13:14 / 13.07.2019
12424

«Matbuot tarqatuvchi»ga yangi direktor saylandi. Kompaniya tizimidagi ayrim rahbarlar javobgarlikka tortilgan

Davron Safarov

Davron Safarovich Safarov «Matbuot tarqatuvchi» AKning vaqtincha direktori vazifasini bajaruvchi etib saylandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

9 iyul kuni «Matbuot tarqatuvchi» AK moliyaviy faoliyati aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda kompaniya viloyat korxonalaridan undirilmagan qarzdorlik sabab tahririyatlar oldida katta qarzdorliklari yuzaga kelgani, hisob-kitob siyosati to‘g‘ri yuritilmagani va shu kabi ko‘plab kamchiliklar mushtariylar, tahririyatlarning jiddiy e'tiroziga sabab bo‘layotgani ma'lum qilingan.

Kompaniya tomonidan viloyat korxonalari faoliyati o‘rganilganda jiddiy kamchiliklar aniqlangan va ularning bir nechta hududiy rahbarlari sud javobgarligiga tortilgan. 

Shuningdek, auditor xulosalarida ham «Matbuot tarqatuvchi» AK viloyat tashkilotlarining moliyaviy natijalariga qoniqarsiz baho berilgan. Bu kompaniya faoliyati jiddiy islohotlarga muhtoj ekanligini ko‘rsatadi.

Davron Safarov 2017 yildan hozirgi vaqtgacha “Matbuot tarqatuvchi” AK Savdo bo‘yicha direktori vazifasida ishlab kelayotgandi. U bunga qadar, 2012-2017 yillarda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisining tashkiliy - partiyaviy va kadrlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va apparat rahbari vazifasida ham ishlagan.

Ma'lumot uchun, «Matbuot tarqatuvchi» AK O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 13-sentyabrdagi “Vaqtli matbuotni tarqatish korxonalarini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risidagi 418-sonli qaroriga asosan “Matbuot tarqatuvchi” va “Matbuot tarqatish markazi” yopiq aksiyadorlik jamiyatlari negizida tashkil etilgan.

Mazkur kompaniyani tuzishdan asosiy maqsad respublika bo‘yicha vaqtli matbuot nashrlarini tarqatuvchi tuzilmani tashkil etishdir.

Quyidagilar «Matbuot tarqatuvchi» aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilangan:

respublika aholisining va boshqa davlatlarning O‘zbekiston Respublikasi vaqtli matbuotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish;

vaqtli nashrlarga bo‘lgan ehtiyoj marketingi va monitoringini tashkil etish;

vaqtli matbuotni chakana savdo do‘konlari tarmog‘i va vaqtli matbuotni tarqatuvchilar orqali tarqatishni ta'minlash;

chakana savdo do‘konlari tarmog‘ini oqilona va samarali joylashtirish hamda rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Kompaniya har yili O‘zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida tarqatiladigan gazeta, jurnallar va kitoblar katalogini chop etadi. Obunani har xil narxlarda rasmiylashtirib, abonent qutisiga yoki manzilda yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, kompaniya o‘zining maxsus «Matbuot» kiosklariga ega. Mijozlar bu kiosklarda nashrlarni xarid qilishlari yoki obunani rasmiylashtirish imkoniyatiga ega.

Mavzuga oid
Top