8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

16:18 / 11.07.2019 178419

Ismoil Jo‘rabekov: «Islom Karimov O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi ko‘prikni portlatish haqida buyruq bergandi»

Foto: AFP Photo/Farshad Usyan

1990 yillarda davlat agrosanoatini boshqargan, 1994-1998 yillarda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan, 2000-2004 yillarda esa O‘zbekiston prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan Ismoil Jo‘rabekov O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi ko‘prik haqidagi o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda O‘zA yozyapti.

Ismoil Jo‘rabekov

Quyida uning xotiralari taqdim etiladi:

Bu voqeani aslo unutmayman. Chunki men uchun eng dahshatli va ayni paytda eng quvonchli xotiraga aylangan. Dahshatli deyishimning boisi, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti marhum Islom Karimovning buyrug‘ini bajarmaganim edi.

Xotiram pand bermagan bo‘lsa, o‘sha kuni ertalab edi. Islom Karimov huzuriga chaqirib, Amudaryo ustiga qurilgan ko‘prik ustida bo‘layotgan ayanchli vaziyatni qisqacha tushuntirdi-da, maxsus tuzilgan komissiyaga rahbar etib tayinlanganimni, hoziroq voqea yuz bergan joyga yetib borib, ko‘prikni egallab olgan afg‘onistonliklardan tozalashimni va uni darhol portlatib yuborishimni qattiq tayinladilar.

Bu payt men O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlar edim. Rostini aytsam, o‘sha paytda ko‘prik ustidagi vaziyat haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan holatimda bunday muhim topshiriqni menga ishonib topshirgani uchun xursand bo‘ldim. Axir ne-ne generallar, vazirlar va boshqa yuqori lavozimli shaxslar bor edi-da.

Komissiyaga kimlar kiritilganini bilgach, “bajaraman!” deya yo‘lga tushdim. Ko‘prik to‘g‘risida ancha ma'lumotga ega edim. U sobiq Sovet ittifoqining O‘rta Osiyodagi eng katta va qurilishi salkam to‘rt yil davom etgan ulkan inshootlardan biri edi. 1970 yillarda qurilishi boshlangan bo‘lsa, 1974 yilga kelib foydalanishga topshirilgan.

Mazkur ko‘prik orqali nafaqat qo‘shni respublikalarning, balki butun Yevropa mamlakatlarining Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatiladigan insonparvarlik yordamlari: oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechaklar ortilgan transport vositalari o‘ta boshlagan edi.

Shuning uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim obekt sanalardi. Bizning askarlar tomonidan jiddiy qo‘riqlanardi. Boisi afg‘on yurtida fuqarolik urushlari to‘xtamagan, har xil guruhlar, to‘dalar paydo bo‘lib, hokimiyat uchun kurash olib borar, buning oqibatida oddiy odamlar jabr-sitam ko‘rardi.

Xalqning tinchini buzgan, uy-joyini, mol-mulkini xonavayron qilgan, hatto tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan jangarilarning ayovsiz xatti-harakatidan afg‘on xalqi bezib qolgan, ular ayni paytda qo‘shni respublikalarning aholisini ham tashvishga solib qo‘ygandi.

Bundan, avvalo, O‘zbekiston xavotirda edi. Ishga tushirilgan yangi ko‘prik o‘zbek va afg‘on xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishi bilan birga, ancha tashvishga ham solgandi.

Ma'lumki, dunyo bo‘yicha yetishtirilayotgan giyohvand moddalarning eng ko‘p qismi Afg‘onistonda o‘stirilar va o‘nlab maxfiy yo‘llar orqali turli davlatlarga tarqatilardi.

Bu baloning yo‘lini to‘sishga hali jiddiy kirishilmagan edi. Buning ustiga, mustaqillikka erishganiga bor-yo‘g‘i olti-yetti yil bo‘lgan mamlakatlarning chegaralari hali uncha mustahkam emas, mudofaa ishlariga endi-endi kirishilayotgan edi.

Birinchi xavf jangarilar bo‘lsa, ikkinchi xatar og‘u edi. Prezidentning tashvishini to‘g‘ri anglaganday bo‘ldim, ammo voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelganimda, vaziyat men o‘ylagandan ko‘ra ming chandon og‘irroq ekan.

Ko‘prik usti afg‘onistonlik xotin-xalajlar, erkaklar, chol-kampirlar, bola-chaqalar bilan batamom to‘la edi. Ko‘prik ortida ham tumonat odam. Chamamda ularning soni uch-to‘rt ming atrofida edi.

Hammalari baqirgan-chaqirgan, talablari bitta: “Chegarani ochinglar! Bizlarni O‘zbekistonga o‘tkazinglar! O‘zbek yerida tinch-osuda yashashimizga imkon beringlar! Adosiz urush, beqiyos xavf-u xatar tinka-madorimizni quritdi. Bizni o‘tkazinglar, oilamizni, norasida farzandlarimizni saqlab qolaylik!”.

