10:46 / 04.07.2019
8483

Shaxsga doir ma'lumotlar muhofazasi nima uchun kerak?

Foto: Shutterstock

Bugungi davrda shaxsga doir ma'lumotlarni muhofaza qilish xolis voqelikka aylandi. Binobarin, inson haqidagi ma'lumot har doim qimmatli bo‘lgan, ayni vaqtlarda esa u noyob tovarga aylanib bormoqda. Shu boisdan insonning shaxsiga doir ma'lumotlarni muhofaza qilish, undan turli hil g‘arazli maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, pirovardida shaxsiy hayot daxlsizligini ta'minlash masalasi har qachongidan ko‘ra dolzarb ahamiyatga ega, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Uning aytishicha, bu borada qabul qilingan “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonun milliy qonunchilikda raqamli texnologiyalar davrida fuqarolarga o‘z shaxsiy ma'lumotlari ustidan nazorat qilish, ulardan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish hamda qayerda ishlov berilishidan qat'iy nazar bildirilgan maqsad uchungina foydalanishini ta'minlash imkoniyatini beradi.

Ta'kidlanishicha, qonun bir qator xorij mamlakatlari tajribasiga tayanilgan holda ishlab chiqildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Yaponiya, Malayziya, Yevropa Ittifoqi reglamenti talablari bilan solishtirilib, ijobiy jihatlari e'tiborga olingan.

Qonunda imkon darajasida havolaki normalardan kechilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan yaxlit hujjat sifatida qabul qilinishiga alohida urg‘u berilgan. Qonunga ko‘ra, shaxsga doir ma'lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi belgilandi. Ushbu organ bir qator vazifalarni amalga oshiradi. Jumladan, shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritish, shaxsga doir ma'lumotlarning zarur himoya qilinganlik darajasini belgilash, shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlarini bartaraf qilish haqida jismoniy va yuridik shaxslar ijro etishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritish ushbu organning asosiy vazifalari qatorida belgilangan.

Shaxsga doir ma'lumotlar deganda “muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot” tushunilmoqda.

Qonun jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy, maishiy, professional yoki tijorat maqsadidagi faoliyatga, milliy va boshqa arxiv fondlarida mavjud bo‘lgan shaxsiy ma'lumotlarni to‘plash, saqlash, foydalanishga, davlat siri tarkibiga kiruvchi shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga, jinoyatga qarshi kurashish, razvedka, kontrrazvedka, jinoiy daromadlarni legallashtirish davomida qo‘lga kiritilgan shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonun loyihasida shaxsiy ma'lumotlar sohasida Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Alohida moddada shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashda ishtirokchilar kimlar ekani qayd etilgan. Unga ko‘ra, sub'yekt va operator, shuningdek, zarur hollarda sub'yekt, mulkdor va uchinchi shaxsning qonuniy vakili ham bo‘lishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Shaxsga doir ma'lumotlarni berish, tarqatish, shu jumladan OAV orqali hammaga oshkor qilish yoki Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish, transchegaraviy uzatish, egasizlantirish, yo‘q qilishga doir talablarga alohida moddalarda to‘xtalib o‘tilgan.

Shaxsiy ma'lumotlarni tarixiy, statistik, sotsiologik, ilmiy izlanishlar olib borishda shaxsiy ma'lumotlar bazasi mulkdori, operatori yoki uchinchi shaxslar, albatta, uni egasizlantirishi shart. Shaxsiy ma'lumotni egasizlantirish deganda, uning aynan qaysidir shaxs (sub'yekt)ga tegishli ekanini bilish imkonini bermaydigan harakat tushunilmoqda.

Bildirilishicha, qonunda biometrik ma'lumotlar masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Biometrik ma'lumot sifatida shaxsning aynan kim ekanini aniqlash imkonini beradigan anatomik va fiziologik xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir ma'lumotlar ko‘zda tutilmoqda.

Qonun shu yilning 1 oktyabridan e'tiboran kuchga kiradi.

Qonun kuchga kirishi bilan mulkdor, operator va uchinchi shaxs fuqaroning shaxsiga doir ma'lumotlarini yetarli darajada himoya qilishni bo‘yniga olgan holda va ushbu ma'lumotdan nima uchun foydalanmoqchi ekanligi haqidagi maqsadni oshkor qilib, faqat o‘sha maqsad uchungina foydalanishi mumkin bo‘ladi. Masalan, pasport olish uchun bergan ma'lumotlarni yer olish, kadastr qilish, nikohdan o‘tish, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish, o‘qishga yuborish, diplom berish, guvohnoma tayyorlash kabi ishlarga sizning ruxsatingizsiz foydalanish mumkin emas. Agar shu maqsadda foydalanish zarurati paydo bo‘lsa albatta bu haqida ma'lum qilinib, rozilik olinishi shart.

Shaxsga doir ma'lumotlarni davlat boshqaruvi organlariga taqdim etish bepul asosda amalga oshiriladi.

Qonunga ko‘ra sub'yekt o‘zining shaxsga doir ma'lumotlarini taqdim etishni rad qilgan taqdirda, rad qilish sabablarini ko‘rsatmaslik huquqiga egadir.

Qayd etilishicha, mazkur qonun mamlakatda shaxsga doir ma'lumotlar bilan ishlashda xalqaro standartlar va qoidalarni joriy qilish, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish samaradorligini oshirish, fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligi bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlari buzilishining oldini olish va shaxs sifatida har qanday ta'sirlardan himoya qilishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.

Bundan oldin, Shavkat Mirziyoyev «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni imzolagani xabar berilgandi.

Top