8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

08:55 / 03.07.2019 4435

Innovatsion rivojlanish vazirligi: O‘zbekistonda ilk bor xususiy sektor ilm-fan loyihasini moliyalashtirish uchun investitsiya kiritdi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Joriy yilning 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning PETROMARUZ kompaniyalar guruhi o‘rtasida neft-gaz sohasi, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda qurilish materiallari sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Respublikada ilmiy faoliyat asosan davlat budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Ilmiy tadqiqot ishlarining jadal suratlarda rivojlanishiga erishish, xususiy sektorning moliya va iqtisodiy imkoniyatlarini ilm-fan taraqqiyotiga jalb qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi PETROMARUZ kompaniyasi bilan neft-gaz, sement ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoati, inert qurilish materiallarini qazib olish, yo‘l qurilishi, qurilish konstruksiyalarini tayyorlash, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishda hamkorlik o‘rnatdi. Muzokaralar natijasida dastlabki hamkorlikdagi ilmiy-texnik loyihalar tanlovlari uchun PETROMARUZ kompaniyalar guruhi 3—4 mlrd so‘m va yil oxirigacha 15 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar ajratishga, vazirlik ham o‘z navbatida xuddi shunday miqdordagi ulush kiritishiga kelishildi.

Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi PETROMARUZ bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishlarini aniqlab, o‘zaro moliyalashtirish uchun tematik ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar tanloviga loyihalar mavzulari shakllantirdi. Xususan, neft va yoqilg‘i sohasida 5 ta, paxtani qayta ishlash bilan bog‘liq 3 ta, arxitektura va qurilish sohasida 3 ta, jami 11 ta ilmiy-tadqiqot loyihalari mavzulari shakllantirildi. Bu vazirlik va kompaniya o‘rtasidagi hamkorlikning birinchi bosqichi bo‘lib, keyinchalik turli sohalar bo‘yicha yana loyihalar tanlovlari e'lon qilib boriladi.

Memorandumga ko‘ra, ilmiy tadqiqotlarning xarajatlarining 50 foizi vazirlik tomonidan davlat budjeti hisobidan to‘lansa, qolgan 50 foizi kompaniya hisobidan qoplanadi. Ta'kidlash joizki, rivojlangan mamlakatlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishning salmoqli qismi – taxminan 60 foizi sanoat kompaniyalar ulushiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich atigi 8 foizni tashkil etadi.

– Bu yurtimiz ilm-faniga xususiy sektor tomonidan bildirilgan katta ishonchdir, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Xususiy biznesdan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun investitsiyalarning kiritilishi vazirligimiz o‘z oldiga qo‘ygan vazifalardan biri, ya'ni ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik integratsiyasining yaqqol misolidir. Hozirda yurtimizda klasterlar tizimini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda, mana shu klasterlarga aniq loyihalar ustida ishlayotgan olimlarning biriktirib qo‘yilishi klasterlarning rivojiga zamin yaratadi.

Top