8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

17:15 / 10.07.2019 2945

AQSh kosmik kemalar muhandisi: o‘zbek xotin-qizlari ham professional ilm egalari bo‘lishi mumkin

NASA eksperti, fazo kemalari muhandisi Kamil Alleyn O‘zbekistonga tashrifi davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida bir qator ilmiy xodimlar va fandagi o‘zgarishlarni kuzatib boruvchi auditoriya vakillari bilan suhbatlashdi.

Kamil Alleyn - ta'limiy yo‘nalishda ham doktorlik darajasiga ega, shuningdek, xalqaro xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash loyihalari asoschisi. Ayni paytda bir qancha xususiy korxonalarning oyga o‘z kemalarini jo‘natishni maqsad qilgan Luna exploration dasturi yetakchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ta'kidlashicha, yaqin orada u o‘z xususiy raketa kompaniyasini ochishni ham maqsad qilgan.

Muhokamada Kamil Uordrop Alleyn xotin-qizlar mavzusiga daxldor eng asosiy masalalardan biri – gender tengligi haqida to‘xtalib o‘tar ekan:

«Siz kimyoni, matematikani hammadan zo‘r o‘zlashtirishingiz mumkin. Yuqori darajada professional ilmiy xodim bo‘lishingiz ham hech gap emas», — deya davradagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatladi.

«Statistikaga e'tibor qaratishingizni so‘rayman: hatto AQShda ham fan va injyenering sohasida ayollar bor-yo‘g‘i 23 foizni tashkil qiladi. Bu biz nimanidir yaxshiroq qilishimiz kerak deganidir. Hukumat siyosati ham gender tengligida juda muhim rol o‘ynaydi. Ba'zida «Shu xonada ovoz berayotganlar orasida qancha ayol kishi bor», degan savolni ham berib turish kerak», —deydi u.

Davrada yana bir mavzu – intellektual migratsiya haqida ham so‘z bordi. Qatnashchilarning bir qismi iqtidorni yuzaga chiqarish uchun investitsiya muhim degan fikrda bo‘lsa, AQSh elchixonasi matbuot kotibi Syuzanna Vud intellektual mulk huquqi ko‘p narsani tartibga solishga yordam berishi mumkinligi haqida aytdi.

NASA xodimasining fikricha, intellektual migratsiyaga mavjud sharoit qiziqishlar uchun to‘liq imkon bera olmasligi ham sabab bo‘ladi.

Ilm olish uchun sharoit inson rivojida muhim omilligi haqida fikr bildirganda AQSh eksperti Amerikada ham ba'zida kollejni tugatish arafasida turgan ayrim qizlar diplom olish arafasida bir necha ming dollar to‘lash imkoni bo‘lmagani uchun o‘qishni tashlashga majbur bo‘lishlarini misol keltirdi.

Deyarli ko‘plab davlatlarda mavjud umumiy vaziyatni hisobga olgan holda, missiyasining bir qismi dunyo bo‘ylab fazo ilmiga qiziqqan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lgan Kamil xonim bu borada juda faol bo‘lishga, yoshlarga ko‘proq ilhom berishga harakat qiladi.

Yosh o‘qituvchilardan birining qanday qilib o‘quvchilarni aniq fanlarga qiziqtirish mumkin degan savoliga u:

«Bola nimani yaxshi ko‘rishini aniq bilish kerak. Lekin u fizika nimaligini bilmasa,qanday qilib bu fanga mehr qo‘yishi mumkin? Dastlabki tasavvur paydo bo‘lishi uchun u chiroq bilan, turli tovushlar bilan o‘ynab ko‘rishi kerak. Kimyomi, fizikami, astronomiyami o‘quvchi o‘z ko‘zi bilan ko‘ra oladigan eksponatlar bo‘lishi kerak. Aynan O‘zbekiston imkoniyatini bilmaganligim sababli o‘qituvchilarga NASA veb-saytidagi turli yosh toifalarida o‘qitish imkonini beruvchi dasturlardan foydalanishni tavsiya qilaman», —- deya javob berdi.

Erkin muhokamada fazo ilmiga oid turli qiziqarli mavzularda, masalan, o‘zga sayyoralarda tirik jonzotlar bormi, xitoyliklar sun'iy oy yasay oladimi kabi savollar ham berildi.

Yakunda esa Kamille Alleyne xalqaro yosh xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash loyihasida ishtirok etishni xohlovchilarga bu dastur bo‘yicha dunyoning 10 ta davlatida mentorlar faoliyat yuritishini, ular ham motivatsiya ishlari va nomzodlarga yordam berish bilan shug‘ullanishlarini ma'lumot sifatida aytib o‘tdi.

Top