01:52 / 05.07.2019
96196

Tahdidlar, «yog‘li» takliflar, chetga olib ketishga urinishlar. Toshkentda topilgan xazina taqdiri haqida suhbat

Shu yilning yanvarida Kun.uz saytida Toshkent shahrida qadimiy xazina topilgani haqida xabar berilgandi. XIX asrda qurilgan imoratlardan birining yashirin yerto‘lasida qidiruv ishlari davomida topilgan xazina 80 yillar muqaddam yo‘qolgani, uning hozirgi qiymati 1 million dollardan ortiqligi aytilgandi.

Xazina topilgani haqida birinchi bo‘lib O‘zMUning kimyo fakulteti 4-kurs talabasi Muhammadbobur Yusupov ma'lumot bergandi. U Kun.uz uchun bergan intervyularida xazinaning topilishi tarixi haqida so‘zlab, izlanishlar davomida yana qadimgi buyumlar topilishi mumkinligini aytib o‘tgandi.

YouTube

Tas-IX

Bu mavzu boshqa o‘nlab saytlarda ham yoritildi va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir xazinaning qiymati haqida aytsa, kimdir topilgan joyiga qiziqdi. Bunday topilmalar mavjudligiga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham bo‘ldi.

Bugungi kunga kelib esa ushbu xazina mavjudligi haqidagi barcha gumonlar yo‘qqa chiqdi - qiymati bir necha million dollarligi taxmin qilinayotgan ulkan xazina davlatga topshiriladi.

Muhammadbobur Yusupov Kun.uz muxbiriga xazina topilgandan keyin bo‘lib o‘tgan voqealar, uni yo‘ldan urib xazinani qo‘lga kiritishga hamda chetga olib chiqib ketishga bo‘lgan urinishlar, taklif qilingan pullar va o‘tkazilgan bosim to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Xazina tarixi

— Xazinaning topilishi 3 yillik izlanishlarim natijasi bo‘ldi. Bu haqda dastlab Kun.uz nashrida e'lon qilingan edi. Xazina ertaroq topilishi ham mumkin edi. Ammo ayrim davlat tashkilotlarning ishonchsizligi va e'tiborsizligi tufayli qidirish ishlari ma'lum vaqt to‘xtab qoldi. Turli xil tarixiy manbalar asosida Toshkent shahrining qadimiy binolarida qidirish ishlarini boshladim. Bu ma'lumotlar xazinani bilgan va yashirgan odamlar tomonidan sir saqlangan. O‘sha odamlarning farzandlari va shogirdlari bilan suhbatlashildi, ma'lumotlar to‘plandi. Ushbu ma'lumotlar asosida xazina topildi va tasdiqlandi.

Xazina nimalardan iborat?

— Noyob san'at asarlari, oltin kumush tanga va idishlar, burjuaziya uslubida ishlangan buyumlar Toshkent shahridagi XIX asr avliyo Yevangeliya protestantlar va xristian provaslavlar cherkovlari devorlariga ishlangan qadimiy suratlar, ikonalar, qimmatli metalldan yasalgan buyumlar. Bundan tashqari, ushbu topilmalar orasida 1918 yil Toshkentdagi knyaz Romanov saroyining noyob kolleksiyalari, 1920 yilda Toshkentga Yevropa va Sankt-Peterburgdan kelgan mashhur dvoryanlar va olimlarga, 1932-38 yillarda Stalin repressiyasi qurbonlariga tegishli bo‘lgan, shuningdek general Jo‘rabek uyidan yo‘qolgan ashyolar ham mavjud. Qolaversa, imperator Aleksandr III’ga tegishli buyumlar, yuzlab oltin tangalar ham bor. Topilmalar orasida mashhur nemis, ingliz, fransuz, italyan, yunon yozuvchi va adiblarining mashhur asarlari hamda Qur'oni karimda nomi keltirilgan payg‘ambarlar hayoti va din tarixiga oid juda noyob va qadimiy yozma manbalar bor.

Xazina topilgani e'lon qilingandan so‘ng…

— Topilgan topilmalar haqidagi ilk ma'lumotlar Kun.uz internet saytida e'lon qilingandan so‘ng bir qancha O‘zbekistondagi yuridik va mahalliy shaxslar, bundan tashqari, chet el tashkilotlarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari bir qancha takliflar bilan kelishdi. Ya'ni topilgan xazina kolleksiya tarkibidagi ayrim san'at asarlarini, ilmiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy ashyolarni juda katta xalqaro valutaga sotishimni taklif qilishdi. Ya'ni sal kam million AQSh dollari miqdorida pul taklif qilishdi. Lekin men bunga rozi bo‘lmadim. Shundan so‘ng menga xorijiy davlat fuqaroligi berilishi, dunyodagi istalgan ta'lim muassasida o‘qishni davom ettirishim, o‘sha davlatda uy-joy va ish bilan ta'minlanishim mumkinligini ma'lum qilishdi. Bunga ham rozi bo‘lmaganimdan keyin internet saytlarida xazina bilan bog‘liq ma'lumotlar yolg‘onligini targ‘ib qilish uchun turli ma'lumotlar tarqatildi. Bir necha marta menga ham ushbu ma'lumotlar yolg‘onligini tasdiqlatishga urinishlar bo‘ldi. Men bunga rozi bo‘lganim yo‘q. Albatta bu ishlarning tagida juda katta moddiy-moliyaviy va siyosiy manfaat yotadi. Shu sababli bu ulkan tarixiy topilmani qog‘oz pulga almashtirishni to‘g‘ri deb bilmadim.

Nima uchun xazina haqida rasmiy idoralar ma'lumot berishmadi?

— Xazina haqida Kun.uz saytida e'lon qilinganidan so‘ng avvaliga menga bir necha marta bu mavzuda boshqa maqola e'lon qilmaslik uchun pul taklif qilishdi. Rozi bo‘lmaganimdan so‘ng xazina haqida ma'lumotlarni soxtalashtirib hukumatga ariza yozishga undashdi. Shunda ham rozi bo‘lmadim. Shundan so‘ng ayrim tashkilotlar xazina yuzasidan soxta hisobotlar tayyorlab, mamlakat rahbariyatiga taqdim qilishdi. Lekin bu hisobotlarda menga tegishli imzo bo‘lmagan hamda mening xulosam olinmagan. Shu sababli aytishim mumkinki, bu soxta ma'lumot va xulosalarga ishonish kerak emas. Negaki, ushbu soxta ma'lumotlarda tergov hujjatlari, guvohlar ko‘rsatmalari mavjud emas, shuningdek ushbu ma'lumotni bergan shaxslar xazinani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan emas. Bundan tashqari, xazina qayerdan topilganini bilmasdan turib, ushbu ma'lumotlarni e'lon qilib yuborishgan.

Xazinani mamlakat hududidan olib chiqib ketishga urinishlar…

— Odamlar tomonidan ham, tashkilotlar tomonidan ham xazinani mamlakat hududidan olib chiqib ketish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Bundan tashqari, xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari va mutaxasisslari ham bir necha bor urinishdi. Ammo hozirgi kunda xazinani O‘zbekiston hududidan noqonuniy olib chiqib ketishga urinishlar DXX idoralari va DXX maxsus bo‘linmasi tezkor tadbiri natijasida bartaraf etildi. Lekin bu degani xazinani olib chiqib ketishga urinishlar to‘xtadi degani emas. Baribir xavf saqlanib qoladi.

Ushbu suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top