8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

23:51 / 13.07.2019 72152

Issiq deysizmi? Unda mana bu shaharlarga borib ko‘ring!

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda saratonga xos haqiqiy jazirama hukm surmoqda. Har yili aynan mana shunday kunlarda eng issiq yil bo‘lgani, sinoptiklar asl haroratni yashirayotgani kabi mish-mishlar urchiyveradi. Ammo dunyo statistikasi olib qaralsa, O‘zbekiston shaharlari issiq o‘lkalar o‘nligi tugul elliktaligiga ham kira olmaydi. E'tiboringizga havola etilayotgan eng issiq shaharlar reytingi buning isbotidir.

Muhim jihat – eng yuqori harorat reytingini tuzishda ko‘plab uslublardan foydalanilgan. Kimdir yil davomida kechuvchi o‘rtacha haroratni olsa, yana qaysidir tadqiqotchi eng issiq paytlarda qayd etilgan absolyut rekordlarni ro‘yxatga olgan. Ko‘pchilikni aynan o‘sha eng yuqori harorat qiziqtirishini hisobga olib, aholi muntazam yashaydigan yirik va eng issiq shaharlar yettiligini e'tiboringizga havola qilamiz*.

Ularda qayd etilgan eng yuqori harorat hatto dunyo bo‘ylab eng baland hisoblangan O‘lim vodiysiga juda yaqin kelib qolganligining ham o‘ziga xos sabablari bor. Aholining o‘ta zichligi, sanoat rivojlangani tufayli gazli ajratmalar, avtomobillar tirbandligi kabi omillar yuqori haroratga sabab bo‘ladi.

Avvalo, umuman, O‘zbekistonda, keyin poytaxt Toshkentdagi mutlaq rekordni bir eslab olsak va ana shunga qarab solishtirib ko‘rsak. Demak, O‘zbekistonda eng yuqori harorat Qizilqum cho‘lida va Termiz shahri yaqinida qayd etilgan (50°S), Toshkent shahrida yoz mavsumining absolyut maksimumi 44.6 daraja issiqqa teng (1997 yil 18 iyul).

7. Afrika... Jazirama... Qohira...

To‘g‘ri, Afrika qit'asida absolyut ko‘rsatkichlarda Qohiradan ham issiqroq hududlar bor. Ammo yuqorida aytganimizdek, bugun biz yirik shaharlar va ulardagi tabiat bilan birga inson omili tufayli yuzaga kelgan yuqori harorat haqida gapirmoqdamiz. Qohirada taxminan 20 mln aholi bor. Shularning faqat 2 mln nafarga yaqinigina Nil daryosining shabadasidan bahra olishadi. Qolganlar bu ne'matdan mahrum, yoz oylarida issiqda qovuriladigan bu shaharda harorat 48-49 darajagacha chiqishi mumkin.

6. Feniks va Las-Vegas. AQSh  

Bu shaharda yoz oylarida kechuvchi dahshatli jaziramaga qaramay, Feniks AQShning yirik shaharlaridan biri, o‘ziga yarasha osmono‘par binolarga, rivojlangan sanoatga ega. Bu shahar yog‘ingarchiliklardan deyarli mosuvo, quruq va quyoshli iqlimda harorat 49-50 darajaga ko‘tarilib turadi. “Gunohlar shahri” deya ataluvchi, kazinolarga boy Las-Vegas shahri ham ayni shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Feniks qatorida turadi.

5. Muqaddas Makka shahri

O‘z aholisi 2 mln atrofida bo‘lgan bu shahar yiliga o‘rtacha 15 mln nafar ziyoratchini qabul qiladi va tabiiyki kichik hududda o‘ta ko‘pchilik to‘planishi, shaharning o‘z hayoti va shundoq ham quyoshli iqlim harorat rekordlariga sabab bo‘ladi. Bu shaharda 40 daraja issiqlik salqin hisoblanadi, haroratning 50-51 darajaga borishi hech kimni ajablantirmaydi.

