8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

16:50 / 14.07.2019 4610

Navbahor tumani hokimligi tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi

Kun.uz saytida 4 iyul kuni «Qushqochdi» nega obod qishloqqa aylanmadi? Navoiydagi mahalla ahli ishlar yakuniga yetmagani va mablag‘lar o‘z o‘rnida ishlatilmaganini aytmoqda» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingandi.

Maqolada Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi «Qushqochdi» mahallasi aholisi murojaati asosida «Obod qishloq» dasturi asosida mahallada amalga oshirilgan ishlar o‘rganilib, mavjud muammolar yoritilgan edi.

«Obod qishloq» dasturi asosida mahallamizda obodonlashtirish ishlari olib borilishini eshitganimizda juda xursand bo‘lgandik. Bir qator ishlar qilindi. Ammo quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Mahallada dastur asosida qilingan ishlarning ko‘p qismi yakuniga yetmasdan qolib ketdi. Ayniqsa, ichimlik suv masalasida. Qazilgan handaqlar shundayligicha turibdi. Suvdan darak ham yo‘q. Ko‘chalar to‘liq ta'mirlanmadi. Qisqasi, hammasi chala. To‘g‘risi, mahalla aholisi uchun va'da qilingan qulayliklar yaratilmadi», – deya o‘z e'tirozlarini bildirgandi mahalla aholisi.

Shuningdek, mahalla faollari «Obod qishloq» dasturi asosida mahallaga ajratilgan mablag‘lar to‘liq sarflanmagani, talon-toroj qilingani uchun ishlar yakuniga yetkazilmaganini iddao qilishgandi.

O‘rganish davomida mahalladagi «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilgan obodonlashtirish ishlaridan ayrim fuqarolar va tadbirkorlar ham jabr ko‘rgani, ayrim loyihalar yakuniga yetmay qolgani ma'lum bo‘lgan edi.

Mazkur holatni o‘rganish jarayonida ishtirok etgan Navbahor tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Asliddin Rahimov (endilikda sobiq, u lavozimidan ozod etilgan) vaziyatga izoh berib, ayrim ishlar yakuniga yetmay qolgani mablag‘ bilan bog‘liqligi, kelgusida bu ishlar yakuniga yetkazilishini bildirgan edi.

Ushbu tanqidiy maqola yuzasidan Navbahor tumani hokimligi o‘z munosabatini bildirib, tahririyatga «Qushqochdi» mahallasida olib borilgan ishlar va bartaraf etilayotgan kamchiliklar yuzasidan ma'lumot taqdim etdi.

«Kun.uz saytida joriy yilning 4 iyul kuni e'lon qilingan «Qush qochdi» nega obod qishloqqa aylanmadi? Navoiydagi mahalla ahli ishlar yakuniga yetmagani va mablag‘lar talon-taroj qilinganini aytmoqda» nomli maqolada keltirilgan fikr va mulohazalar yuzasidan quyidagilar ma'lum qilinadi.

Mazkur maqola yuzasidan Navbahor tumani «Qush qochdi» mahallasida olib borilgan qurilish-ta'mirlash va obodonlantirish ishlari viloyat hokimligining ishchi guruhi tomonidan tuman mutasaddilari ishtirokida o‘rganib chiqildi.

O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi PF-5386-sonli farmoni va «Obod qishloq» dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3630-sonli qaroriga asosan «Qush qochdi» qishlog‘ida bir qator amaliy ishlar bajarilgani qayd etildi.

Xususan, mazkur qishloqda joylashgan 4-sonli umumta'lim maktabining mavjud binosi mukammal ta'mirlanib, qo‘shimcha ravishda yangidan 240 o‘rinli bino qurilgan hamda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, ushbu ishlarni bajarish uchun jami 2 milliard 214 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Mahalla hududida joylashgan 100 o‘rinli qishloq oilaviy poliklinika binosi mukammal ta'mirlandi. Mazkur obektni ta'mirlash ishlariga 427 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shuningdek, mahalla hududida yangi mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, 120 o‘rinli davlat-xususiy sherikchiligi asosida nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi, savdo do‘konlari, amfiteatr, bolalar maydonchasi yangidan qurilib foydalanishga topshirildi hamda ushbu maqsadlarga jami 3,80782 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Aholining elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida qishloqda 5 km (10/0.4 KV) havo elektr uzatish tarmog‘i, 1 dona (160 KVA) transformator punkti yangidan qurildi, 14,5 km yuqori va past bosimli havo elektr uzatish tarmoqlari ta'mirlanib, 0,4 km (10 KV) havo elektr uzatish tarmog‘i tayanchlari almashtirildi va ushbu bajarilgan ishlar uchun jami 261 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Hududda gaz ta'minotini yaxshilash maqsadida 16,7 km tabiiy gaz quvurlari 61,2 milion so‘m mablag‘ asosida joriy ta'mirlandi.

Transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida dastur doirasida 35ta ko‘chada 12,7 km ichki yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasidan qoplama va 9ta ko‘chada 4,2 km asfalt qoplama yotqizilib, jami 16,9 km yo‘llarda qurilish-ta'mirlash ishlarini bajarish uchun 3,9 milliard so‘m mablag‘ maqsadli yo‘naltirilib, tegishli ishlar to‘liq bajarildi.

Qishloq aholisining ichimlik suv ta'minotini yaxshilash maqsadida 11,8 km ichimlik suvi tarmoqlari va «Qush qochdi» suv yig‘ish va tarqatish inshootining qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 1,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan ishlar to‘liq yakuniga yetkazildi.

Maqolada qayd etilgan ichimlik suvi ta'minoti bo‘yicha ayrim suv quduqlarining qopqoqlari mavjud emasligi va quvur osti qismlari oxirigacha o‘rnatilib, usti yopilmagani kabi holatlar pudrat tashkiloti «Al-Amir qo‘rg‘oni» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan to‘liq bartaraf etildi.

Qurilish-ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari uchun jami 41 mashina qum, 52 mashina tosh, 46 mashina sheben mahsulotlari olib kelingan bo‘lib, 130 tonna sement, 63 m3 yog‘och mahsulotlari, 2650 dona shifer, 155 dona temir-beton (beton to‘siqlar, bloklar, tayanchlar va boshqalar), 855 tonna ohak, 3220 dona beton g‘isht (shlaka blok), 235 ming dona g‘isht, 2,7 tonna bo‘yoq ishlatildi.

Mahalladagi jami 519ta xonadon aholi va homiylar hisobidan ta'mirlanib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Dastur doirasida  48 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta'minlandi, 6 nafar kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylar shaharsozlik talablariga javob bermagani sababli tuman hokimligi va homiylar tomonidan qayta qurilgan holda tiklab berildi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 23ta xonadonning tashqi fasad qismi ta'mirlandi va xonadonlari obodonlashtirildi.

Maqolada qayd etilgan fuqarolar Oltinoy Qodirova va turmush o‘rtog‘i Olim Qodirovga tegishli bo‘lgan xonadon shaharsozlik talablariga javob bermagani sababli o‘zlarining roziligi va xonadon egasi tomonidan buzilib, turar joy binosini qayta qurish uchun tuman hokimligi va homiylar tomonidan 2 tonna sement, 19 ming dona g‘isht, 3 dona deraza romlari, 2 mashina tosh va 2 mashina shag‘al tosh mahsulotlari yetkazib berildi.

Bundan tashqari, fuqaroning murojaatiga ko‘ra xonadonini qayta tiklash ishlari homiylar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan holda hashar yo‘li bilan (3 xonali uyni tiklash, 2ta xonaga pol yotqizish, tom qismini yopish,  25 metr qo‘rg‘on devoriga poydevor qurish va uyni suvoqlash ishlari) amalga oshirildi hamda turar joyning tom qismini yopish uchun 120 dona shifer mahsuloti olib berildi.

Maqolada qayd etilgan fuqaro F.Abdullayevga tegishli bo‘lgan «Xo‘jalik mollari do‘koni» marhum otasi Sh.Abdullayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 16 sentyabrdagi 347-sonli qaroriga asosan xususiylashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ham umuman faoliyat yuritmayotgani aniqlangan.

Fuqaro F.Abdullayevga tegishli bo‘lgan «Xo‘jalik mollari do‘koni»ning faoliyati tuman davlat soliq inspeksiya tomonidan rasmiy hujjatlar asosida o‘rganilganda, savdo do‘koni 2016 yil avgust oyidan faoliyatini to‘xtatgani aniqlandi.

