9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

16:03 / 06.07.2019 30154

IIV Samarqanddagi tramvayda sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi

Foto: Videodan kadr

2019 yilning 5 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda niqobli shaxs tramvaydagilarning yuziga suyuqlik sepib qochdi” nomi bilan tarqatilgan video Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, ushbu holat shu yilning 4 iyul kuni Samarqand shahrida “Temiryo‘l vokzali-Sartepa” yo‘nalishidagi 1-tramvay “Choy qadoqlash fabrikasi” bekatida to‘xtab turgan vaqtida sodir etilgan. 

Holat yuzasidan so‘ralgan tramvay haydovchilari va tramvay pattachisi shu kuni tramvay bekatda to‘xtaganida, yuziga tibbiyot niqobi taqqan shaxs kirib, tramvaydagi yo‘lovchilarga suyuqlik sepib qochganligini, shunda yo‘lovchilar tramvaydan yugurib chiqqanligini, salonni ko‘rishganda 4 nafar yigit hushini yo‘qotib, o‘zlarini tramvay saloni poliga tashlaganliklarini, shunda yordam berish maqsadida yigitlarning oldiga borganlarida, ular birdaniga o‘rnilaridan turib, yugurib qochib ketganliklarini ma'lum qilishgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida, tramvay ichidagi yo‘lovchilarning yuziga noma'lum suyuqlik (aerozol) sepgan holda, yo‘lovchilarning hushidan ketishini “sahnalashtirish” holati Samarqand shahrida yashovchi o‘zaro tanish bo‘lgan 8 nafar voyaga yetmagan shaxslar (5 nafari o‘g‘il bola, 3 nafari qiz bola) tomonidan tashkil etilganligi va ular o‘rtasida ushbu “sahna”dagi rollar o‘zaro taqsimlanganligi aniqlandi. 

Ushbu guruhdagi bir qiz “Prank” videoni tasvirga olganligi va uni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganligi sababli, unga tegishli “Ayfon-6S” rusumli telefon apparati tekshirib ko‘rishlik uchun tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Hozirgi kunda sahnalashtirilgan “Prank” videosi tashkilotchisi va barcha ishtirokchilarining shaxsi aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Bundan oldin, Samarqandda tramvaydagi yo‘lovchilar yuziga suyuqlik sepib qochish o‘smirlarning pranki bo‘lib chiqqani, ular kechirim so‘rashgani xabar qilingandi.

Top