Bu haqiqatan ham ayanchli manzara edi. Ular najot istab, biz tomon intilishardi. Rahmimiz keldi. Beixtiyor yordam qo‘lini cho‘zib, boshiga tushgan musibatga malham bo‘lish ko‘nglimizdan o‘tdi. Biroq... buyruq boshqa edi. Ko‘prikni, odamlarni tozalash va portlatish! Juda qiyin ahvolga tushib qoldim. Nima qilish kerak? Yurtiga qaytishni istamayotgan odamlar bilan qay yo‘sinda gaplashish lozim? Prezident buyrug‘ini odamlarga aytsam, ular qanday ahvolga tusharkin?

Umuman, bu topshiriqni oshkor qilish mumkinmi? Ammo vaziyatni yumshatish, tobora junbushga kelayotgan xaloyiqni tinchlantirish kerak edi. Oqsoqollarning gapidan bildimki, ko‘prik ortida boshqa kuchlar turibdi. Ular odamlarni ta'qib qilib, shu yergacha ham yetib kelishgan. Jangarilarning qo‘lida jon taslim qilguncha, tinch va osuda o‘zbek yerida kapa tutib, bir burda non yeb, bir ho‘plam suv ichib hayot kechirishga rozi.

Bu paytga kelib oradan bir soatcha vaqt o‘tgan edi. Nogoh Prezidentning qo‘ng‘irog‘i xayolimni bo‘ldi.

— Ko‘prik odamlardan xoli bo‘ldimi? Portlatdingmi? — Qattiq qayg‘uga botgan rahbarning so‘zlari o‘ylarimni butunlay alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi.

Muzokara olib boryapmiz. Ammo... odamlar...

— Hech narsani eshitishni istamayman! Portlatasan, tamom-vassalom!

Go‘shakni taraqlab qo‘yilgani yuragimni larzaga soldi. Komissiya a'zolariga yuzlandim. Ba'zilar buyruqni bajarish kerakligini aytishdi. Buning oqibati yomonlik bilan tugashi mumkinligini qayta-qayta ta'kidlaganlar ham bo‘ldi.

Ayrimlar ko‘prikni saqlab qolish haqidagi taklifimni qo‘llab-quvvatlashdi. Butun mas'uliyat mening zimmamda edi. Yana birozdan keyin Prezident qo‘ng‘iroq qilishi aniq. Agar tayinli javob qilmasam, komissiya raisligidan chetlatishi, topshiriqni esa ko‘prikni portlatish tarafdori bo‘lgan generallardan biriga yuklatishi mumkin. Tezroq bir qarorga kelishim kerak. Bu yerda esa xaloyiq jazavaga tusha boshlagan edi. Ular “Axir bizlar qochoqlarmiz! O‘z yurtidan jabr ko‘rgan oddiy odamlarmiz! Butun dunyoda qochoqlarni qabul qilishadi-ku, nega yon qo‘shnimiz bo‘lgan O‘zbekiston bizga to‘sqinlik qiladi?” deb g‘alayon ko‘tarishardi.

Yupun kiyingan, och-nahor odamlarning holatiga qarashga arang kuch topaman o‘zimda. Aslida ular haq edi. Yordam bermasak, bizlarni nadomat qilishlari aniq. Biroq... Hozirgina Prezident ta'kidlaganday, odamlar orasida jangarilar yashirinib olgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Agarda shunday bo‘lsa... bosqinchilar o‘zbek xalqining ham tinchini buzishi mumkin. Unda xoin sifatida qamalishim tayin.

Shunda xayolimga ularning kattasi bilan gaplashish kerak degan fikr keldi. Qayerdan jasorat paydo bo‘ldi bilmadim, ammo tavakkal qildim. Bu harakatimdan qaytarganlar ham bo‘ldi, lekin maqsadimdan qaytmadim. Harbiy bo‘lmasam-da, o‘zimni komandirlarcha tutishga harakat qildim. Yarim soat ichida ko‘prikdan yetti kilometr nari ketishmasa, handaqdagi to‘p va minomyotlarda o‘qqa tutib, qirib tashlashimizni aytdim. Shunday vakolatga ega ekanligimni tushuntirdim. Kimdir mening jussamga qarab tirjayib qo‘ydi. Kimdir Napoleonga o‘xshatib, jiddiy tortdi.

Negaki gaplarim keskin, qarashlarim jiddiy edi. Javob qilishlarini kutmay ortga qaytdim. Men bilan borgan soqchilar o‘zimni munosib tutganimni aytishdi. Darhaqiqat, jangarilarning tund qiyofasidan fikrlarini uqish qiyin bo‘lsa-da, meni diqqat bilan tinglashgan va bir-birlariga qarab qo‘yishgan edi. Bu esa ularning sarosimaga tushib qolganliklaridan dalolat edi.

