18:00 / 15.07.2019
47668

Maoshlar oshirilishi va inflatsiya poygasi qachon tugaydi? Moliya vaziri o‘rinbosari javob berdi

Foto: KUN.UZ

Bugun, 15 iyul kuni “Xalqaro press klub”ning "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida" farmonga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining “Maoshlar oshirilishi va inflatsiya o‘rtasidagi odatda inflatsiya g‘olib chiqadigan poyga qachon tugaydi? Savolga turtki bo‘lgan omil shuki, hanuz juda ko‘pchilik maoshlar va pensiyalar oshishini hadik bilan kutib oladi, sababi oddiy – narxlar ko‘tariladi, inflatsiya oshib ketadi. Inflatsiyani jilovlash bo‘yicha yaqin yoki uzoq muddatli biror dastur bormi?” degan savoliga moliya vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmetov shunday javob berdi:

– Oramizda Iqtisodiyot vazirligi vakillari yo‘q. Men savolingizga qisman javob berishga harakat qilaman. Albatta, maoshlar ko‘tarilishining inflatsiya oshishiga ta'siri bor. Aslida oyliklar 1 foizga oshishi inflatsiyani ham 1 foizga oshirmaydi, inflatsiya kamroq oshadi. Bizda inflatsiyaga mahsulotlarning narxi oshib borishi ta'sir etadi. Maoshlar va inflatsiya o‘rtasidagi quvlashmachoq hozircha tabiiy holat. Hukumat, qator vazirliklar, ayniqsa Iqtisodiyot vazirligi inflatsiyani kamaytirish bo‘yicha ko‘p ishlar olib bormoqdalar, maxsus yo‘l xaritalari ham qabul qilingan. Biz bir tomondan maoshlarni oshirmoqchi bo‘lamiz, ikkinchi tomondan inflatsiyani o‘ylaymiz, oltin o‘rtaliqni topishimiz kerak. Hozir hamma tomonni hisobga olib shu foiz rejalashtirilgan. Yana bir jihat – maoshlarni hammaga emas, ayrim-ayrim sohalarga maoshlar oshirilishi (masalan: (tahr.) ta'lim yoki sog‘liqni saqlash sohalarida maoshlar alohida oshirilishi) inflatsiya keskin oshib ketishining oldini oladi.  

Top