11:24 / 09.07.2019
46513

«Nima uchun Afg‘onistonga elektr energiyasi sotamiz?» - Energetika vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

So‘nggi kunlarning eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzusi elektr-energiyasi narxining liberalizatsiya qilinishi, ya'ni bozorga moslanishi, oddiy til bilan aytganda oshishi bilan bog‘liq. Bu mavzu «Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish» nomli maqola orqali saytimizda ham atroflicha yoritildi. Xo‘sh, aksariyat aholining ko‘ngli to‘lmaydigan bu islohotdan qanday maqsad ko‘zlangan?

Mavzuga oid savollarga javob olish uchun O‘zbekiston respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev bilan suhbatlashdik.

– Sherzod aka, sohaga kiritilayotgan subsidiyalar hajmi qay darajada? Ular qachon butunlay to‘xtatiladi? Elektr energiya tarmog‘i to‘liq erkinlashtirilishi, davlat umuman aralashmaydigan mutlaq erkin bozor qachon yuzaga keladi?

– Hamma gap subsidiya deganda nimani tushunishda. Sohamiz o‘z xarajatini o‘zi qoplaydi, ya'ni zararga ishlamaydi, bevosita davlatdan qandaydir mablag‘ olmaydi. Ammo tizimni modernizatsiya qilish, eski uskunalarni almashtirish, yangi loyihalarni ishga tushirishda albatta davlat mablag‘lari yordamga keladi. Mahsulot tannarxi va sotuv narxi o‘rtasidagi tafovutga kelsak, ayrim korxonalarimizda tannarx hatto sotuv narxidan ancha qimmat, ayrimlarida arzon. Lekin umumiy miqyosda olinsa, bir-biriga mutanosib keladi.

Shu savolga aloqador bir holatni aytsam. Agar energiya ishlab chiqarish hududi bilan unga eng ko‘p ehtiyoj bo‘lgan (ya'ni aholi zich, ishlab chiqarish yuqori) hududlarni solishtirsak, ikki xarita bir-biridan keskin farq qiladi.

– O‘zi bu sohaga davlat mutlaqo aralashmaydigan, to‘liq talab va taklifga asoslangan biror mamlakat bormi?

– Qiziq savol. Javobi – yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emas. Sababi aniq, elektr energiyasi hanuz ko‘p jihatdan foydali qazilmalarga bevosita bog‘liq va ular tabiiy monopoliyalar hisoblanadi. Shunday ekan, qanday qilib davlat aralashuvisiz ish olib borish mumkin? Hammasi davlat aralashuvi qay daraja ekanligida. Mana yaqinda Turkiyada ayni shu mavzu yuzasidan yirik xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi va bu davlat tajribasi ko‘pchilikka misol tariqasida keltirildi. Davlat soha rivoji uchun hammaga qulay va teng imkoniyatlar yaratadi, lozim bo‘lgan joyda o‘z kafolatlari bilan yordamga keladi. Misol uchun, tabiiy boyliklarning kafolatlangan ta'minotini yaratadi, xarid tizimi uchun huquqiy asosni yo‘lga qo‘yadi. Eng muhimi, yangi yo‘nalish bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishni har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.

Biz ham ana shu yo‘nalishda ishlashimiz lozim. Masalan, hozir shu darajaga yetdikki, quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqaruvchilarni faqat tanlov asosida bozorimizga kiritamiz, ya'ni talabgor ko‘p. Endi ulardan qaysi birigadir noqulay hududdan kam maydon bersak, tabiiyki mahsuloti tannarxi oshib ketadi va raqobatga dosh bera olmaydi, qulay, ya'ni quyoshli hududdan katta maydon ajratsak, o‘z-o‘zidan narxlar tushadi. Islohotlardan ana shunday teng imkoniyatlar yaratish maqsadlari ham ko‘zlanadi.

– Yunusobod tumanida sinov tariqasida joriy qilingan tariflash tartibi qanday natijalar berdi? Dastlabki tahlil mavjudmi?

– Bu kichik bir hududda sinov tariqasida joriy qilindi va bemalol aytish mumkinki o‘zining ijobiy samarasini berdi. Sababi elektr energiyasiga ma'lum limit belgilangan, ortganiga qimmatroq to‘lash shart qilib qo‘yilgan xonadonlarda sarf ancha kamaydi. Chunki bozor mexanizmi bu, hamma o‘z cho‘ntagini o‘ylashi tabiiy. Shunday ekan, nega butun respublika bo‘yicha qo‘llash yo‘lga qo‘yilmayapti, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu loyihaning hamma tushunishi kerak bo‘lgan nozik jihati bor. O‘zbekiston faqat poytaxt yoki boshqa yirik shaharlardangina iborat emas. Aytaylik, Toshkent shahri uchun bu loyiha to‘g‘ri kelishi mumkin, misol tariqasida bir oilaga oyiga 200kVt*soat ijtimoiy narxda, bundan ortgani uchun tijoriy narxda haq undirsak. Limit oilaga yetishi mumkin, ortiqchasini «boylik uchun sarf» deylik, ya'ni bundan ortig‘i zaruriy ehtiyojlar uchun sarflanmagan. Ammo qishloq joylarda vaziyat butunlay boshqacha. Qishda issiqlik tizimi yo‘q, gaz yo‘q, ko‘mir, o‘tin tanqis. Bunday paytda qishloq aholisi nima qiladi? O‘sha «svet» bor paytida uyni isitib olishga, ovqatini tayyorlashga majbur bo‘ladi va o‘z-o‘zidan limitdan o‘tib ketadi. Xo‘sh, biz bu holatda bir mamlakatning ikki xil sharoitdagi aholisiga bir xil talabni qo‘ya olamizmi? Mana bunisi endi katta savol.