Ko‘prikdan o‘tishim bilan yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

– Nima qilding? Portlatdingmi yo‘qmi?

– Muzokaramiz...

– Men seni muzokara olib borishga emas, yurtimizga bo‘ladigan xavfni bartaraf qilishga yubordim.

– O‘rtoq Prezident...

– Gapimni bo‘lma! Agar yarim soatdan keyin ko‘prik portlamasa, bilib qo‘y, qamalasan!

– Vaziyatni yumshataman...

– Mamlakat taqdiri uchun men javobgarman. Bir to‘da odamlarni deb, butun xalqimning hayotini tahlikaga qo‘ya olmayman. Sen buni tushunasanmi, o‘zi?

Nima deyishimni bilmay qoldim. Ammo bu paytda jangarilar asta ortiga chekina boshlagan edi. Komissiya a'zolaridan ayrimlari buni vaqtinchalik taktika, mabodo odamlarni o‘tkaza boshlasak yoki ularni ortiga qaytarsak, bir zumda yetib kelishadi-da, bizga hujum qilib ko‘prikni egallab olishadi, deb vahima qilishdi.

Ikki o‘t orasida qolgandim. Prezident bilan hazillashib bo‘lmasligini yaxshi tushunardim. Islom Karimov gapini ikki qilganlarni kechirmas edi. Buyruqni bajarmasam, qamalishim aniq yoki o‘zi ta'kidlaganday, xoin sifatida otib tashlashi mumkin.

Mamlakat rahbarida shunday huquq bor deb bilardim. Biroq ko‘prikni saqlab qolish fikri hayotimga xavf solishi mumkin bo‘lgan qo‘rqinchdan ustun kela boshladi. Axir bu ulkan inshootning qurilishiga respublikamizning chakana mablag‘i sarflanganmi? Bir necha yillar davomida bitkazilgani-chi?

Eng muhimi esa bu ko‘prikdan piyodalar, mashinalar, poyezdlar o‘tadi. Shunday muhim obektning kulini ko‘kka sovurish kechirilmas xato bo‘lmaydimi?!

Jangarilar aytilgan masofaga chekingach, qochoqlarning xavotiri ancha pasaydi. Yana tushuntirishga to‘g‘ri keldi: biz joy berishga tayyorligimizni, oziq-ovqat bilan ta'minlashimiz mumkinligini, ammo o‘z yurtlarida qolish eng yaxshi qaror ekanligini qayta-qayta ta'kidladik.

Shundan so‘nggina afg‘onlar noiloj ortlariga qaytdilar. Biz darhol ko‘prikning uchta joyida: narigi boshiga, o‘rtasiga va o‘zimiz tomonga qush ham uchib o‘tolmaydigan to‘siq o‘rnatdik. Vaziyatni kimdir Prezidentga yetkazdi shekilli, yana malomatga qoldim.

Vaziyat yumshaganini, afg‘onlar o‘z vataniga qaytganlarini eshitishni ham istamadi. Darhol huzuriga yetib borishimni talab qildi. Ko‘prikni saqlab qolgan bo‘lsam-da, ichimga g‘ulg‘ula tushdi.

“Tamom, deb o‘yladi ming bir xayolda poytaxtga qaytarkanman. Tribunalga topshirsa kerak. Yoki milliy xavfsizlik xodimlariga buyursa, to‘g‘ri yerto‘laga tashlashadi”.

Harbiy samolyotda qanday qilib Toshkentga yetib kelganimni bilmay ham qoldim. Vaqt juda tez o‘tib ketganga o‘xshardi. Aeroportda to‘rtta qora “Volga”ni ko‘rib, o‘ylarim to‘g‘ri ekanligiga, qamoqqa olib ketishlariga amin bo‘ldim.

Oila-a'zolarim bilan xayrlashish nasib etmadi. Mashinadagilar indamas, meni jimgina kuzatib borishardi. Bunga sari yuragim battar siqilib, qamoqqa degan fikr tobora oydinlashgandek edi. “Hech bo‘lmasa, javobimni eshitarmikin?” deya g‘amga botaman yo‘l-yo‘lakay. Biroq, ko‘prikni saqlab qoldim, do‘stlik rishtalarini uzilishiga imkon bermadim. Bu bilan O‘zbekiston obro‘-e'tiborini butun dunyo oldida saqlab qoldim-ku, degan fikrlar menga taskin bersa-da, qamalishim oilam sha'niga yaxshi emas-da, deb yana qayg‘uga botdim.

Yo‘l chetida xotirjam yurib borayotgan odamlarga tikilaman, kampirini yetaklab olgan qariyaning viqor bilan qadam tashlashlari havasimni keltiradi, nabirasini qo‘lidan tutgan oqsoqol qalbimni titratadi.

