16:20 / 03.07.2019
25801

IIBB avtomobillarning ko‘p qavatli uylar hovlisiga kirishini taqiqlash mavzusidagi so‘rovnoma natijalarini ma'lum qildi

Foto: IIBB axborot xizmati

2019 yilning 11 iyun kuni Toshkent shahar IIBB o‘z sahifalari va Telegram-kanalida “Kim ko‘pqavatli uylar hovlilariga avtomobillar kirishi va qoldirilishi taqiqlanishi tarafdori?” so‘rovnomasini boshlagandi. Facebook’da 42% foydalanuvchilar (1600 kishi) fikrni qo‘llab-quvvatlashgan bo‘lishsa, 58% (2200 dan ortiq) kishilar unga qarshi chiqishdi. Telegram’da esa taqiqni 1700 kishi qo‘llab-quvvatladi, 1900 kishi esa unga qarshi bo‘ldi.

IIBB xabariga ko‘ra, sharhlarning soni ham ko‘payib ketgan (umumiy miqdorda ularning soni to‘rt mingdan oshgan). Ba'zilar Toshkent shahar IIBB ushbu taqiqni o‘rnatmoqchi, deya gumon qilgan.

«Aslida bizni na so‘rovnoma raqamlari, na taqiq uchun «zamin yaratish» qiziqtirmas edi, ko‘zlangan maqsad MUNOZARA edi. So‘rovnoma yordamida biz bir shaharda istiqomat qiluvchi insonlarni birovning manfaatini hurmat qilishni, o‘zaro kelishishni o‘rgatmoqchi edik. Munozara jamiyatimizning ko‘plab muammolarini namoyon qildi, shaxsiy qulaylik masalasi turganda o‘zgalarning huquqlariga nisbatan «ko‘rlik» ham shular qatorida. Ko‘plab foydalanuvchilar hovlilarda avtomobillar bo‘lishini salbiy tomonlari haqida fikr yuritishdi:   

«Agarda mashina «pod'yezdga» siqqanda edi, ular xonadonini eshigi yonida ham qoldirib ketar edilar va birovga xalal berishiga tupurgan bo‘lardilar»; «Tungi vaqtdagi signalizatsiyalar jonga tegdi, saharda esa mashinani qizdirishadi, hovli doim avtomoyka holatida»; «Yo‘lni shunchalik to‘sib tashlashadiki, «Tez yordam» va Yong‘in xavfsizligi mashinalari ham o‘ta olishmaydi»; «…mashinalar sababli bolalarga o‘ynash uchun joy yetmaydi»; «Bizning odamlar do‘konga piyoda borishni ham eplolmaydilar! ortiqcha 5 metr yurishga ham erinishadi!» - deyiladi IIBB ma'lumotida.

Tatyana Osokina ismli foydalanuvchining hammani birdek bilish noto‘g‘ri ekanligi haqidagi fikr bildirib, tarbiya masalasini ko‘targan: «Hovliga tinchgina kirib boruvchi haydovchilar ham bor. Ahmoqlar ham bor… ogorodimga mashina qo‘yishganida qarshi bo‘lmagan edim. Ammo qo‘shnilarning madaniyatsizligi qarorimni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Odamlar tarbiyasiz va madaniyatsiz bo‘lib ketishdi».

Sharhlovchilar yuzlab voqealar bilan o‘rtoqlashishgan, ular qatorida turar-joy hududlarida tezlikni oshirish, kelishmovchiliklar, piyodalarni urib ketish, pod'yezdlarni to‘sib qo‘yish bilan bog‘liq voqealar bo‘lgan. Har kim o‘ziga begona ko‘z bilan qaray olishi, qo‘shnilarning manfaatlarini ham o‘ylashi muhimdir. Shuning uchun turar-joylar hududlarida avtomobillarni qoldirilishi muammosiga infratuzilmaning yo‘qligi emas, o‘zgalarning huquqlarini mensimaslik olib keladi.
 
Avtoturargohlarning yetishmasligi ma'lum, ammo e'tiborli foydalanuvchilar avtoturargoh qurilgan joyda ham haydovchilar bilan muammo yuzaga chiqishini ma'lum qilishgan. Bu nimadan dalolat beradi?

Misol uchun, Dilya Ergasheva ismli foydalanuvchi quyidagini bayon qilgan: «Odamlar turargoh yo‘qligidan nolishadi, boridan esa foydalanishmaydi. Shahardagi turargohlarning yarmi bo‘shab yotibdi – qancha pul evaziga xarid qilingan mashinada harakatlanib, avtoturargoh uchun 100 ming so‘m to‘lashga qizg‘anishadi. «Tekin» so‘zi juda shirin…».

Xuddi shunday fikrni yana bir necha foydalanuvchi bildirdi. Dilyara Galimova quyidagini ma'lum qilgan: «Bizda esa turargoh bor. Baribir hovlilarda qoldirishadi». Xuddi shu joyda Lora Yurchenko ismli foydalanuvchi bildirgan: «Bizning kvartalda pullik turargoh bor, qulaylik uchun pul to‘lash kerak deb o‘ylayman. Qo‘riqchi bor, barcha mashinalar to‘siq ostida. Sanoqli kishilar mashinalarni turargohda qoldirishadi. Qolganlar ob-havo sharoitiga, yo‘lni to‘sib qo‘yishlariga, mashinalar yaqinida o‘ynaydigan bolalardan zarar yetishi mumkinligiga qaramasdan mashinalarni pod'yezdlar oldiga qo‘yishadi». Ushbu mavzuni Munavvar Ozbekova ismli foydalanuvchi davom ettirgan: «…jamiyatimiz uchun bir emas ko‘plab turargohlar tashkillashtirishdi, ammo voqelikda avtomobillar baribir yo‘llar chetida, trotuarlarda qoldirilmoqda». Aksariyat haydovchilarda oddiygina o‘zini tutish madaniyati yo‘q».

