8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

19:20 / 04.07.2019 12504

«Bu qaror bekor qilingan». Oliy sud «Zamonaviy «reket»ning sud qaroridagi aksi» maqolasiga munosabat bildirdi

Oliy sud Kun.uz nashrida e'lon qilingan «Zamonaviy «reket»ning sud qaroridagi aksi: «Bergan 150 ming so‘ming ustiga yana 10 million so‘m to‘laysan!» sarlavhali maqola yuzasidan munosabat bildirdi.

 «Ma'lumki, ayni paytda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz sud-huquq tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa bitta – hamyurtlarimizning huquq va erkinliklarini  qonuniy himoya qilishdan iboratdir.

Haqiqatdan ham, yuqoridagi maqolaga sabab bo‘lgan voqea bundan uch yil muqaddam yuz berib, tilga olingan sud qarori ham o‘sha paytda qabul qilingan.

Fuqaro Husniddin Meliboyev (ish bo‘yicha javobgar) yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida da'vogar Sarvar Rahmonovga tegishli ulovga 150 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazadi. Biroq Husniddin ushbu mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lay olmagani bois, shuncha miqdorda qarz bo‘lib qolgani va to‘lov kechiktirilgan har bir kun uchun 100 000 so‘mdan ustama to‘lashga roziligi haqidagi tilxatni imzolab beradi.

Garchi H.Meliboyev bu pulni o‘z vaqtida qaytargan bo‘lsa-da, negadir S.Rahmonovning qonuniy vakili – otasi Bahodir Rahmonov sudga 150 000 so‘m va unga ustama sifatida 2016 yil 21 martdan 2016 yil 28 iyunga qadar har bir kun uchun hisoblangan 100 000 so‘mdan jami 10 000 000 so‘m mablag‘ hamda 2 030 000 so‘m davlat bojini undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Sud ishni javobgar ishtirokisiz sirtdan da'voni qanoatlantirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilgan. Ya'ni fuqarolik ishi Husniddin Meliboyevning ishtirokisiz ko‘rilgan. MIB xodimlari yuqoridagi mablag‘ni to‘lashni talab qilgan.

H.Meliboyev va advokat B.Mamirov sudga murojaat qilib, 2016 yil 28 iyunda sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilishni so‘ragan. Ammo, ishni ko‘rgan sudya V.Madrahimov 2019 yil 27 martdagi ajrimi bilan ularning arizasini qanoatlantirishni rad etgan. Tabiiy, H.Meliboyev va advokati sudning mazkur ajrimidan norozi bo‘lib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudiga kassatsiya tartibida shikoyat bergan.

Farg‘ona viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 14 iyunda Qo‘qon shahridagi «Marg‘ilon darvozasi» MFY binosida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida ish qonun talabida ko‘rib chiqilib, X.Meliboyev va advokatning shikoyati qanoatlantirgan. Ya'ni, Qo‘qon tumanlararo sudining 2019 yil 27 martdagi ajrimi va shu ish yuzasidan 2016 yil 28 iyunda sirtdan qabul qilgan hal qiluv qarori bekor qilingan va ish mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.

Boshqacha aytganda, maqola e'lon qilingan paytda viloyat sudi tomonidan sud qarori bekor qilingan bo‘lgan. Bundan tashqari, viloyat sudi tomonidan Qo‘qon tumanlararo sudining sudyasi V.Madrahimovga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Nizo bo‘yicha qabul qilingan qaror va boshqa tafsilotlar haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi», deyiladi Oliy sud Axborot xizmati bayonotida.

Top