18:15 / 09.07.2019
4872

Sayyor qabulda 6 fuqaro jazoni o‘tash muassasasidan oilasi bag‘riga qaytarildi, 34 kishi jazoni o‘tashdan shartli ravishda ozod qilindi  

Oliy sud rahbariyati tomonidan viloyatlarda muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan sayyor sud majlislari va aholi bilan ochiq muloqotlarda fuqarolarning ko‘plab muammolari qonuniy yechimini topmoqda.

Oliy sud matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 6-7 iyul kunlari Oliy sud raisi o‘rinbosari X. Yodgorov va Oliy sud sudyalari, viloyat sudi raislari tomonidan Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani va Termiz shahar xalq qabulxonalarida xalq bilan ochiq muloqot va sayyor qabullar o‘tkazildi. Sayyor qabulda 108 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. 

Shundan 23 nafar fuqaroning shikoyat arizasi nazorat tartibida o‘rganish, 7 nafar fuqaroning arizasi esa, viloyat va tumanlararo sudlarida ko‘rib chiqish uchun qabul qilib olindi. 38 nafar fuqaroga murojaati yuzasidan qonuniy tushuntirish berildi. 40 nafar fuqaroning muammosi joyida hal qilindi: 6 nafari (1 ayol va 5 erkak) jazoni o‘tash muassasasidan ozod qilinib, oilasiga qaytarildi. 34 nafar shaxs axloq tuzatish ishi, ozodlikdan cheklash kabi jazoni o‘tashdan shartli ravishda ozod qilindi.  

Bundan tashqari, sayyor qabullar jarayonida viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” markazi xodimlari bilan hamkorlikda notinch oilalar a'zolari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Ochiq muloqotda oilaning muqaddasligi, farzand tarbiyasida tutgan o‘rni haqida batafsil tushuntirish berildi va “Farzand omonat” va “Ota” nomli videofilmlar namoyish etildi. Natijada 6 ta nizoli oila tiklandi. Shuningdek, murojaatchilarning aliment undirish, bolalar tarbiyasi va uy-joy  bilan bog‘liq muammolari hal etildi.

Top