8578.36 USD +3.62

9628.35 EUR -119.41

134.52 RUB -1.31

10742.7 GBP -141.24

18:10 / 08.07.2019 12104

Sovitgichlar masalasi. Bozorda narx tushishi uchun nima zarur? 

Har yili qish va erta bahorda bozorda meva va sabzavotlar narxi sezilarli darajada yuqorilaydi. Buning sababi ko‘pchilikka juda oddiy tuyulishi mumkin: pishiqchilikkacha hali bor.

Narxlar dinamikasi nimani ko‘rsatadi?

Davlat statistika qo‘mitasining bergan ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yil davomida oziq-ovqat narxlari yanvar oyida maksimal o‘sish nuqtasiga – 3,5 foizga yetgan bo‘lsa, iyul oyiga kelib -2,3 foizga pasaygan. Va butun yil davomida narxlar ko‘tarilishi borasida yetakchilik har bir yirik guruhning salmoq vaznlarini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlari guruhiga taalluqli bo‘lgan.

Oziq-ovqat tovarlari orasida esa meva-sabzavot mahsulotlari iste'mol narxlari indeksi o‘sishi borasida ta'sir darajasi bo‘yicha yetakchilik qilgan.

Shuningdek, oylar tahlili bo‘yicha tovarlar narxi sezilarli darajada oshishi va tushishi ham bevosita meva-sabzavotlarning arzon-qimmatligiga bog‘liq bo‘lgan. Masalan, tovarlar narxining qimmatlashi yanvar 3,0 foiz, dekabr 2,3 foiz, katta farq bilan iyun oyida 0,6 va iyulda 0,5 foizni tashkil qilgan.

Ma'lumotga ko‘ra, 2017 yil dekabriga nisbatan 19,5 o‘sish bilan meva va sabzavot narxlarining eng yuqori cho‘qqisi 2018 yil hisobida aprelga to‘g‘ri kelgan. Eng past darajasi esa avgustda 20,5 foiz pasayishi bilan qayd etilgan.

Statistika qo‘mitasi maydan avgustgacha bo‘lgan davrni «Bozorlarning hosil bilan to‘yinish davri» deb ataydi. Va ayni shu davrda narxlar ham mo‘'tadillashadi.

Biroq oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu yil may oyida ham meva, sabzavot va kartoshkaning narxi o‘tgan yil shu paytga nisbatan bahorgi o‘zgaruvchan iqlim ta'sirida 0,4 foizga ko‘tarilgan.

«Balansni tutib turish mumkin»

Qo‘shni Qozog‘istonda meva va sabzavotlarning bozordagi ta'minotini bir xilda ushlab turish masalasiga yechim sifatida mahsulotni saqlash tizimi to‘g‘ri tashkil qilinishi ham ko‘rsatilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rivojlanayotgan mamlakatlarning ma'lumotiga tayanib, yig‘ib olingandan keyin qayta ishlash va mahsulotning ekin maydonidan so‘nggi iste'molchiga yetkazishgacha bo‘lgan tashish vaqtidagi saqlash noto‘g‘ri tashkil etilishi tufayli yetishtirilgan mahsulotning 25-40 foizi nobud bo‘ladi, deya axborot bergan.

Tabiiyki, O‘zbekistonda har yilgi hosilning qanchasi saqlanadi, bu tizim talab darajasidami degan haqli savol paydo bo‘ladi.

regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan, 17 noyabr 2018 yilda muhokamasi yakunlangan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashni rivojlantirish borasida davlat-xususiy sheriklikni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasida bu mavzuga atroflicha to‘xtalib o‘tilgan.

Hujjatda mamlakatda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash uchun sovutgichlar bilan ta'minlanganlik darajasi 3,5 foizni tashkil qilishi ta'kidlangan.

«O‘zbekoziqovqatholding» kompaniyasi axborotiga ko‘ra, respublikada 2019 yil 1 yanvar holati bilan 1 ming 507 dona, umumiy sig‘imi 760,7 ming tonnalik sovutgichlar mavjud. Bu umumiy foizda juda kam ko‘rsatkich hisoblanadi. Rivojlangan davlatlarda ayni son 40-60 foizni tashkil qiladi. Rivojlanayotgan davlatlar, jumladan, Turkiya va Eronda esa 8-12 foizni tashkil qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda ham sovutgichlar sig‘imini keyingi 3-5 yilda 8-10 foizga yetkazishni rejalashtirilgan.

«Sovutgich texnologiyalari uchun import bojxona va QQS to‘lovi qilinmaydi»

«Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashni rivojlantirish borasida davlat-xususiy sheriklikni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasida 2019 yil har bir viloyatda kamida 5 tadan, 2020 va 2021 yilda esa kamida 10 tadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarini davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirish ko‘rsatib o‘tilgan.

Ayni damda muhokamasi yakunlangan bu qaror-loyiha Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rganilmoqda. Hujjat esa hanuz imzolanmagan. 

