8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

00:25 / 12.07.2019 22120

Sharof Rashidov tumanida «Qani suv?» deb so‘raydigan odam ham, sug‘orishga suv ham topilmayapti

«Biz mehnat qilayotgan Sharof Rashidov tumani «Qulpisar» FXXUdagi DM1 kanalida 10 kundan beri suv yo‘q. Buning natijasida paxta maydonlariga suv kelmayapti. Eng yaxshi paxta maydonlari bizning hududda, buning uchun yil davomida tinmay mehnat qildik. Ayni damda gurkirab turgan paxta maydonlarimiz qovjirash arafasida. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. «Bo‘ladi», «ertaga», «indin» degan javobdan ortiq hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Bizga shu muammoni bartaraf etilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz…» Kun.uz tahririyatga Jizzax viloyatidan kelib tushgan navbatdagi murojaatning qisqacha mazmuni ana shunday edi.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Sharof Rashidov tumani «Qulpisar» FXXUda bo‘lganimizda, kun botish arafasida edi. Shunday bo‘lsa-da, voqea joyida hududning raisi Shuhrat Qo‘shboqov va tuman irrigatsiya bo‘limi xodimlarini uchratdik. Holat bo‘yicha savollarimizga «Qulpisar» FXXU raisi Shuhrat Qo‘shboqov shunday javob berdi:

— Ko‘rganingizdek, suv batamom qurigani yo‘q, bugun sal kamaydi. Aslida, dalalardagi paxta maydonlari deyarli suv ichib bo‘ldi. Faqat shu eng chekka hududlarimizda ozgina muammo bor. Suv sathi kamaygani bois yetkazish qiyin bo‘layapti. Istasangiz, sizga paxta maydonlarini ko‘rsatishimiz mumkin. Mana, tuman irrigatsiya bo‘limi xodimlari ham shu yerda, hozirgina «Xovos-Zomin» irrigatsiya tizimi boshqarmasi mutaxassislari bilan ham gaplashdik, ertalabgacha suv to‘liq yetkazilib beramiz deyishdi.

 

Biz hududdagi DM1 kanali bo‘yida bo‘lganimizda haqiqatan ham suvning sathi judayam kamayganligi bu esa belgilangan paxta maydonlariga qanday yetib borayotganligi bilan ham qiziqdik. O‘zini shu sohada «qirq yillik» tajribaga ekanligini aytgan hudud mirobi Ziyod To‘rayev «barcha paxta maydonlari to‘liq sug‘orilganini mana shu oxirgi nuqta hisoblanmish DM 1 kanalidan sug‘orilayotgan fermer xo‘jaliklarining eng chekka hududlarigacha nasoslar orqali suv yetkazib berilayotganligini, bu borada muammo yo‘qligi»ni qayta va qayta ta'kidladi.

Har ishning o‘z «ustasi» bo‘ladi. «Qirq yillik» tajribaga ega mirob boboning so‘zlariga ishondik. Suvchilikda «qirq yillik» tajribaga ega Ziyod To‘rayevning yolg‘on so‘zlashda ham «qilni qirq yorishi» xayolimizga kelmagan edi. Bunday deyishimizga asos bor. Suvsizlikdan qovjirayotgan paxta maydonlarini deb yil so‘ngida million-million so‘m zarar bilan chiqishini oldindan hisoblab halovati yo‘qolgan fermerlar dardini eshitsangiz siz ham bunga amin bo‘lasiz.

