8624.51 USD +40.01

9676.7 EUR +2.83

136.92 RUB +0.58

10780.6 GBP -12.65

19:30 / 04.07.2019 14208

«Qonun va hukumat qarori talablari buzilgan». Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Termizdagi «Damas»lar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Surxondaryo viloyati Termiz shahrida shahar ichida yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanib kelgan «Damas» rusumli avtomashinalar haydovchilarining noroziligi aks etgan xabarlar yuzasidan o‘z surishtiruv ishlarini olib bordi.

«Aniqlanishicha, Termiz shahar hokimining 2019 yil 13 iyundagi «Termiz shahrida transport xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Q-1773-sonli qarori bilan viloyat IIOFMB YXHBga shahar ichida harakatlanayotgan yo‘nalishli taksi («DAMAS»)lar harakatini 2019 yil 1 iyuldan to‘xtatish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etish ko‘rsatmasi berilgan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta'minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida»gi 482-son qarori bilan tasdiqlangan «Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalari» 2-bandiga ko‘ra, avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajlarni tashish tegishli litsenziya, tender natijalari bo‘yicha belgilangan tartibda tuzilgan muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchilar transportida xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan tuzilgan shartnomalar (kontrakt) mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.

Termiz shahar hokimligi shahar ichida harakatlanayotgan yo‘nalishli taksilar («DAMAS») harakatini 2019 yil 1 iyuldan to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmasi aks ettirilgan qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonuni 12-moddasi to‘rtinchi va oltinchi xatboshilari va Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-son qarori talablarini buzilishiga olib kelgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mazkur holatlar yuzasidan Termiz shahar hokimining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlariga baho berish yuzasidan tegishli ish yurituvga olindi. 

Ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma'lum qilinadi», deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq, Termizda «Damas»lar yo‘lovchi tashish yo‘nalishidan olib tashlangach, haydovchilar shahar hokimligi binosi oldida to‘planib, o‘z noroziligini bildirishgani to‘g‘risida xabar qilingandi.

Keyinroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Islomjon Zokirov ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ayni vaqtda Adliya vazirligi hokim qarorini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritgan.

Top