10:10 / 11.07.2019
85702

Xotin-qizlar qo‘mitasi bolasini hojatxonaga tashlab ketgan ayol bo‘yicha yangi tafsilotlarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘z bolasini hojatxonaga tashlab ketgan ona voqeasi bo‘yicha munosabatini e'lon qildi

2019 yil 2 iyul kuni fuqaro F.T. Surxondaryo viloyati Denov tumani, Lolazor mahallasidagi “Habibobod” bozori hududida joylashgan ayollar hojatxonasida qiz bola chaqaloqni tug‘ib, hojatxona ichiga tashlab ketgan. Undan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq yig‘isini eshitib, odamlarni yordamga chaqirgan. Natijada chaqaloq qutqarib qolinib, kasalxonaga joylashtirilgan.

Surxondaryo viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulovaning Denov tumanida bo‘lgan holat yuzasidan bergan ma'lumoti:
 
Ma'lum bo‘lishicha, oilada 6 farzand – 2 nafar o‘g‘il, 4 nafar qiz ulg‘aymoqda. F.T.ning ma'lumoti o‘rta-maxsus, otasi ishlashga ruxsat bermaganligi uchun uyida tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Uning nomusiga amakisining o‘g‘li, 1990 yilda tug‘ilgan, o‘zi bilan bir mahallada yashovchi A.T. tekkan.

Bola 02.07.2019 yilda tug‘ilgan, onasi va o‘zidan boshqa hech kim bilmagan. Otasi va aka-ukasidan qo‘rqqanidan, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnidan uyalganidan onasi bilan kelishgan holda bolani yo‘q qilish uchun shu yo‘lni topgan. Bola hojatxona yangi tozalanganligi va orqa tomoni bilan tushganligi sababli va o‘z vaqtida topilib, tibbiy yordam ko‘rsatilganligi uchun tirik qolgan, hozirda salomatligi yaxshi.
 
Tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi oiladan xabar oldi. Oila mahallaning oddiy oilalaridan. Otasi ham, oila a'zolari ham voqeadan xabar topgach yana bir xatolikka yo‘l qo‘yib qo‘ymasligi uchun ularga vaziyatni boricha qabul qilishi va yana keskinlashtirmasligi tushuntirildi. Hozir vaziyat nazoratga olindi, bolaga guvohnomani rasmiylashtirish chorasi ko‘rilmoqda.

To‘g‘ri, aslida bu kabi bong urishlar ham, xalq ta'biri bilan aytganda “bo‘lari bo‘lib, buyog‘i singib bo‘lgan”dan keyingi xabar olishlar ham, qaysidir mas'ulni ishdan olish, kimgadir chora ko‘rish kabilar ham fojiani yumshatishga asos bo‘lolmaydi.
 
Chunki, ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi holni sodir etgan erkak va qiz yashayotgan mahallada ma'rifiy muhit yetarlicha sog‘lomlashtirilmagan. Qiz homilasini “hojatxonaga tashlash uchun” ko‘tarib yurgan, 9 oy davomida hech kim hech narsani sezmagan.

Bugungi islohotlar natijasida shu holatlar sodir bo‘lishining oldini olish uchun ko‘rilayotgan choralar, masalan “Qizlar salomatlik markazi”, “Ayollar maslahatxonasi”, “Ayollar reabilitatsiya markazi” kabi ijtimoiy himoyalash tuzilmalaridan ko‘zlanayotgan maqsad o‘z vaqtida aholiga yetkazilmagan. Qisqa qilib aytganda, yana kechikilgan, deyiladi Xotin-qizlar qo‘mitasi munosabatida.

Qayd etilishicha, bolasini tug‘ib hojatxonaga tashlab yuborgan ayolning qilmishini mutlaqo oqlamagan holda, holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan tergov ishi yakunlarini kutib, ushbu ayolni, uning oilasini hozirgi murakkab ruhiy holatdan olib chiqish bilan shug‘ullanish Xotin-qizlar qo‘mitasining vazifasidir.

Bundan oldin, Bosh prokuratura Surxondaryoda chaqalog‘ini hojatxonaga tashlab ketgan ayol haqida ma'lumot bergandi.

Top