11:30 / 07.07.2019
48752

Foto: Qozog‘istonda navbatdagi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

Foto: Vlast.kz

Qozog‘iston politsiyasi 6 iyul kuni Olmaotadagi namoyishlarda 100ga yaqin kishini qo‘lga oldi, Nur-Sultonda ham ruxsat etilmagan norozilik aksiyalarida ishtirok etgan 100 nafarga yaqin kishi ushlangan. Bu haqda HOLA News xabar bermoqda
 
Vlast.kz xabariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar o‘nlab avtozaklarda olib ketilgan.

Foto: Vlast.kz

«Radio Azattyk» xabariga ko‘ra, Olmaota va Chimkentda mos ravishda 70 va 40 nafardan kishi qo‘lga olingan, Nur-Sultonda ham yana o‘nlab kishilar ushlangan. Nashrning qayd etishicha, Olmaotada qo‘lga olinganlardan biri «Shal, ket!» («Chol, yo‘qol!») deya hayqirgan.

«Interfaks» nashri esa o‘z manbasiga asoslanib Olmaota va Nur-Sultonda qo‘lga olinganlar soni 250 nafarni tashkil etgani to‘g‘risida xabar bergan.

Foto: REUTERS/Pavel Mikheyev

Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ushlanganlardan ayrimlarida travmatik qurol va tutun chiqaruvchi shashkalar topilgan. Politsiyadagilar qo‘lga olish jarayoni «maksimal darajada sipolik bilan» olib borilganini qayd etgan. IIV qo‘lga olinganlar soniga aniqlik kiritmagan.

Foto: REUTERS/Pavel Mikheyev
Foto: REUTERS/Pavel Mikheyev

Hukumatga qarshi mitinglarni mamlakatda man etilgan «Qozog‘iston demokratik tanlovi» harakati tashkilladi. Namoyishchilar muammolari haqida aytish uchun ko‘chalarga chiqqanini bildirmoqda.

9 iyun kuni Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Saylovda Nursulton Nazarboyevning izdoshi Qosim-Jo‘mart To‘qayev g‘alaba qozongan. Mamlakatni 30 yilga yaqin vaqt davomida boshqargan Nazarboyev 2019 yil martida iste'foga chiqqandi.

Qozog‘istonda saylovlar kunida ham muxolifat vakillarining namoyishlari o‘tkazilgan, mitinglar davomida odamlar saylovni boykot qilishga chaqirilgandi. O‘shanda politsiya qariyb ming kishini qo‘lga olgandi.

Mavzuga oid
Top