8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

13:00 / 07.07.2019 52743

Qabul – 2019. Navbatlar va to‘lov kassalari

Shu yilning 15 iyunidan respublikadagi barcha OTMlarda qabul komissiyalari o‘z ishini boshladi. 2019-2020 o‘quv yili qabulida abituriyentlar uchun bir qator imtiyoz, qulayliklar va yangiliklar yaratilgan. Jumladan:

  • Yangi o‘quv yilida yangi tashkil etilgan 16 OTMda (8 tadan xorijiy va mahalliy OTM) qabul boshlangan;
  • OTMlarga qabul kvotalari qariyb 20 foizga oshirilib, 120 mingdan ortiq abituriyentlar talabalikka qabul qilinishi rejalashtirilgan;
  • abituriyentlarga OTMlarga o‘qishga kirishda uchtagacha bakalavriat ta'lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish imkoniyati berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PQ-4359-sonli Qarori bilan 2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasidagi OTMlariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilishning parametrlari tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra:

Bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

kunduzgi ta'lim shakliga – 80 430 nafar;

sirtqi ta'lim shakliga – 19 985 nafar;

kechki ta'lim shakliga –1 985 nafar.

magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 7 695 nafar abituriyent qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda yurtimizdagi barcha OTMlarda qabul jarayoni o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan. Bu yildan boshlab qabul jarayoniga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Abituriyentlar va ota-onalarga yaratilgan sharoit va qulayliklar, shuningdek, hujjat topshirish jarayonini ko‘zdan kechirish maqsadida Toshkentdagi bir nechta OTMda bo‘ldik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Birinchi manzilimiz, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika universiteti bo‘ldi. Universitetda qabul jarayoni boshlangan, abituriyentlar o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha hujjat topshirishmoqda.

Ammo o‘tgan yillarga nisbatan ancha soddalashtirilgan qabul jarayoni tashkil etilgan bo‘lsa-da, negadir hujjat topshirishda uzun navbatlar yuzaga kelganiga guvoh bo‘ldik.

Navbatlarga sabab nimaligini bilish maqsadida ichkariga kirdik. Xonalarda abituriyentlarni qabul qilishga barcha sharoitlar yaratilgan. Barcha kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan hamda qabul jarayoniga mas'ul xodimlar biriktirilgan.  

Texnika universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Orifjon Zaripov yuzaga kelgan navbatlar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

Orifjon Zaripov

«Universitetimizda 2019-2020 o‘quv yiliga abituriyentlarni qabul qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kompyuterlarimiz internet tarmog‘iga ulangan. Ishimizni tezlashtirish uchun qo‘shimcha xodimlar va kompyuterlarni ham tashkil qildik. Navbatlar hosil bo‘lishiga esa tarmoqda vujudga kelayotgan uzilishlar, qotib qolishlar sabab bo‘lmoqda. Ya'ni abituriyentlar soni ko‘pligi sababli, ularning ma'lumotlarini bazaga kiritishimizda uzilishlar bo‘lmoqda. Davlat Test Markazi va OTMlar o‘rtasida tarmoqda vujudga kelgan ushbu uzilish, qotib qolishlar bartaraf etilsa, navbatlar ham hosil bo‘lmas edi», deydi u.

Keyingi manzilimiz Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti bo‘ldi. Hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi bo‘lib turgan ushbu ilm dargohida odam juda gavjum va bir oz tartibsizlik yuzaga kelgandek. Ushbu OTMga ikki kun davomida tashrif buyurib, qabul jarayonini kuzatdik. Har ikki kunda ham uzun navbatlar yuzaga keldi. Shanba kuni esa OTM hududida tashkil qilingan bank kassasi ishlamayotganini, abituriyentlar to‘lov qilish uchun universitetdan tashqariga chiqishga majbur bo‘lishayotgani, bu ham navbatlar hosil bo‘lishiga ta'sir qilayotganini ko‘rish mumkin edi.

«15 iyundan universitetimizga qabulni boshladik. Shu vaqtgacha to‘qqiz yarim mingdan ortiq abituriyentlar hujjatini qabul qildik. Navbatlar hosil bo‘lishiga keladigan bo‘lsak, hujjat topshiradiganlar ko‘p. Ko‘plari ota-onasi bilan kelishmoqda. Bundan tashqari ma'lumotlarni bazaga kiritishimizda bir oz uzilishlar bo‘lib turibdi», deydi qabul komissiyasi mas'ul kotibi muovini Nusratillo Alimqulov.

Nusratillo Alimqulov

Shundan so‘ng farzandining navbatini kutib turgan ota-onalar bilan ham suhbatlashdik. Ota-onalar bu navbatlardan va universitet hududida kassalar ishlamayotganidan noroziliklarini bildirib o‘tishdi.

O‘zMU va Toshkent Tibbiyot akademiyalarida ham qabul jarayonini kuzatdik. Toshkent Tibbiyot akademiyasida abituriyentlar uchun ma'lumotlar doskasi, kutish xonalari tashkil etilgan. Umuman, qabul jarayoni yaxshi tashkillashtirilgan. Faqat abituriyentlar uchun to‘lov kassalari qabul bo‘layotgan binoda joylashtirilsa hamda DTM bazasidagi uzilish va qotib qolishlar bartaraf etilsa abituriyentlarga ham, ularning ota-onalariga ham qulaylik yaratilar, uzun navbatlarning oldi olingan bo‘lardi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, abituriyentning test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma'lumotni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan, tanlov natijasi esa test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Joriy yilda kirish test sinovlari 25 iyuldan 20 avgust kuniga qadar tashkil etiladi. 

Top