10:35 / 16.07.2019
38462

Tramp O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan uran importini tahdid deb tan olishdan bosh tortdi

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat ichida uran ishlab chiqarish uchun kvotalar o‘rnatishdan bosh tortdi. Bu haqda RBK xabar bermoqda.

Hujjatda davlat rahbari AQSh Savdo vazirligining xorijdan uran importi milliy xavfsizlikka tahdid solishi haqidagi xulosalariga qo‘shilmasligini ma'lum qildi.

Trampning ko‘rsatishicha, ular «jiddiy tashvish»ga sabab bo‘lmoqda hamda ushbu masalani yanada chuqurroq o‘rganib chiqishni talab qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda «milliy xavfsizlikning barcha aspektlari yadro yoqilg‘isini yetkazib berishning zanjiriga nisbatan to‘liq tahlil etilishi lozim».

2018 yil iyul oyi o‘rtalarida AQSh Savdo vazirligi uran importiga bog‘liqlik milliy xavfsizlikka tahdid solishi bo‘yicha surishtiruv boshladi.

Ariza beruvchilarning ko‘rsatishicha, uranni soha asosan hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan davlatlar yetkazib bermoqda (Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Xitoy). Shuningdek, mudofaa va bandlik uchun xatarlar borligi aytilib, so‘nggi yillarda AQShdagi uchta kompaniya qazib olishni to‘xtatgani ta'kidlangan.

2017 yilda O‘zbekiston U3O8 ekvivalentidagi 2,15 million funt uranni AQShga yetkazib berdi. Bu Qo‘shma Shtatlar uran importida davlatlar orasidagi beshinchi ko‘rsatkich.

Importda birinchi o‘rinni Kanada egallaydi - 14,05 million funt, Avstraliya ikkinchi - 8,13 million funt, uchinchi Rossiya (7,07 million funt) va to‘rtinchi Qozog‘iston (4,64 million funt).

Shu bilan birga, O‘zbekiston urani eng arzonlaridan biri sanaladi - U3O8 ekvivalenti funtiga o‘rtacha narx 37,7 dollar. Rossiyada bundan ham arzonroq - bir funt uchun 31,5 dollar. Misol uchun, Qozog‘iston 38,3 dollardan, Kanada 40,6 dollardan, Avstraliya esa 42,4 dollardan sotadi.

Financial Times ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda uran ishlab chiqarish bo‘yicha yettinchi o‘rinda turadi. 2018 yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston uranni 106 million dollarga sotdi. 

Bundan oldin, O‘zbekiston oltin va uran zaxiralarini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirayotgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top