8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

09:50 / 03.07.2019 48994

Termizda «Damas»lar yo‘lovchi tashish yo‘nalishidan olib tashlandi. Haydovchilarni endi kim ish bilan ta'minlaydi?

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Termiz shahar hokimining «Termiz shahrida avtobus xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tib, qaror qabul qilingan.

Garchi qaror ostida yuzlab norozilik ohangidagi fikrlar qoldirilgan bo‘lsa-da, u o‘zgarishsiz, bildirilgan fikrlar inobatga olinmasdan qabul qilingan. Buning natijasida, Termiz shahar hokimligi binosi oldida haydovchilar to‘planib, o‘z noroziligini bildirishmoqda.

Shahar hokimining muhokamaga tashlangan qarori loyihasi preambulasida shunday deyiladi:

«So‘nggi yillarda Termiz shahrida transport sohasini rivojlantirish, yo‘lovchilarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Biroq shahar hududida faoliyat yurituvchi «Damas» yo‘nalishli taksilarning tartibsiz qatnovi natijasida 2018 yil davomida 32ta, 2019 yilning 4 oyi davomida 11ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, oqibatda 17 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohati olgan. Shuningdek, o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra shahar hududida harakatlanuvchi transport vositalari chiqaradigan tutun miqdorining asosiy foizi aynan «Damas» yo‘nalishli taksilari tomonidan chiqarilmoqda. Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi taksilarning aksariyati 300dan ziyod, ya'ni 30 foizi litsenziyasiz o‘z faoliyatini amalga oshirayotgani aniqlandi».

Yuqorida ko‘rsatilgan xulosalardan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi «Aholiga transport xizmatini ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–2724-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida shahar hokimi quyidagicha qaror qilgan:

«2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugashi e'tirof etilsin;

shahar ichi yo‘nalishida harakatlanayotgan 205ta, shahar hududiga kirib keluvchi (o‘n oltita) yo‘nalishdagi 500ta, jami 705ta «Damas» avtotransport vositalarini sxemalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan holda shahar atrofida xizmat ko‘rsatish orqali avtostansiyalar bilan bog‘lash hamda harakatdan to‘xtatish hisobiga yangidan shahar ichi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yilsin;

2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faqat avtobuslarga belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchi tashishga ruxsat berilsin.

Termiz shahar IIOFMB YXHB (boshlig‘i F.Haydarov)ga viloyat transport boshqarmasi (A.Xo‘jamqulov) bilan hamkorlikda shahar ichida noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan «Damas» yo‘nalishli taksilariga nisbatan murosasiz bo‘lish, reyd tadbirlarini o‘tkazish va noqonuniy faoliyat yuritayotgan yo‘nalishli taksilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda javobgarlik masalasini hal etish vazifasi topshirilgan.

Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev tomonidan imzolangan qaror loyihasiga bildirilgan ayrim fikrlar chindan ham e'tiborga loyiq:

Anonim: Hurmatli Isroil Bo‘riyevich! 705ga yaqin «Damas» haydovchilarni va ular boqayotgan oilasini hisobga olganda holda, kamida 2000dan ortiq fuqaroni kim boqadi va kim ish bilan ta'minlaydi?

Farrux Qodirov: Shahar ichidagi transportlarni shahar atrofiga chiqarmoqchisiz, shahar atrofida [shu paytgacha qatnab yurgan] transport vositalarini qayerga joylashtirasiz, ularning oilasini kim boqadi va ish bilan ta'minlaydi?

Mil Meyliqulov: Hokim bobo, chiqargan qaroringiz zo‘r-ku?! Men yana Rossiyaga borib mardikorlik qilishim kerakmi? Avtobus haydashga o‘tish uchun 2.500.000 so‘m sarflab «D» kategoriya olish kerak! Men onam, bola chaqamni boqaymi yoki «D» kategoriya olaymi? «Damas» orqali ro‘zg‘orim but, hozirgi kunda kim menga 1.500.000 so‘m oylik beradi, haydovchi sifatida. Hokim bobo, bu qarordan men noroziman.

Choriyev Rustam: Hurmatli hokimlik vakillari! Bundan bir necha yil oldin Termiz shahar ichki yo‘nalishiga «Isuzu» markasidagi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin shu yo‘nalish samarali ishlab ketmaganiga ba'zi omillar sabab bo‘lgan: yo‘llar talabga javob bermasligi, avtobus bekatlarining deyarli yo‘qligi va o‘sha davrda xokimlik tomonidan avtobus sotib olgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmagani uchun bir qator tadbirkorlar kasodga uchrab, avtobuslarni sotib yuborganining guvohi bo‘lganmiz.

Rustam Shoisupov: 50 avtobus shaharning qaysi yo‘nalishlarni keng qamrab oladi? Interval, distansiya degan so‘zlar muomalada bor edi. Bular [avtobuslar] bundan mutasno bo‘lsa kerak. +50 daraja jazirama issiqda avtobusda yurib ko‘rsinlar, hurmatli hokim bobo.

Gosha Tog‘aymurodov: Men talabaman. Avtobusdan ko‘ra bizning sharoitda, «Damas» qulay, sifatli va tez.

Xurshid Choriyev: Shoshilib, biror yumush bilan ko‘chaga chiqqaningizda avtobusda yetib borish qiyin, hammaning ham taksida yurishga imkoniyati yo‘q. «Damas» shahar ichida hamyonbop transport menimcha.

Anonim: Termiz shahrida avtobuslar to‘xtashi uchun bekatlar mavjud emas. Avval shaharda bekatlar qurib, keyin shahardan «Damas» avtomashinalarini chiqarish kerak.

Nodira Mengqobilova: Viloyatimiz hokimligining Surxon eli yanada yuksalishi uchun olib borayotgan siyosati barchamizni quvontiryapti. Ayniqsa, yaqin kunlarda Termiz shahrida shoshma-shoshar «Damas»lar o‘rniga avtobuslarning shahar yo‘lovchilarini tashish uchun qo‘yilishini eshitib, juda quvondik. Bu avvalambor xalqimiz uchun qilinayotgan qulayliklarning bir ko‘rinishi desak, mubolog‘a bo‘lmaydi. Xalq manfaatini o‘ylab, hamyonbop va farzandlarimizning maktablarga qatnashiga qulay bo‘lgan avtobuslar qo‘yilayotganidan biz Surxon xalqi juda xursandmiz.

Sherzod Berdiyev:  To‘g‘ri, avtobus kerak, pensioner, maktab o‘quvchilari va hokazo insonlarga, lekin ertaga «Damas» yo‘nalishdan chiqib ketgan taqdirda, Surxondaryo viloyat litsenziya bo‘limi avtobus yo‘lkirasi narxini 1000 so‘m qilib belgilaydi. Unda nima afzali bor ekan, avtobusning «Damas»dan?

Qayd etib o‘tish lozimki, Termiz shahri ichida «Damas» yo‘nalishli taksilari yo‘lkirasi 1000 so‘m edi. Yo‘nalishga chiqarilgan avtobuslar yo‘lkirasi 500 so‘m etib belgilangan. Boshqa viloyat markazlarida yo‘lkira narxi 800–1200 so‘m ekanligi inobatga olinsa, bu vaqtinchalik yengillik ekanligini anglash qiyin emas.

Qolaversa, Termiz shahar hokimligi kundalik daromaddan quruq qolgan 710 nafar haydovchini boshqa ish bilan ta'minlash vazifasini ham uddalashi kerak. Kuzataveraylik-chi, arboblar nima qilishar ekan?

Sh.ShOKIRJONOV tayyorladi.

Top