4. Melburn, Avstraliya

Melburnning o‘ziga xos xususiyati bu yirik shaharda deyarli yil bo‘yi issiq havo hukmron. Janubdan keladigan garmsel, muntazam kuzatiluvchi o‘rmon yong‘inlari aholi zich bu shahardagi haroratni 51 darajaga ko‘tarib yuboradi.

3. Gonkong va Bangkok

Ko‘pchilik Gonkong va Bangkokni adashtirishadi. Ularning o‘xshash jihatlari bor, ikkisi ham Osiyoda, sayyohlari juda ko‘p. Bundan tashqari, yana bir umumiyligi bor – yuqori harorat.

Bir vaqtlar Britaniya koloniyasi bo‘lgan Gonkong Xitoy tasarrufiga o‘tganidan keyin ham o‘z yuqori turmush tarzini, jozibasini yo‘qotmadi. Ammo uni og‘ir muammo – iqlim o‘zgarishlari qiynaydi. O‘ta rivojlangan sanoat, yuqori avtotirbandlik, zich aholi, quyoshli va nam iqlim ta'sirida yoz oylarida haqiqatan ham nafas olish og‘irlashib qoladi. Bu omillar birlashib ba'zan termometrlar 52° S ko‘rsatkichni namoyon etadi.

Poytaxti Bangkok shahri bo‘lgan Tailand yozi ko‘pchilik sayyohlarni o‘ziga chorlaydi. Ammo Bangkok yirik sanoat shahri hamdir. Yozning uch oyida harorat 50 darajadan oshishi bir necha martalab kuzatilishi mumkin. Ba'zan 53 darajali rekordlar ham qayd etiladi.

2. Mexikali, Meksika

Meksikaning Mexikali shahrini “quyosh asirligidagi shahar” deya ta'riflashadi va bu bejizga emas. Dengiz sathidan 8 metr balandlikdagi tepaliklarda joylashgan bu shahar sayyoramizning yirik aholi muntazam yashovchi eng qaynoq nuqtalaridan biridir. Bu hududda  54° S ko‘rsatkich bilan birovni ajablantirib bo‘lmaydi.

1. San-Luis-Rio-Kolorado, Meksika

Chorak millionlik yirik aholi punkti bo‘lgan, Meksika sahrolarida joylashgan bu shaharni ko‘pchilik bilmaydi. Ammo absolyut rekord qayd etilgan Kaliforniya O‘lim vodiysiga yaqin joylashgan bu shaharda haqiqiy jazirama bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi. Shimoliy Afrika, Saudiya Arabistoni, Iroq kabi o‘ta issiq hududlar bilan bir mintaqada joylashgan bu shaharda shunga qaramay aholi muntazam yashaydi, o‘ziga yarasha sanoat rivojlangan va hatto sayyohlar ham talaygina. Haroratning yuqori cho‘qqisi 55,5-56,5° S darajagacha boradi.

* Bu ro‘yxat bilan tanishganlar darhol Afrika jaziramalari kirmaganligi uchun uni shubha ostiga olishlari mumkin. Ammo yuqorida ta'kidlanganidek, avvalo, aynan yirik shaharlar tanlab olingan va ulardagi inson omili haroratga ham ta'sir qilgan. Bundan tashqari, Afrika chindan ham issiq qit'a bo‘lsada, undagi harorat yillik ko‘rsatkichlar bo‘yicha, ya'ni muntazam davom etishi, qish bo‘lmasligi bilan yuqori hisoblanadi. Ammo absolyut ko‘rsatkichlarda yirik shaharlar bo‘yicha bu qit'a yetakchilik qila olmaydi.

Shuningdek, yiliga minglab odamlar aynan issiqlik tufayli nobud bo‘ladigan Hindiston shaharlari kirmaganligining ham o‘ziga yarasha sabablari bor: bu davlatdagi past turmush tarzi, qashshoqlik issiqdan himoyalanish imkonini bermaydi va shu tufayli jaziramada katta o‘lim ko‘rsatkichlari qayd etiladi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top