8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

08:02 / 06.07.2019 19118

Samarqandda O‘zbekistondagi eng katta harbiy poligon qurilyapti

Markaziy harbiy okrugidagi «Kattaqo‘rg‘on» poligonida Samarqand viloyati harbiy-ma'muriy sektori bilan hamkorlikda hududi va salmog‘i jihatidan O‘zbekistondagi birinchi raqamli harbiy poligon barpo etilyapti. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma'lum qildi.

Kattaqo‘rg‘on shahridan 200 km uzoqlikdagi poligonda olib borilayotgan qurilish ishlari joriy yilning 25 may kunidan boshlanib, shu vaqtga qadar 13 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan. Yana shuncha mablag‘ hisobidan poligon hududida 16 ta harbiy va ijtimoiy obektlarda kapital ta'mirlash hamda 4 ta yangi binoni jihozlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga 1200 nafar harbiy xizmatchi uchun yotoqxona barpo etilgan.

Jangovar texnikalar parkida 150 dan ziyod harbiy texnikalar uchun ochiq maydon hamda yopiq binolar barpo etilmoqda.

Poligonning katta qismi harbiy-ma'muriy sektor yordamida, 40 ga yaqin o‘quv nuqtalari esa harbiy xizmatchilarning mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtlarda bunyod etilmoqda. Eski poligondan farqli tomoni bir vaqtning o‘zida barcha mutaxassisliklar hamda qo‘shin turlari bir-biriga xalaqit qilmay o‘z istehkomlaridan mashg‘ulotlarga kirishadi. 

Bundan tashqari, dala maydonida real jang manzarasini gavdalantirish maqsadida aviatsiya zarbalari uchun harbiy hisobdan chiqarilgan 18 ta tank va texnikalar, shuningdek, artilleriya bo‘linmalar uchun maxsus nishonlar qo‘yilgan. Jangovar texnikalardan otish yo‘nalishlarida zamonaviy jang taktikasidan kelib chiqib, qisqa soniyalarda manyovr qo‘llash obektlari qurilyapti. Barcha kuch-vositalarini boshqarish, hamkorlikdagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 qavatdan iborat qo‘mondonlik kuzatuv minorasi barpo etilmoqda. Kelgusida O‘zbekiston mezbonlik qiladigan Xalqaro musobaqalarni ba'zilari ham aynan mana shu poligonda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, poligonda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish maqsadida optik tolali kabellar tortildi. Yer ostidan suv qazib chiqarildi. Okrug boshqaruv apparati tashabbusi bilan askarlar uchun ko‘rgazmali o‘quv shaharcha bunyod etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dala o‘quv maydonlari bo‘yicha Markaziy harbiy okrugiga qarashli “Kattaqo‘rg‘on” va “Forish” birinchi va ikkinchi o‘rinda, “Farg‘ona” poligoni esa uchinchi o‘rinda turadi.

Top