– Aholi soni oshib bormoqda, ishlab chiqarish ko‘paymoqda, energiyaga talab ko‘tarilmoqda. Buni hammamiz bilamiz. Bu ketishda doimiy tanqislik holatiga tushib qolmaymizmi?

– Menda respublika bo‘ylab energiya sarfining har yillik, oylik va hatto kunlik tahlillari mavjud. O‘tgan yilning ayni shu kunlari bilan solishtirganda respublika bo‘yicha sarf 6-6,5 foizga oshganini kuzatish mumkin. Tasavvur qilish uchun aytaylik, bir yil ichida bizga xuddi Surxondaryo kabi bir viloyat qo‘shilyapti. Ammo tan olaylik, uzilishlar nisbatan kamaymoqda-ku? Albatta, sohada kamchiliklar ko‘p, tanqidga hamisha nishon bo‘lamiz. Lekin yutuqlarimiz ham talaygina. Qator elektrostansiyalarni ishga tushiryapmiz, 2030 yilgacha rejamizni aniq tuzib olganmiz. 2019 yilning o‘zidagi rejalarimiz bilan tanishsak: Namangandagi To‘raqo‘rg‘on elektrostansiyasi – yillik 900 megavatt, Navoiy ikkinchi bug‘-gaz elektrostansiyasi – 450 megavatt, Taxiatosh – 230 megavattli birinchi blogi bu yil, 280 megavattlisi 2020 yilning birinchi choragida ishga tushadi.

Yangi qurilmalar ishga tushiryapmiz, zamonaviy gaz qurilmalar o‘rnatyapmiz, ularning foydali ish koeffitsiyenti 50-55 foiz. Sovetlar paytidagidan qolgan stansiyalarimiz 30 foiz atrofida. Demak tizim yirik modernizatsiyaga muhtoj. Investorlar shuning uchun zarur, ular uchun liberal narxlarni yo‘lga qo‘yib berishimiz kerak. Islohotlardan maqsad bu tizim orqali daromad qilish emas, balki xalqimiz, tadbirkorlarimiz ehtiyojini qondirish. Shunday paytda xalqimizdan ham, ishbilarmonlardan ham imkon qadar energiya tejovchi qurilmalardan foydalanishni iltimos qilgan bo‘lardim.

– Ikki yilcha muqaddam sohaga oid anjumanlardan birida aholi tomonidan aholi va tadbirkorlardagi katta qarzdorlik, yuzlab milliardlar haqida gapirilib, shu mablag‘lar undirilsa, investorga ham ehtiyoj qolmasligi aytilgandi? Shundan keyin MIB tuzildi. MIBning faoliyatingizda ijobiy ta'siri bo‘ldimi?

– Bo‘ldi. Sababi yig‘imlar miqdori oshdi, to‘lov madaniyati yaxshilandi. Eng muhimi, noqonuniy ulanishlar soni keskin kamaydi va bunday holatlar bilan shug‘ullanuvchi yaxlit tashkilot paydo bo‘ldi. Oldin ham qoidalar bor edi, lekin javobgarlikka tortuvchi tashkilot aniq emas, borlarining vakolatlari to‘liq emasdi. Lekin baribir xalqimiz to‘lovlar masalasiga jiddiy e'tibor berishlari kerak.

– Ko‘pchilikni qiziqtirgan savol: nima uchun biz elektr energiyasini Afg‘onistonga sotamiz? O‘zimizda tanqis bo‘lgan mahsulot, puli to‘lanmaslik xatari kabi jihatlar hisobga olinmaydimi?

– Bu yerda ikki tomon ko‘zlanadi. Siyosiy tomon. O‘zbekning qadimiy maqoli bor – qo‘shning tinch, sen tinch. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun eng ko‘p jon kuydirayotgan davlatlardan biridir. Agar notinchlik kuchaysa, istaymizmi yo‘qmi, biz hududga qo‘shimcha e'tibor qaratishimiz kerak, ya'ni nimadandir yutganimiz bilan nimanidir yutqazamiz.

Ikkinchisi masalaning iqtisodiy tomoni – Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi umumiy ishlab chiqarishimizning ikki foizini ham tashkil qilmaydi, ya'ni ko‘p emas. Qolaversa, biz o‘zimiz xarid qilayotgandan qimmatroq narxda sotamizki bu ma'lum miqdorda daromad olib keladi. Ko‘pchilik o‘ylaganidek to‘lov xatari ham yo‘q – Afg‘oniston oyma-oy, o‘z vaqtida, oldindan to‘lov qiladi. To‘g‘ri, ularda aholidan yig‘im ko‘rsatkichi 40 foizni ham tashkil qilmaydi. Lekin donor davlatlar ko‘magi bilan hech qachon qarz bo‘lib qolishmaydi.

Bundan tashqari, hozir Surxon–Puli-Xumri yo‘nalishida 201 kilometrli yirik uzatish liniyalari loyihasi ustida ham ishlayapmizki, buning qurilishi bizning ishchilarimiz tomonidan amalga oshiriladi. 2022 yilda ishga tushadigan loyihaga ko‘mak berish uchun O‘zbekiston tomonidan 45 mln AQSh dollari miqdorida chegirma beriladi, ya'ni biz bu qurilishidan daromad olmaymiz. Loyiha ishga tushgunicha biz kelajakda ishlab chiqarish hajmini ham oshiramiz va eksportni ko‘paytiramiz.

Yana bir jihat – mamlakatimiz o‘z geografik, geopolitik joylashuvi bo‘yicha juda qulay davlat hisoblanadi. Kelajakda shunday tizim yaratamizki, energetik xabga aylanib, tranzitdan katta daromad olamiz va muhimi barcha mamlakatlar bundan manfaatdor bo‘lishadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Top