11:07 / 04.07.2019
68090

Attraksion fojialari: voqealar tafsiloti aslida qanday?

Jizzaxdagi istirohat bog‘i attraksionida nosozlik oqibatida halok bo‘lgan qiz fojiasi o‘tgan haftaning eng ayanchli hodisasi bo‘ldi. Avval Navoiyda ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgandi. Gap inson hayoti va uning xavfsizligi haqida ketar ekan, bu borada jiddiy chora ko‘rilishi shart. Bu kabi fojialarning oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar qilinyapti? Shu va boshqa savollarga Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi v.b. Baxtiyor G‘ulomov javob berdi.

«Istirohat bog‘lari bilan hech kimning ishi bo‘lmagan» 

Shu paytgacha attraksionlardagi xavfsizlik ustidan davlat nazorati o‘rnatilmagan edi. Istirohat bog‘i faoliyati bilan hech kimning ishi bo‘lmagan. Faqatgina 2010 yilda qabul qilingan bitta hujjat —  «Bog‘lar hamda madaniyat va istirohat bog‘lari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida»gi  buyruq amalda edi. Sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi kuchsiz bo‘lgani uchun qator muammolar kelib chiqqan. Shuningdek, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi oldin inspeksiya ko‘rinishida tor doirada, vakolatlari cheklangan shaklda faoliyat olib borgan. 2018 yil 12 dekabrda qabul qilingan «Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident farmoni bilan sobiq «Sanoatgeokontexnazorat»  davlat inspeksiyasi negizida Davlat qo‘mitasi tashkil etildi hamda faoliyat ko‘lami kengaydi. Qo‘mita tarkibida 10 ta inspeksiya tashkil topdi. Ulardan biri istirohat bog‘lari attraksionlarini nazorat qilish inspeksiyasi bo‘lib, istirohat va madaniyat bog‘lari dam oluvchilari xavfsizligini ta'minlash maqsadida attraksionlar faoliyatini nazorat qiladi.

«Shu kungacha attraksionlarning sertifikati bo‘lmagan» 

Sertifikatlash tizimining 2 xil: majburiy va ixtiyoriy turlari bor. Attraksionlar majburiy sertifikatsiya emas, balki ixtiyoriy sertifikatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan. Natijada, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish yuzasidan qat'iy talab qo‘yilmagan. Muammoning yechimi sifatida «Bog‘ attraksionlari va o‘yin qurilmalaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha reglament»ni ishlab chiqdik. Uni «O‘zstandart»  agentligi ekspertizasidan o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi. Agar reglament kuchga kirsa, attraksionlar majburiy sertifikatlanadi. Bundan qanaqa imkoniyatlarga ega bo‘lamiz? Sertifikatlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng davlat nazoratini yo‘lga qo‘yish imkoniyati bo‘ladi. Bu bo‘yicha 2 oy oldin 13 nafar mutaxassis o‘qitildi, 27 iyun kuni attestatsiyadan o‘tdi va ularga davlat inspektori guvohnomasi berildi. Bu mutaxassislar respublikadagi barcha istirohat va madaniyat bog‘larini davlat ro‘yxatiga olishda ishtirok etishadi.

«Texpasporti bo‘lmagan attraksion egalariga qat'iy chora ko‘riladi» 

Inspektorlar tomonidan davlat ro‘yxatiga olishning birinchi qismi attraksionning texnik pasporti bor-yo‘qligini tekshirish bo‘ladi. Agar bu hujjat bo‘lmasa, yoki yo‘qolgan bo‘lsa, attraksion faoliyati to‘xtatiladi. Attraksion egasiga texnik pasportni tiklash yoki yangidan olish uchun muddat beriladi. Pasportni tezroq olsa, faoliyatini tezroq davom ettirish imkoni bo‘ladi. 30 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va «O‘zenergonazorat»  inspeksiyasi vakolatli mutaxassislaridan iborat ishchi guruh (har bir viloyatda) tuzib, istirohat bog‘lari attraksionlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish yuzasidan so‘rovnoma kiritildi.

«Attraksion operatorlari o‘qitiladi» 

Endilikda «Kontexnazorato‘quv»  DUK tomonidan attraksionlarni boshqaruvchi operatorlar o‘qitiladi. Ularga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar dars o‘tishadi. Mashg‘ulotlar shu yerda yoki vaziyatga qarab viloyatlarda o‘tkazilishi mumkin.

«Jizzaxda qulagan attraksionning hattoki poydevori bo‘lmagan» 

O‘tgan haftada sodir bo‘lgan mudhish hodisa yuzasidan axborot beradigan bo‘lsam, jizzaxlik tadbirkor (attraksion egasi) Toshkent shahriga kelib, og‘zaki shartnoma asosida attraksion qismlarini yasab berishi uchun boshqa bir tadbirkor bilan kelishuv qilgan. Attraksionning likopcha qismi to‘liq tayyor bo‘lmasdan turib jizzaxlik tadbirkor uni olib ketib, o‘z bilganicha attraksionni qurgan. Aslida, ikkala tadbirkor ham mutaxassis emas. Har bir yasalayotgan detalning aniq o‘lchami hisoblangan chizmasi bo‘lishi kerak edi. Qo‘mita inspektorlari voqea joyiga borib o‘rganish ishlarini boshlaganda, attraksionning likopcha qismini ushlab turuvchi ustuni yaroqsiz va eski metalldan yasalganligi aniqlandi. Hattoki attraksionning poydevori mustahkam emas, bo‘m-bo‘sh turibdi. Attraksionning qabul qilish va sinovdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi dalolatnomasi, texnik pasporti bo‘lmagan. Ayni vaqtda hodisani maxsus tuzilgan komissiya o‘rganib chiqyapti. Aybdorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

«Attraksionlar xavfsizligi nazorati uchun biznes Ombudsmandan ruxsatnoma olmasdan turib tekshiruv o‘tkazishni taklif qilmoqchimiz» 

Prezident Administratsiyasi huzurida biznes Ombudsman faoliyat olib boradi. U tadbirkorlik sub'yektlarini tekshirish uchun ruxsatnoma beradi. Biz Ombudsmanga shunday taklif bilan chiqmoqchimiz: attraksionlar xavfsizligi nazorati inson hayoti bilan bog‘liq jiddiy masala bo‘lgani uchun tekshiruv o‘tkazish uchun biznes Ombudsmandan ruxsatnoma olish tizimini bekor qilish taklifini kiritmoqchimiz. Bunday ruxsatnoma olish ko‘proq vaqtni oladi. Attraksionlarni tekshirish uchun ruxsatnoma olgunimizcha mavsum tugab qolishi va baxsiz hodisalar yana sodir bo‘lishi mumkin.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Top