«Men shu hududda 300 gektar yer maydoniga paxta ekkanman. Bir necha yillik tajribaga ega fermerman. Davlatdan 1,5 milliard so‘m kredit olib ish boshlaganmiz. Suv o‘n kundan beri yo‘q, buni hamma biladi. Eng alam qiladigani shuki, aynan shu muammoni deb yil boshidan beri kurashib kelamiz. Vaziyatdan barcha tegishli tashkilot mas'ullarining xabari bor, lekin hech kim «sirtiga suv yuqtirmaydi». Ayni paytda 100 gektar maydonidagi paxta ko‘chatlari qurish arafasida, buning zararini kim qoplaydi? Bir gektar yerga o‘rtacha 4 mln. so‘mdan pul sarflaganmiz, zarar ko‘rayotgan maydonim esa 100 gektardan ziyod. Shu kanaldan kelayotgan 600 litr suvni ham bizga ravo ko‘rishmaydi, uning o‘rniga yashirincha fermer xo‘jaligida ekilgan noqonuniy ekinlar va poliz mahsulotlar tinmay sug‘oriladi. «Qulpisar» FXXUdagi 255, 403, 252, 245, 248, 241, 198 va 208-konturlarida kungaboqar va poliz mahsulotlari noqonuniy ekilgan. «Nurafshon zamin», «Nurali zamin» va «Tirkash bobo» fermer xo‘jaliklariga qarashli yer maydonlari aynan suv boradigan yerlar bo‘lib «Qulpisar» FXXU raisi Shuhrat Qo‘shboqovning tashabbusi va shaxsiy manfaatini ustun qo‘ygani bois suv tortmaydigan yerlarga paxta ekish rejalashtirilgan. «Nasosda suv boradi», deganlar yolg‘on gapirishibdi. U nasoslar umuman ishlamaydi», — deydi «Qili Marjon»  fermer xo‘jaligi raisi O‘rozboy Eshmirzayev

Paxta maydonlaridagi haqiqiy holat bo‘yicha «Qulpisar» FXXUning agronomi Qo‘chqor Qurbonov muammo yuzasidan shunday izoh berdi:

«Qili Marjon», «Qulpisar Kumush tola» va «Tomchi jilosi» fermer xo‘jaliklari hududdagi eng chekka, suv yetib bormaydigan joyda joylashgan. O‘n kundan beri suv kelmayapti. Buning natijasida, suvsizlikdan paxta maydonlari quriyapti, g‘o‘zalar qovjirayapti. Ko‘rib turganingizdek, suvning o‘zi yo‘q. Paxtalar bor shonasini ham to‘kayapti. Aslida, ekilgan ko‘chatlar yomon ahvolda emas, lekin suv yetib kelmagani o‘z ishini ko‘rsatyapti. Agar yana ikki uch kun suv kelmasa, ish shu yo‘sinda davom etadigan bo‘lsa, fermerlarning qilgan mehnati yo‘qqa chiqishi mumkin. Mana, lotoklarimizni ahvolini ko‘rib turibsiz, bir gramm suv yo‘qligi bilan bir qatorda buzilgan holatda. Buning ustiga 11–18 iyul kunlari anomal issiq bo‘lishi kutilmoqda. Shusiz ham qovjirab turgan ko‘chatlar qay ahvolga tushadi?» — deydi agronom Qo‘chqor Qurbonov

Murojaatdan keyin o‘ziga juda ko‘p «dushman» orttirishini bilgan fermerlar «ortiq chiday olmasliklarini, pichoq borib suyakka qadalganinini» aytishdi.

«Vaziyat agar shu tariqa davom etsa, biz hosilimizga kuyib qolishimiz mumkin. Maqtanish emas-ku, ammo yetishtirayotgan paxtamiz yomon emas. Yo‘l-yo‘lakay e'tibor berib ketsangiz, solishtirsangiz, o‘zingiz aniq xulosani chiqarib olasiz. Ko‘chatlarimiz to‘rt donagacha shonalagan, lekin to‘kilayapti. Suvsizlik o‘z ishini ko‘rsatayapti. Biz lotoklarning buzilib yotgani va yetarlicha suv kelmayotganidan murojaat qilaverib, charchadik. Ertaga olgan kreditni qanday qoplaymiz? Uy-joyimizni sotib to‘laymizmi qarzimizni?! Bunga kim javob beradi?! «Xovos-Zomin» irrigatsiya tizimi boshqarmasiga ming marta xat bilan ham chiqdik, qo‘ng‘iroq qilaverib bezor ham qildik. Foydasi yo‘q! «O‘zing uchun o‘l yetim». Kimgadir qilgan murojaatimiz yoqmasligi mumkin, ammo biz ertaga nima qilamiz?» — deydi «Qulpisar Kumush tolasi» fermer xo‘jaligi raisi Qudrat Tugalov.

