15:50 / 14.07.2019
15659

DTM vakillari serverdagi uzilishlar va uzun navbatlar muammosiga izoh berdi - video

Ushbu o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar to‘liq Davlat test markazi (DTM) dasturi orqali universitet va institutlarda, shuningdek, davlat xizmatlari agentliklarida qabul qilinmoqda. Ilk bor qo‘llanilayotgan tajriba jarayonida yuz berayotgan nosozliklar va buning oqibatida kunning jaziramasida talabalar ulkan navbatlarda turishga majbur bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalib turibdi.

Kun.uz yana bir bor Davlat test markazida bo‘lib, mutasaddi va texnik mutaxassislarni suhbatga tortdi hamda bu holga nimalar sabab bo‘layotganiga qiziqdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Ma'lum bo‘lishicha, 8 iyul kunidan boshlab hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda katta qiyinchiliklar yuzaga kela boshlagan va DTM serverlariga yuklamalar tusha boshlagan. Biroq, DTM serverida hech qanday muammo yuz bermagan. Server soniyasiga 20ta, daqiqasiga 1200ta qaydni bemalol ko‘tarish imkoniyatiga ega.

Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Noraliyev mazkur vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Dastlabki kunlari turli sub'yektiv sabablarga ko‘ra oliygohlarda navbatlar hosil bo‘lganiga qaramasdan, ayni kunlarda hujjatni ro‘yxatdan o‘tkazish bir maromda davom etmoqda.

Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Noraliyev

Davlat test markazi bosh mutaxassisi Habibulla Nuraliyevning tushuntirishicha, DTMda mavjud imkoniyatlar zaxirasi to‘liq ishga tushmasdan ham ayni qabul jarayonida ishlarni to‘xtovsiz amalga oshirish imkonini beradi. Kun.uz’ning texnik mutaxassisi jarayonni o‘z ko‘zlari bilan kuzatdi va o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

DTM mutaxassislari oliygohdagi turli tushunmovchiliklar va muammolarni bartaraf etish uchun mutasaddilar bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yishgan.

Hozirgi hujjat qayd etishning eng cho‘qqiga chiqqan kunlarida ham daqiqasiga 120tadan 200tagacha hujjatlar qayddan o‘tkazib borilmoqda. Bir kun davomida qayd etilayotgan hujjatlar soni 100-110 mingdan oshadi.

Biz borgan 12 iyul kuni soat 17:00ga qadar qayddan o‘tkazilgan hujjatlar soni 101 ming 300dan oshgan edi.

Davlat test markazi axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyev oliygohlar bilan qayta aloqa o‘rnatilganini shunday tushuntirdi:

Hujjat qayd etilganidan so‘ng topshirgan oliygohi yoki ta'lim yo‘nalishini almashtirish hollari ham ko‘p uchramoqda va navbatlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. 8 iyul kuni 81 ming qayd o‘tkazilgan bo‘lsa-da, jami operatsiyalar soni 89 mingtani tashkil etgan. Ya'ni, qariyb 8000 abituriyent o‘z ma'lumotlarini tahrirlagan.

Davlat test markazi axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyev

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyev hujjatlarni qayddan o‘tkazish jarayoni eson-omon yakunlangach, test imtihonlarigacha bo‘ladigan jarayonlar haqida qisqacha tushuntirish berib o‘tdi.

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyev

Davlat test markazi mutaxassislari ilk marta qo‘llanayotgan bu usulda ayrim kamchiliklar bo‘lishi bilan birgalikda, katta tajriba to‘planilayotganini qayd etishdi. Bu tajriba kelgusi yillarda yanada asqotishi, shuningdek, belgilangan muddatda abituriyentlarning barchasining hujjatlari qayddan o‘tkazilishiga ulgurishlari ta'kidlab o‘tildi. 

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top