“Menga ham nasib qilarmikin bunday baxt?” degan orzu ich-etimni tirnay boshladi. Bu orada mashina men o‘ylagan sovuq va dahshatli manzil tomon esa Prezident qarorgohi sari yo‘nalish oldi. Ko‘nglim baribir taskin topmadi: qamashdan oldin aybimni bo‘ynimga qo‘ysa kerak! Barchaning oldiga “Vatan xoini” deb atasa kerak!”

Prezident qabulxonasiga kirarkanman, jangarilarning dala komandiri bilan bo‘lib muzokarada o‘tganda paydo bo‘lgan jasoratdan asar ham qolmaganday tuyuldi. Uning qarshisida har qanday odam ham sarosimaga tushib qolardi. Uning nigohlariga qarashga uncha-muncha odam botinolmas edi.

Islom Karimovda rahbarga xos salobat, iqtidor, siyosiy kuch-qudrat bor edi. Biz uni doim jiddiy ko‘rganimiz bois, yaqinlashishga hayiqardik. Lekin haligilarni ortga chekintirishga majbur qilgan jasoratimdan hali cho‘g‘ qolgan ekan, o‘zimni munosib tutib, ichkariga dadil kirib bordim.

Qovog‘idan qor yog‘ayotgan Prezidentning vajohatini ko‘rib, nima deyishni bilmay qoldim, u salomimga alik ham olmagandi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘limdagi chizmalarni stol ustiga yozib, ko‘prik odamlardan butunlay tozalanganini, uning uchta joyga mustahkam to‘siq o‘rnatganimizni, endi u yerda hech kimsa o‘ta olmasligini tushuntirdim. Agar portlatib yuborganimizda endigina mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston uchun juda xunuk ish bo‘lishini, xalqaro miqyosda obro‘si tushib ketishini, qochoqlarga yordam berish, ularni so‘zsiz qabul qilish o‘rniga jabr-diydalardan qutulish uchun xiyonatkorona yo‘l tutganimizni butun olamga ovoza qilishlari aniq ekanligini ta'kidlashga o‘zimda kuch topa oldim.

Bunday isnodni ko‘tarish og‘ir bo‘lishi, birinchi navbatda musulmon davlatlar bizdan yuz o‘girishini, bunday tutgan pozitsiyamizni Birlashgan Millatlar tashkiloti ham oqlamasligini aytganimcha qora terga botdim. Ammo ichimdagini to‘kib soldim. Qamalishdan yoki otilishdan avval hammasini aytib olgim keldi. Hamjamiyat oldidagi burchimiz, obro‘-e'tiborimiz haqidagi nidolarim Prezidentga biroz ta'sir qildi chog‘i, yuzidagi qahr-g‘azab ifodasi so‘nib, yonoqlariga sal qon yugura boshladi.

Buni ko‘rib, yengil tortdim. Lekin oyoqlarimda mador qolmagan edi, beixtiyor stulga o‘tirib qoldim. Islom Karimov xona bo‘ylab yurarkan, hamon indamas, jahlidan tushgan ko‘rinsa-da, qovoqlari butunlay ochilmagan, peshonasidagi ajinlar saqlanib turardi.

Ortimga o‘tib, u yoqdan bu yoqqa yura boshlaganida, ichimga yana g‘ulg‘ula tushdi. Tik turishga urindim, lekin toliqqan oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmadi.

“Hukmni ko‘zlarimga tik qarab emas, ortimdan aytsa kerak”, deya o‘ylay boshladim. Bir payt Prezidentning qadam tovushlari shundoq ortimga kelganda tindi. Mening ham nafas olishim to‘xtab qolganday bo‘ldi. “Hammasi tamom!” Asta o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Har qanday jazoni tik turib qabul qilgim keldi.

Hali butunlay qaddimni rostlab olmagan edim, yelkamga yengilgina shapati tushdi. Bu xatti-harakat nimaning alomati ekanligini anglolmay qoldim. Axir xayolim ming bir xavotir bilan band edi-da. Asta o‘girilib Prezidentga nigoh tashladim. Bu paytda uning chehrasi ancha yorishgan edi.

“To‘g‘ri qilding! Portlatmay, yaxshi qilding!”

O‘h, bu gapni eshitguncha ichimdan nelar o‘tgani o‘zimga-yu yolg‘iz Allohga ayon. Termizdan poytaxtga uchib kelgunimcha o‘tgan vaqt, Prezident qarshisida yarim soat tushuntiruv meni bir necha yilga qaritdi.

Negaki bu oraliqda yuragim tortgan g‘am-anduhning chegarasi yo‘q edi. Lekin hammasi yaxshilik bilan yakunlandi. Shunday qilib, Islom Karimov huzuridan eson-omon chiqib keldim. Bor haqiqat shu!

Top