Bugun fermerlar ularining paxta maydonlariga suv yetib kelmayotganligida ba'zi bir dalalarda noqonuniy ekin ekib foyda ko‘zlayotgan «tadbirkor» fermerlarni va «Xovos-Zomin» irrigatsiya tizimi boshqarmasini aybdor qilishayapti.

Xo‘sh, muammo aslida nimada?

Savollarimizga javob olish maqsadida «Xovos-Zomin» irrigatsiya tizimi boshqarmasi rahbari Lapas O‘rolov bilan bog‘lanishga harakat qildik. Mavjud holatni Lapas O‘rolov shunday izohladi:

«Suvimiz yetarli. Bu borada hech qanday muammo yo‘q. Faqatgina ozroq nasoslar rejimida o‘zgarish bo‘ldi, shuning hisobiga suv kamaydi. Xabaringiz bor, o‘tgan yillarda faqat g‘alla va paxta ekilardi. 10 gektar yer maydoniga g‘alla ekilgan bo‘lsa, ayni damda 10 gektar maydonga takroriy ekinlar ham ekilyapti. Takroriy ekinlar o‘tgan yillarga nisbatan me'yoridan oshiq maydonlarga ekilmoqda. O‘zingiz bilasiz, takroriy ekin ekilgandan so‘ng, uni sug‘orish kerak. Takroriy ekin va paxta ekish ikkalasi ayni bir vaqtga to‘g‘ri kelgani bois, suv yetkazishda biroz muammo bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Paxta maydonlarimiz ozgina chanqagandir, buni inkor etolmaymiz. Lekin muammo hal bo‘ldi, bugun kechga suv yetib boradi, ertadan hammasi o‘z iziga tushib ketadi. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Tojikistondan suv yetib boradi, «Qili ko‘prik» degan kanalimiz bor. «Sangzor» va «Zarafshon» kanallarida seldan yig‘ilgan suvni DM1 kanaliga nasos tashlab 500 litr suvni haydaymiz. Muammo umuman bo‘lmaydi», — dedi u.

Mutasaddini gapini qarang, u vaziyatga ozgina beparvodek. Muammo bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, emish?! Axir aniq muammo bor! Paxta maydonlari ozgina chanqagandir? Ozgina emas, quriyapti axir g‘o‘zalar!

Lapas O‘rolov bilan suhbatlashib «Qulpisar» FXXUdagi suvsizlikda aziyat chekayotgan fermerlar bilan bog‘landik. Ularning aytishicha, «suv qaysidir miqdorda ma'lum bir muddat kelgan va bugungi kunga kelib yana qurib qolgan».

Biz vaziyatga minglab bahona topishimiz mumkin. Maqsad qay yo‘l bilan bo‘lmasin «suvdan quruq» chiqish, aslida, «hammasi yaxshi, muammo yo‘q» deyishdan osoni yo‘q. Lekin mehnati qadrlanmasligidan charchagan fermer bunday o‘ylamaydi. Paxta terimi mavsumi boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Topshirgan hosili uchun ko‘ngildagidek haq ololmasligini, kamiga bo‘yniga « million-million» qarzdorlik tamg‘asini ilishni istamagan fermer sarflagan xarajati-yu daromadi qancha bo‘lishini oldindan biladi. Shu bois zir yugurib muammoga chora izlayapti. Ertaga uni hech kim qo‘llamasligini ham biladi...

«Senga vaqtida suv yetib kelmagani bois paxta ko‘chatlaring qovjirab-qurib bitdi, kel sening zararingni qoplaylik, qarzingdan kechaylik», deydigan «mard»ning o‘zi topilmaydi. Muammo o‘z vaqtida hal bo‘lmas ekan, zarar ko‘rgan, yana bariga «balogardon» fermer bo‘lib qolaveradi...

Gulchehra ShARIPOVA,

Kun.uz muxbiri.

Top