8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

17:17 / 11.07.2019 12495

Deputat: «Ko‘chmas mulkni turar joy qurish uchun buzish davlat va jamiyat ehtiyojiga kirmaydi»

Illyustrativ foto

Murojaatlar tahlili joylarda davlat va jamiyat ehtiyoji uchun ko‘p qavatli uy-joy quramiz, degan asos bilan kompensatsiya va zararlar qoplanmay turib yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulklari ommaviy ravishda buzib tashlanish holatlari avj olib borayotganligini ko‘rsatmoqda, deb yozadi deputat Rasul Kusherbayev Facebook’dagi sahifasida.

“Afsuski, bu tizimli kasb etib boryapti. Biroq hech qachon yoddan chiqarmaylikki, aholi uchun ko‘p qavatli uy-joy qurish davlat va jamiyat ehtiyojiga kirmaydi.

Shu o‘rinda, xalqimiz suyanchiga aylangan Prezident Sh.Mirziyoyevning shaxsan tashabbusi bilan o‘zboshimchalik bilan fuqarolarning ko‘chmas mulklari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilingan bir nechta normativ hujjatlarni eslatib o‘tmoqchiman. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 01.08.2018 yildagi PF-5495-sonli “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandida 2018 yil 1 sentyabrdan:

- davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi;

- yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi;

- jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma'muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi belgilangan.

Farmonning 3-bandida esa davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yilishi belgilangan:

- mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;

- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

- foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

- avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

- aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Shuningdek, Yer kodeksi, Shaharsozlik kodeksidan tashqari Vazirlar Mahkamasining 29.05.2006 yildagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizom”ning 3-1 bandida ham ushbu talablar keltirib o‘tilgan. 

Turar-joy qurmoqchi bo‘lgan tomon mulk egasi bilan kelishib, mulk egasi ixtiyoriy (zo‘rlik bilan emas) rozi bo‘lganda taqdirdagina mulk buzilishi mumkin. Sudlarimiz bunga alohida e'tibor qaratishlari kerak.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ayrim hokim va mas'ullarning “bu joyga turar joy qilaman, palonchi firma qurib beradi, men qonun, men farmon, men qarorman, istagan yeringga bor”, deya olib borayotgan ba'zi “buz-buz” ishlari avvalo mamlakat Prezidenti, Konstitutsiya va qonunlarning kafolatchisi olib borayotgan siyosatga zid, qonunlarni oyoqosti qilish va o‘z xalqiga behurmatlik bilan barobardir”, - deb yozadi R.Kusherbayev.

Top