08:20 / 08.07.2019
20614

Tojikistonda 13 mahbus nondan zaharlanishdan o‘ldi

Foto: AiF

Tojikistonda 7 iyulda mamlakatning shimolidan Dushanbe va janubdagi koloniyalarga mahbuslarni ko‘chirish vaqtida 13 mahbus zaharlanishdan o‘ldi. Bu haqda Tojikiston adliya vazirligining jinoiy jazolarni ijro etish bosh boshqarmasi ma'lum qildi. 

7 iyulda belgilangan rejaga ko‘ra 3 ta maxsus mashinada 128 mahbus – 120 erkak va 8 ayol Tojikistonning shimolidagi 3 ta axloq-tuzatish muassasasidan Dushanbe, Nurek va Yavanda joylashgan 3 ta  axloq-tuzatish muassasasiga ko‘chirilgan.

Dushanbega yaqin qolganda mahbuslardan biri yonidagi 3 ta nonni 16 mahbus bilan bo‘lishgan. Yarim soatdan keyin nonni yegan mahbuslar o‘zlarini yomon his qila boshlashgan, Dushanbega kelganda esa ular behush holda bo‘lganlar. 5 daqiqadan keyin voqea joyiga tez yordam mashinalari yetib kelgan. Tibbiy xodimlar 3 mahbusning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan, qolgan 13 kishi o‘lgan.

O‘lgan mahbuslar ro‘yxati e'lon qilingan. Ulardan eng kichigi avgustda 20 yoshga to‘lishi kerak bo‘lgan, eng kattasi esa 42 yoshda bo‘lgan.

Qolgan 115 mahbus hech qanday shikoyatlarsiz belgilangan axloq-tuzatish muassasalariga joylashtirilgan.

Tojikiston bosh prokuraturasi ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Shuningdek, maxsus tergov guruhi tuzilgan, sud-tibbiyot ekspertizasi belgilangan. Ishning borishini shaxsan bosh prokuror o‘z nazoratiga olgan.

Top