14:12 / 11.07.2019
8947

Nukus poligonida jangda axloqiy-ruhiy ta'minotni tashkil etish ko‘rsatildi (foto)

Nukus umumqo‘shin poligonida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari uchun jangovar harakatlarda shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy ta'minoti bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘q otilishi ovozlari, olov va metall trubalar orasidan yugurib o‘tgan askarlar guruhi jangovar vaziyatga maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoitda o‘zlarining axloqiy-ruhiy irodasi va harakatlarining mutanosibligini namoyon etdi.

Harbiylar uchun tutunlarga burkangan, alanga va har tomondan portlayotgan imitatsiya vositalari bilan qoplangan razvedkachilar yo‘lagi haqiqiy sinovlarga boy bo‘ldi. To‘siqlar yo‘lagini bosib o‘tish jarayonida akustik tizim orqali uzatilgan o‘q ovozlari, yurakni ezib yuboruvchi chinqiriqlar vaziyatga vahimali tus berdi.

Keyingi bosqichda askarlar psixologik bosim va shartli dushmanning muntazam hujumi ostida jangovar o‘t ochish mashqida qatnashdi.

Yaralangan birodarini jang maydonidan olib chiqish va unga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish — jangchilarning navbatdagi vazifasi shundan iborat bo‘ldi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari podpolkovnik Nuriddin Qodirov boshchiligidagi o‘quv yig‘ini nafaqat amaliy mashg‘ulotlarga, balki nazariy ko‘nikmalarga ham boy bo‘ldi.

O‘quv joylarining birida malakali mutaxassislar psixologik bosim vaqtida stressni yechish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, buni amalda namoyish etdi.

 

Top