8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

21:50 / 05.07.2019 13752

«Tungi hayot faqat tungi klub degani emas». «Xavfsiz shahar» uchun qonunchilik doirasida qanday amaliyotlar zarur?

Ommaviy axborot vositalarida tungi klublar mavzusi yana tilga olina boshladi. Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, deyishadi. Bu bejiz emasdek. Chunki, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tungi vaqtlarda ishlovchi restoranlar, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlarga xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha muayyan talablar qo‘yilishi to‘g‘risida ma'lum qilgan edi. Oradan hech qancha o‘tmay telegramdagi davletovuz kanalida uning faoliyatiga huquqiy yechim topilishi haqida xabar tarqatildi.

«Aytishlaricha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan tungi klublarda jamoat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilayotgan ekan. Chindan ham, tungi klublarda yuz bergan oxirgi insidentlar  sababli ushbu masala jamiyatimiz kun tartibiga chiqqan edi. Hukumat shularni hisobga olgan holda maqbul yechimni izlayotganga o‘xshaydi. Chunki, ma'lum bo‘lishicha, respublika bo‘yicha ikki yuzga yaqin tungi klublar faoliyat yuritsa-da, ularda huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha umumiy talablar belgilanmagan. Hamma o‘z bilganicha ish tutadi.

Oxirgi voqealar, ayniqsa, Yunusoboddagi «Aurum 898» tungi klubidagi hodisalar shuni ko‘rsatdiki, odamlarimiz uchun tungi klublar juda bahsli, nozik masala. Agar ushbu masala tartibga solinmas ekan, tungi klubdagi har bir holat uchun jamoatchilikning qahriga duch kelaveramiz.

Dunyo ko‘rgan yurtdoshlarimiz biladiki, eng yaxshi shahar, istaymizmi-yo‘qmi, tungi hayoti bor shahar. Tungi hayot har qanday megapolisning eng muhim atributlaridan biri sanaladi. Ayniqsa, bizga o‘xshab shahar aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan mamlakatlar uchun bu juda muhim. Koshki yoshlarni soat 23:00dan keyin uyga qamab qo‘yish bilan biror maqsadga erisha olsak. Albatta, shuni unutmaslik kerakki, tungi hayot tungi klublardan iborat degani emas.

Yana bir masala. O‘zbekiston bugun o‘z eshiklarini turistlarga keng ochayapti. Bunday paytda turistlar faqat tarixiy obidalarni ko‘rib, mazza qilib ketadi, deyish bilan ish bitmaydi. O‘zbekiston shaharlari faqat pensioner turistlarni emas, balki yosh sayyohlar uchun ham qiziq, qaynoq va jozibali bo‘lishi kerak. Faqat bitta sharti bor: tungi klub va boshqa ko‘ngilochar maskanlar atrofdagi odamlarning halovatini, oromini buzmasin, bunday joyga borgan odamning hayoti, sog‘lig‘iga birov xavf solmasin», deyiladi unda.

Xabarda ilgari surilgan takliflarga qo‘shilgan holda aytish mumkinki, chindan ham so‘nggi vaqtlarda tungi klublarda sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisalar odamlarimiz uchun bahsli, xavotirli masalaga aylandi.

Lekin, burgaga achchiq qilib ko‘rpaga o‘t qo‘yilmaganidek, tungi klublar faoliyatini cheklash, ularga maksimal darajada talablar qo‘yish qonunchilikka zid.

Birinchidan, uzzukkun faoliyat yuritadigan ayrim ko‘ngilochar maskanlarga jamoat tartibini saqlash bilan bog‘liq maksimal darajada talablar o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish vaqtini chegaralab qo‘yish tadbirkorlar huquqlari cheklanishiga va ular orasida turli rezonans holatlarning paydo bo‘lishiga olib keladi, shuningdek, turistlar uchun qulay sharoitlar yaratishga to‘sqinlik qilishi va mamlakatimiz turizm reytingiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Ikkinchidan, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlariga muayyan ko‘rsatmalar yoki farmoyishlar berish bilan bog‘liq normalarni Qonun bilan belgilash talab etiladi.

