14:17 / 08.07.2019
27383

Gaz va elektr energiyasi narxini tabaqalashtirish taklif etildi

Kanada tajribasidan foydalangan holda, O‘zbekistonda aholi daromadlaridan kelib chiqib, gaz va elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan narxlarni qo‘llash taklif qilindi.

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi, moliya-energetika organlari va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishtirokchilar tomonidan aholining boy va kam ta'minlangan qatlamlari uchun alohida ta'riflar bo‘lishi kerakligi taklif qilindi.

Unga ko‘ra, kam ta'minlangan aholi daromadlarining 40-50 foizi turli soliq va to‘lovlar uchun ishlatilayotganligi sababli, ularning real daromadlari kamayib ketayotganligi, buning oldini olish va kam daromadli oilalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida gaz va elektr-energiyasi uchun to‘lovlar daromadga qarab belgilanishi kerakligi ta'kidlangan.

Energetika vazirligi vakili Farrux Hasanovning ma'lum qilishicha, bu masala bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan bo‘lib, Toshkent shahri Yunusobod tumanida sinov tariqasida amaliyotga tatbiq etilgan. Bunda aholining o‘rtacha elektr sarfi (300 kVt) hisoblab chiqilgan va normadan ko‘p elektr ishlatgan xonadonlardan ko‘proq to‘lov olinishi mumkin.

Mutasaddilarning aytishicha, aholi tomonidan elektr energiyasi isrof qilinishining oldini olish maqsadida elektr narxini oshirish va kam daromadli aholiga to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashiga ko‘maklashish uchun ularga yordam puli ajratish ham ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 iyul kuni bo‘lib o‘tgan birinchi yarim yillikda davlat budjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi energiya resurslari tariflarini optimallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgandi.

Top