8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

13:45 / 03.07.2019 4498

Andijonga qirg‘izistonlik taniqli futbol hakami va yosh futbolchilardan iborat delegatsiya keldi

Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasi taklifi asosida o‘zbek futbol hakami Ravshan Ermatov bilan jahon miqyosidagi futbol bahslarini boshqargan Bahodir Qo‘chqorov boshchiligidagi Qirg‘izistonning O‘sh shahri futbol akademiyasi murabbiylari, yosh futbolchilar va jurnalistlardan iborat delegatsiya Andijonga keldi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Mehmonlar Sho‘rbuloq dahasida joylashgan futbol akademiyasida bo‘lib, maskanda mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Akademiya tarbiyalanuvchilari muntazam ravishda respublika va xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. 

Bo‘ston massivida joylashgan futbol maktabida mehmonlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda qo‘shni davlat delegatsiyasi vakillariga viloyat futbol assotsiatsiyasi,  “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashining maxsus sovg‘alari, har bir yosh  futbolchiga o‘zbek do‘ppisi sovg‘a qilindi.   

Andijon va O‘sh yosh futbolchilari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. 

Shundan so‘ng ikki qo‘shni davlat viloyatlari futbol mutasaddilari o‘zaro do‘stona hamkorlikni tizimli ravishda olib borish bo‘yicha shartnomalar imzolab, ommaviy axborot vositalari bilan matbuot anjumani o‘tkazdilar.

Andijon viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzodbek Karimov uzoq asrlardan beri qo‘ni-qo‘shnichilik an'analarini sport orqali davom etishi haqida gapirdi.

O‘z o‘rnida Qirg‘iziston vakili Bahodir Qo‘chqorov mana shunday do‘stona uchrashuvlarni ko‘proq tashkil etish nafaqat yosh futbolchilarni, balki ikki davlat o‘rtasidagi hamdo‘stlikni yanada kuchaytirishini aytib o‘tdi. Taniqli hakam O‘shda hakamlar tayyorlash maktabini ishga tushirganligi va unda andijonlik futbol hakamlari o‘qib-o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini bildirdi.

“Mehmon futbol mutaxassislarini bizdan, bizni esa ulardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p.  Ularni Andijon viloyati 2 tabaqa musobaqalarida har bir tuman va shahardan jami 22ta jamoa qatnashayotgani, jamoalarning tashkil etish jarayoni katta  qiziqish uyg‘otdi. Viloyatning Superligada qatnashayotgan “Andijon” klubidan tashqari, Pro-ligada futbol akademiyasining “Andijon 2” va “Rash-Milk” jamoalarida yosh futbolchilarga berilayotgan e'tibor bilan ham yaqindan tanishishdi. Qardosh, qo‘shni viloyat futbolchilari bilan kelajakda ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldik”, – deydi Andijon viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzodbek Karimov.

Top