17:40 / 16.07.2019
10260

Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasining FVVga o‘tkazilishi vakolatlar cheklanishiga olib kelmaydi

Bugun, 16 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida prezident tomonidan 2019 yil 10 aprel kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta'minlashning sifat jihatdan yangi mexanizmini joriy etish to‘g‘risida”gi farmon bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, quyidagi tuzilmalar Favqulodda vaziyatlar vazirligiga berildi:

Ichki ishlar vazirligidan: Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari hamda Yong‘in xavfsizligi instituti;

Mudofaa vazirligidan: Gidrometeorologik jarayonlarga ta'sir ko‘rsatishni boshqaruv xizmati;

Gidrometeorologik xizmati Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining “Yong‘in xavfsizligi tizimining Ichki ishlar vazirligidan olinib, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga berilishi vakolatlar cheklanishiga olib kelmaydimi? Ya'ni aholi ustidan profilaktik nazorat susaymaydimi?” - degan savoliga Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Zuparov shunday javob berdi:

– Farmonga ko‘ra, vazirlik o‘zgargan bo‘lsa-da, yong‘in xavfsizligi, profilaktikasi bo‘yicha barcha vakolatlar tizimimizda saqlanib qolingan. Bu boradagi profilaktika jarayonida ta'sir choralari, jumladan jarimalar o‘z o‘rnida qoladi. Endi ish samaradorligiga kelsak, bizda oldin ham IIV va FVV o‘zaro hamkorlikda ish olib borgan. Sababi, yong‘in har ikki vazirlik bartaraf etishi lozim bo‘lgan holat edi. Endi barcha xizmatlar yagona tizimga birlashtirildi, tabiiyki bu ishimiz samaradorligiga ijobiy ta'sir qiladi.

Top