Aytish joizki, tadbirkorlar sovutgich va muzlatkich texnologiyalarini olib kelish va o‘rnatishda qator imtiyozlarga ega:

«O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan texnologik jihozlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, Investitsiyalar va savdo vazirligi, Bojxona qo‘mitasi tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, elektr yoki boshqa turdagi sovutgichlar, muzlatkichlar va boshqa sovitish va muzlatish jihozlari import bojxona boji va QQSdan ozod qilingan.

Shuningdek, ular imtiyozli tarzda kredit olishlari ham mumkin. Ammo Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev joriy yilning 1 oktyabridan boshlab ko‘plab QQS imtiyozlari bekor qilinishini bildirgach, sovutkichlar masalasi ham mujmal bo‘lib qolgan. 

Tadbirkorlar qanday fikrda?

Narxni barqarorlashtirish va bu borada tadbirkorlarning ishtiroki, faoliyat boshlash uchun turli imkoniyatlar, sovutgichlar amaliyoti bilan yaxshi tanish bo‘lgan tadbirkorlar jamoatchilikka ma'lum bo‘lmagan fikrlarni ta'kidlab o‘tishdi.

Sunnatulla Umarov, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon tumani:

— 2 ming tonnaga yaqin sig‘imli 3ta sovutgichim bor. Shartnoma asosida fermer va tadbirkorlarning mahsulotini saqlab beramiz. Oldinlari qishda narx oshmasligi uchun o‘sha oylarda «Oziqovqatzaxira» uyushmasi tomonidan majburiy kartoshka qo‘yilardi. Biroq 1 yildan beri bunaqa majburiyat yo‘q. Chunki chegaralar bilan muammo yo‘qligi tufayli odamlar qo‘shni davlatlardan ham meva-sabzavot olib kirishyapti. 

Tasavvur qiling, tadbirkor 800 so‘mdan sabzi olib, uni to mavsum kelmaguncha saqladi, bozorda narxlar 2 000 so‘mgacha chiqishini kutdi. Biroq u yana o‘sha narxda – 800 so‘mdan sotishiga to‘g‘ri kelyapti. Bu tadbirkor singanini anglatadi. O‘rtada shuncha xarajat. Bu holat bir necha yil takrorlansa, keyin hech kim sovutgichda sabzi saqlamaydigan bo‘ladi. 3-4 yildan esa keyin muammo yuzaga kelishi mumkin. Eksportdan foyda ko‘rish masalasi ham ko‘pincha tavakkalchilikka asoslanadi. Axir tadbirkorning maqsadi foyda ko‘rish, oilasini ta'minlash, ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak.

Umarovning aytishiga qaraganda, garchi boshida «Oziqovqatzaxira» tomonidan berilgan un-yog‘ hisobiga u sovutgich uchun olingan kreditni qoplay olgan bo‘lsa ham, hozir hatto kreditni to‘lash qiyinchilik tug‘dirmoqda. Foyda esa  ikkinchi darajali masala.

— Chunki vodiyda sovutgichlar soni juda oshib ketgan. Shunday bo‘lsa-da, yana kredit olib, sovutgich qurishni xohlovchilar ko‘p. Vaholanki, vodiyda bu amaliyotda yurgan, menga o‘xshagan qancha tadbirkorning bu qishda sovutgichlari bo‘sh qoldi. Qo‘yganlar ham juda arzon-garovdan, foyda keltiradigan narxda saqlagani yo‘q, —deydi u. 

Shuningdek, agar sovutgichlar sig‘imi oshsa, pishiqchilik bo‘lmagan oylarda narx ham bitta balansda bo‘lishi mumkinmi? Yana boshqa bir xorazmlik 750 tonna sovutgich egasi Ravshan Jumaniyozovning aytishicha, 2 yildan beri ishlatayotgan sovutgichlardan bir yil hisobida ancha yuqori daromad olyapti. Ijara asosida mahsulotini saqlab berganlaridan bu yil Rossiyaga piyoz eksport qilganlar ham bor.

«Oziqovqatxolding» kompaniyasi Farg‘onada sovutgichlar sig‘imi 72,6 ming tonnaga tengligini ma'lum qiladi. Vodiy hududida (Andijonda 144,7 ming, Namanganda 62,9 ming tonna) umumiy sig‘im 280,2 ming tonna bo‘lsa, Xorazm 28 tonnalik sovutgichlar bilan ta'minlangan.

Foizlar oshirilishi maqsad qilingan, biroq ayrim tadbirkorlar foyda ko‘rmayotganini hisobga olib aytish mumkinki, bu tizimda hali mutasaddi tashkilotlar uchun o‘rganilishi va tahlil qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Aynan sovutgichlar ko‘payishi bozorda narx siyosatiga qanchalik ta'sir qiladi, mahsulotlarning qish va erta bahorda arzon bo‘lishiga sabab bo‘ladimi, bu haqda izlanish natijalari ma'lum emas. 

Zilola G‘aybullayeva

Top