Munozarada taqiq tarafdorlari ham, unga qarshilar ham fikr bildirishgan. IIBB Kamola Yuldasheva ismli foydalanuvchining yondashuvini eng to‘g‘ri deb hisoblagan: «TAQIQLASh emas, HAL QILISh kerak!!!». Taqiqning foyda berishi qiyin. Avvalo, hozirgi infratuzilmaning sharoiti yetarli darajada emas, qolaversa qoidabuzarlikka borishdan qo‘rqmaydiganlar ham bo‘ladi.

Sharhlardagi munozaralar haydovchilarga vaziyatni piyodalar nigohi bilan qarashga, piyodalarga esa – haydovchilar nigohi bilan qarashga imkoniyat yaratgan. Shu bilan birga, o‘zini tutish madaniyatini oshirish zarurligi muammosi ko‘tarilgan. Foydalanuvchilar quyidagilar haqida o‘ylab ko‘rishni taklif qilishdi: «…tarbiyani ustida ishlashga nima deysizlar?»; «O‘zgalarga hurmatsizlik qiladiganlarni jazolash kerak».

Sharhlovchilarning aksariyati muammo ularsiz hal etilishini xohlashadi, ammo bizda YPX inspektorlarini har bir hovliga patrullash uchun yuborish imkoniyati yo‘q, deyiladi xabarda.
  
«Siz va biz shahrimizni o‘zimiz barpo etamiz. Hammasi xalqning, mas'uliyatsiz bo‘lmagan va internetda quruq munozaradan ko‘piga yaraydigan fuqarolarning qo‘lida. Bizning kelajagimiz sizning faolligingizga bog‘liq. Biz vaziyatni o‘zgartirishga qaratilgan quyidagi harakatlar yo‘riqnomasini taklif qilamiz:

1. Avtomobilingizni qoldirgach, chiqib uni ko‘zdan kechiring. Mashina nogironlik aravachasidagi insonga yoki kolyaskalik ayolga pod'yezddan chiqishga xalal bermaydimi? Yoningizdan Yong‘in xavfsizligi xizmati avtomobili o‘tib keta oladimi? Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining telegram-kanalini o‘rganib, bugungi kunda shahardagi yong‘inlarning statistikasi bilan tanishib chiqing. Yong‘in o‘chiruvchilar uchun har bir soniya muhimdir. «Tez yordam» shifokorlari uchun ham. Qoldirgan avtomobilingiz tufayli birovning hayotini saqlab qolishni imkoni bo‘lmagan bo‘lsa, buning uchun mas'uliyatni o‘z zimmangizga olishga tayyormisiz?

2. Qo‘shnilar bilan gaplashib turing. Agar ulardan birortasi muntazam ravishda transportini pod'yezd yonida qoldirib kirish/chiqishni to‘sayotgan bo‘lsa – ular bilan gaplashib oling. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilarni ham taklif qiling. Ulardan qoidabuzar bilan suhbatlashishni iltimos qiling. Ota-ona to‘g‘ri tarbiya bermaganni jamiyat tarbiyalashi zarur. Busiz madaniyatsizlik muhiti o‘zgarmaydi.

3. Turar-joyingiz hovlisidagi hududda biror avtomobil uzoq vaqtdan buyon qoldirilib, tezkor xizmatlar maxsus transportlariga xalal berishi mumkin bo‘lsa, Toshkent shahar IIBB YHXB navbatchilik qismiga 71-255-10-47 yoki 102 raqami orqali murojaat qilib, YHXB YPX inspektorini yuborishlarini iltimos qiling.

4. O‘zboshimchalik bilan to‘siqlar o‘rnatmang (beton bloklari, shlagbaumlar va h.k.). Yodingizda bo‘lsin, ular tezkor xizmatlarga xalal berishi mumkin. Agar biror belgi o‘rnatmoqchi bo‘lsangiz, hokimiyat qoshidagi Obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qiling.

5. Qo‘shnilar bilan hamkorlikda hovli infratuzilmasini yaxshilang. Huquqiy savodxonlikni oshiring, bolalar maydonchasi, trotuar, to‘siqlar tashkillashtirish uchun qayerga murojaat qilish kerakligini o‘rganing. Hovlidagi tozalik va tartibni nazorat qilib yuring. Ko‘chani yorituvchi lampa kuyib qolganida tegishli joyga murojaat qilishga erinmang. Agar biror haydovchi mashinasini qoldira turib piyodalarning harakatlanishiga xalal berayotganini sezmasa – muammo haqida unga tinchgina tushuntiring. O‘ylaymizki, qoidabuzar haydovchilar atrofdagilarning fikrlariga quloq tutib mas'uliyatni his eta boshlaydilar.

6. Piyoda harakatlanish madaniyatini tatbiq etishda ibrat bo‘ling. Ba'zida do‘kongacha kilometr masofani bosib o‘tish afzal. Sog‘lig‘ingizga ham foyda. Atrof-muhit uchun ham yaxshi. Chunki siz o‘z farzandlaringizni o‘z misolingizda yaxshi odatlarga o‘rgata boshlaysiz.

Biz bu shaharni siz bilan birga o‘zgartiramiz. Faol fuqarolik pozitsiyangizni ko‘rsatib yuring, o‘zgarishlar uchun ko‘proq harakat qiling – internetdagi sharhlardan ko‘ra bularning foydasi ko‘proq bo‘ladi», - deyiladi IIBB axborotida.

Top