Uchinchidan, bordi-yu tungi vaqtlarda ishlovchi restoranlar, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlarga qat'iy va maksimal darajada talablar o‘rnatilsa, tadbirkorlik sub'yektlari o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlash va cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish borasidagi huquqini cheklovchi normalarni vujudga keltiradi. Bu o‘z navbatida, huquqiy demokratik davlat tamoyillariga ham nomutanosib. Bunday vaziyatda yetti o‘lchab bir kesgan ma'qul, muhimi, six ham, kabob ham kuymasin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda respublika bo‘yicha 184ta umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlar tungi vaqtda faoliyat yuritmoqda (shundan 52tasi Toshkent shahrida, 48tasi Samarqand shahrida). Ularda huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta'minlash yuzasidan umumiy talablar belgilanmagan. Birgina Toshkentning o‘zida tungi klublar yaqinida qotillik yoki tan jarohati yetkazish bilan yakunlangan 7ta jinoyat sodir etilishi xavfsizlik choralari ko‘rilmagani natijasidir.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov uchini chiqargan hujjatda ana shu jihatlar o‘z ifodasini topgan deb, umid qilamiz. Yo‘qsa, tungi klubdagi har bir holat uchun jamoatchilikning qahriga duch kelaveramiz.

Darvoqe, yanglishmasak, shu yilning fevral oylarida Ichki ishlar vazirligi tomonidan bu bo‘yicha hujjat tayyorlagan va normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan. Loyiha yuzasidan aksariyat fikr bildiruvchilar tungi klublarda huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta'minlashni ilgari surgan edi. Hukumat shularni hisobga olgan holda maqbul yechimni izlayotgan bo‘lsa kerak, deb yaxshi gumonda bo‘lamiz.

Tungi klublar mavzusi qizg‘in muhokama qilingan kunlarda tomonlar ikki qutbga bo‘lingan edi. Mas'ul amaldorlardan biri cheklash yoki yopish bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini aytib, fikrini Gandining («uyimga toza havo kirishi uchun derazalarni ochsam, shabada bilan birga chang, g‘ubor va dovullar ham yopirilib kirib keladi...») umrboqiy o‘giti misolida dalillagan edi.

Xo‘sh, tungi vaqtlarda ishlovchi restoranlar, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha amaldagi qonunchilik doirasida qanday amaliyotni joriy qilsa bo‘ladi?

Mavzuning mohiyatidan kelib chiqib, keling, so‘zimizni tungi klublarda xavfsizlikni ta'minlash borasidagi mulohazalarimiz bilan davom ettirsak.

Bilasiz, «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi ekspertlar tomonidan mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi sifatida e'tirof etilmoqda.

Nazarimizda, mazkur tizimni umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlar faoliyatiga ham tatbiq qilish mumkin. Aytaylik, tungi klublarga tasvirni uzoq muddat saqlash quvvatiga ega bo‘lgan videokuzatuv kameralari o‘rnatilsa, u yerga boruvchi odamlarning hushyorligini oshiradi.

Agar kuzatgan bo‘lsangiz, aksariyat tungi klublarning yon-atrofi qorong‘i. Bu bezori va jinoyatga moyil kimsalar uchun ayni muddao. Shu ma'noda, tungi vaqtda faoliyat yurituvchi obektlarning yon-atrofi, avtoparki va ularga tegishli boshqa hududlarni yetarli darajada yoritish vositalari bilan ta'minlash maqsadga muvofiqdir.

Ko‘ngilochar maskanlar aholi turar-joy binolariga yaqin yoki tutash joylashgan. Yurtimiz aholisi va mehmonlariga hordiq chiqarishi uchun qulaylik yaratish hisobiga boshqa odamlarning osoyishini buzish yaramaydi. Shu maqsadda tungi vaqtlarda ishlovchi restoranlar, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlar to‘liq tovush o‘tkazmaydigan moslamalar bilan jihozlansa, ayni muddao bo‘lar edi. Shuningdek, texnik va tabiiy jihatlar inobatga olinib, tungi klublar yong‘in o‘chirish vositalari hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalar bilan ta'minlansa, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Demoqchimizki, tungi vaqtlarda ishlovchi restoranlar, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlar bo‘yicha qabul qilinadigan hujjat mazkur sub'yektlar uchun qulay sharoitlarni yaratishi, ularda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklar oldini olish choralarini kuchaytirishga xizmat qilsin.

Elchin Nafasov

Top