00:07 / 08.07.2019
14121

Joriy yilning ilk 6 oyida 20 ta davlatda 38 jurnalist o‘ldirildi

Joriy yilning yanvaridan iyuni oxiriga qadar 20 ta davlatda 38 jurnalist o‘ldirildi. Bu haqda Press Emblem Campaign nohukumat tashkiloti xabar berdi. 

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 42 foizga pasaygan va bu ijobiy omil sifatida qabul qilingan. 2018 yilning ilk 6 oyida dunyoda 66 jurnalist o‘ldirilgandi.

Vaziyat asosan Suriya va Iroqda ixtiloflar kamaygani bilan bog‘langan. Biroq ikki davlatdagi vaziyat hanuzgacha tashvish uyg‘otmoqda: Meksikada 2019 yilning birinchi yarmida 9 jurnalist, Afg‘onistonda esa 6 jurnalist o‘ldirilgan. 

Afg‘onistonda ushbu vaziyat uchun asosiy javobgarlik terrorchilar zimmasiga yuklansa, Meksikada jinoiy guruhlar zimmasidadir.

PEC tashkiloti xalqaro jurnalistlar guruhi tomonidan 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, BMT huzuridagi maxsus maslahat beruvchi maqomiga ega. Uning faoliyatidan maqsad ixtiloflar, tartibsizliklar hududlarida yoki xavfli missiyalarda ishlovchi jurnalistlarning himoyasi va xavfsizligini kuchaytirish hisoblanadi.

Top