08:10 / 15.07.2019
11499
«Samarqandda ichkilikka ruju qo‘ygan erkaklar ro‘yxatini tuzib chiqib, statsionarlarda davolatdik» - Xotin-qizlar qo‘mitasi
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oiladagi zo‘ravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida brifing hamda jurnalistlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda 21 iyun kuni Senatning yigirmanchi yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni ish bilan ta'minlash masalalarida mas'ullarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayotganini tanqid qilgani qayd etildi.

“Davlatimiz rahbari ayollarimizga mutlaqo yarashmaydigan salbiy illatlar, ya'ni, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik, odam savdosi, oilaviy ajrimlar, erta nikohlarning, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish doimiy e'tiborimiz markazida bo‘lishi zarurligini ta'kidladilar, — dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova. — Hozirda qo‘mitamiz tomonidan Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bilan birgalikda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi”.

Elmira Bositxonovaning bildirishicha, prezident “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni davr talabi, deya aytib o‘tgan.

“Samarqand viloyatida ichkilikka ruju qo‘ygan erkaklarning ro‘yxatini tuzib chiqdik, — dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova. — Keyin ularni statsionarlarda davolatdik, sa'y-harakatlarimiz natijasida shunga erishdik. O‘ylaymanki, bu ham oilalardagi notinch vaziyatlarning oldini olishga hissa qo‘shadi”.

Ma'lum qilinishicha, yaqin kunlarda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Respublika ayollar ijtimoiy moslashuv Markazi ochiladi.

“Bu maskanda eri bilan janjallashgan, qaynonasi haydab yuborgan ayollarni joylashtirish mumkin bo‘ladi”, — dedi Mukarram Nurmatova.

Ma'lumot: prezidentning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni me'yoriy hayotga qaytarib, ularning farzandlariga ijtimoiy-psixologik, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida hududlarda Ayollar ijtimoiy moslashuv maslahat markazlari ish boshlagan. 

Top