat Madrahimov,
harbiy jurnalistika kursi bitiruvchisi.

Top