15:57 / 16.07.2019
6810

Chiqindi poligonlari uchun 856,0 mln. doll (7,4 trln. so‘m) talab etilmoqda

Foto: Flickr

Joriy yilning 8 iyul kuni Kun.uz saytida “Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi: “Chiqindi poligonlari tartibga solinmagan, mablag‘ esa talon-toroj qilingan” sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Bu maqolaga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi o‘zining yozma munosabatini bildirdi.

Maishiy chiqindi poligonlarini sanitar-epidemiologik va ekologik talablar asosida tartibga keltirish yuzasidan amalga oshirilgan va amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar:

Bugungi kunda, Respublikada 221 ta maishiy chiqindi poligonlari mavjud bo‘lib, ularning 135 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi PQ–2916-son qarori asosida Davlat ekologiya qo‘mitasi balansiga qabul qilingan.

Chiqindi poligonlarining atrof muhitga va inson salomatligiga salbiy ta'sirlarini oldini olish va kamaytirish maqsadida, 2017 yilda 97 ta va 2018 yilda 100 ta poligonda tartibga keltirish ishlari amalga oshirilib, ushbu ishlarga jami 52,4 mlrd.so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirildi.

Davlat budjetidan chiqindi poligonlarini tartibga keltirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar asosida va sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida,

2017 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida hamda 2018 yilda Samarqand viloyatida chiqindi poligonlarida tartibga keltirish ishlarida yo‘l qo‘yilgan bir qator kamchiliklar, jumladan, ajratilgan mablag‘lardan samarasiz foydalanganlik holatlari aniqlandi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ma'lumotlar kiritilib, poligonlarda olib borilgan qurilish va ta'mirlash ishlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, yetkazilgan zararlar pudratchilar tomonidan qoplanib berilishi ta'minlandi.

Respublikada hosil bo‘layotgan qattiq maishiy chiqindilar hajmini kamaytirish, ularni ikkilamchi xomashyo sifatida ishlatish, qayta ishlash va energiya manbai sifatida foydalanish va maishiy chiqindi poligonlarining sonini qisqartirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi PQ–4291-sonli qarori bilan

2019 – 2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” tasdiqlandi.

Ushbu Strategiya doirasida 221 ta chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish, 59 ta yangi chiqindi poligonlarini barpo etish tadbirlarini amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 856,0 mln. doll (7,4 trln. so‘m) talab etilmoqda.

Bugungi kunda, hududlardagi maishiy chiqindi poligonlarining birontasi tegishli sanitar-ekologik me'yoriy talablar asosida barpo etilmagan. Shu sababli, davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar evaziga poligonlarda, faqatgina atrofini o‘rash, sanuzel, maishiy xona, maxsus texnikalarni yuvish joyi, dezbarer qurish, kirish yo‘lini asfaltlash, elektr energiya va texnik suv bilan ta'minlash ishlarini amalga oshirish mumkin, xolos.

Ta'kidlash joizki, birgina chiqindi poligonini belgilangan talablar asosida barpo etish va to‘liq tartibga keltirish uchun o‘rtacha 50 – 75 mlrd. so‘m mablag‘lar talab etiladi.

Zaruriy mablag‘larni ta'minlashda davlat budjetidan ajratiladigan, “Toza hudud” DUK va Ekologiya jamg‘armasi manbalari imkoniyati cheklanganligi sababli, belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ham ichki ham tashqi manbalardan, jumladan halqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy texnik ko‘mak, shu jumladan, grant va kredit mablag‘laridan foydalanish talab etiladi.

Shu bilan birga, zaruriy mablag‘larni “ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipini joriy etish orqali ayrim tovar turlari uchun ekologik yig‘imni joriy etishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan qoplash ko‘zda tutilgan.

Hozirgi vaqtda poligonlarda chiqindilarni tekislash, ko‘mish va rekultivatsiya ishlari “Toza hudud” DUKning mavjud maxsus texnikalari yordamida olib borilmoqda.

Shuningdek, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, Yevropa investitsiya banki ishtirokida Toshkent viloyatidagi mavjud poligonlarni rekultivatsiya qilish va yangilarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga asosan ushbu hududlardagi jami 60 ta poligon rekultivatsiya qilinib, o‘rniga zamonaviy talablar asosida 13 ta poligon barpo etish rejalashtirilgan.

Top