Bundan tashqari, mazkur «Xo‘jalik mollari do‘koni» faoliyati yuzasidan xolis mahalla faollari M.Yuldashev, A.To‘layev, Z.Xodjayev bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida ular ushbu do‘kon haqiqatdan ham 3-4 yildan buyon foydalanilmasdan bo‘sh turgani va undan maqsadli foydalanish choralarini ko‘rish lozimligini yozma ravishda bayon etgan.

F.Abdullayevga tegishli bo‘lgan «Xo‘jalik mollari do‘koni»ning old qismidagi gulzor va boshqa qurilmalar yo‘l yoqasi infratuzilmasi va qiyofasiga salbiy ta'sir ko‘rsatgani sababli obodonlashtirish ishlari uchun jalb qilingan maxsus texnikalar yordamida buzib olingan. Qurilish materiallari mahalla faollari guvohligida fuqaroning yashash xonadoniga yetkazib berilgan.

Dastur ijrosi jarayonida fuqaro F.Abdullayevga tegishli «Xo‘jalik mollari do‘koni» faoliyat yuritmasdan bo‘sh turgani sababli uning roziligi asosida tumanning «Obod qishloq» dasturini muvofiqlashtirish komissiyasi shtabi sifatida vaqtincha foydalanilgan va shtab a'zolari tomonidan binoga hech qanday moddiy zarar yetkazilmagan. Ushbu holat mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi aholi bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida ham o‘z tasdig‘ini topgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 fevraldagi «Mulkdorlar tomonidan foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona, maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi              PQ-3541-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2018 yil 7 mayda o‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra foydalanilmasdan bo‘sh turgani aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi «Davlat mulki» yagona axborot tizimi bazasiga kiritilgan.

Binodan samarali foydalanish, uning faoliyatini tashkil etish va ishga tushirish bo‘yicha boshqarmaning 2018 yil 29 oktyabrdagi 01/05-4811-sonli xati bilan fuqaroga tegishli tavsiyalar berilgan va yuqoridagi qaror talablaridan kelib chiqqan holda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan hozirgi kunga qadar fuqaro tomonidan biror bir ijobiy ishlar amalga oshirilmasdan kelinmoqda.

Ushbu holat bo‘yicha tuman hokimining sobiq  o‘rinbosari A.Raximovga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonuniy choralar ko‘rilgan.

Dastur doirasida Navbahor tumani «Qush qochdi» mahallasiga ajratilgan jami 15 milliard 306 million so‘m, shu jumladan, respublika va mahalliy budjetidan 9 milliard 673 million so‘m, tarmoq korxonalari mablag‘lari hisobidan («O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» AJlar) 301 million so‘m, boshqa manbalar hisobidan (Tijorat banklari kreditlari, homiy tashkilotlar, tadbirkorlar va aholi mablag‘i) 5,3 milliard so‘m mablag‘lar maqsadli yo‘naltirilgan.

Tumanda 2018 yilda «Obod qishloq» dasturi asosida belgilangan reja bo‘yicha qurilish-ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari to‘liq amalga oshirilgan. Bajarilgan qurilish-ta'mirlash ishlaridan foydalanish jarayonida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etib borilmoqda.

«Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturi doirasida aholi xonadonlari, ko‘chalar hamda aholi gavjum bo‘ladigan binolarni doimiy ravishda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishi lozimligi bo‘yicha aholiga keng tushunchalar va targ‘ibot-tashviqot ishlari jadallashtirildi.

Albatta, bu boradagi bunyodkorlik ishlarida jamoatchilik tomonidan aniqlangan kamchiliklar kelgusida ham tizimli ravishda bartaraf etib boriladi», – deyiladi Navbahor tumani hokimligi ma'lumotnomasida.

Navbahor tumanida «Obod qishloq» dasturi asosida dasturga kiritilgan mahallalarda olib borilayotgan loyihalarda bir qator muammolar borligi, bu esa aholining ko‘plab e'tirozlariga sabab bo‘layotgani, shu masalada tahririyatga ham ko‘plab murojaatlar bo‘layotganini jurnalistik surishtiruvlarimizda ko‘p ta'kidlaganmiz.

Kun.uz viloyat va tuman hokimliklari hamda tegishli tashkilotlar kelgusida ham bu kabi masalalarga yanada jiddiy e'tibor qaratishiga ishonch bildiradi.

Top