18:36 / 17.07.2019
6619
Farhod Ermanov: «Xorazmda qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha 20 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshiramiz»
Foto: KUN.UZ

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholi bilan tadbirkorlarni tashvishga solayotgan va yechimini kutayotgan dolzarb muammolar bo‘yicha Kun.uz tahririyatiga eksklyuziv intervyu berdi.

Viloyat rahbari suhbat davomida qishloq xo‘jaligining paxtachilik, sholichilik va g‘allachilik yo‘nalishlari bilan bir qatorda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalarini rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilishi to‘g‘risida ham gapirdi.

«Baliqchilikni rivojlantirish, baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinmoqda. Lekin mahsulotlar Respublikaning boshqa bozorlariga olib ketilyapti. Ammo bu birinchi navbatda viloyat bozorlariga yetkazib berilishi kerak, odamlar baliq mahsulotlarini belgilangan me'yordan kam bo‘lmagan miqdorda iste'mol qilishi kerak. Biz birinchi bo‘lib o‘z ichki bozorimizni to‘liq ta'minlashimiz, mahalliy aholi ehtiyojlarini qondirishimiz lozim. Buning uchun baliq mahsulotlarini yetishtirish va bozorlarda sotishda gigiyena qoidalariga javob beradigan sharoitlarni yaxshilashimiz kerak. Bu bo‘yicha zarur monitoringlar o‘tkazish va sharoitlarni yaratish bo‘yicha kerakli topshiriqlarni berganmiz.

Chorvachilik masalasida gapiradigan bo‘lsak, bayram kunlari arafasida fermerlarni chaqirib tegishli topshiriqlarni beryapmiz. Hozir bozorda go‘sht narxi 40-45 ming so‘m atrofida. Go‘shtni qassoblarga yuqori narxda sotmasligi kerakligini tushuntiryapmiz. Bir ho‘kizni so‘yib, arzon narxda xalqqa sotish bilan fermer kasod bo‘lmaydi. Hozirgi kunda qoramolning go‘shti qiymatini haqqoniy hisoblab ko‘rsak, 1 kilogrami 30-35 ming so‘mdan oshmayapti. Shunga qaramay ba'zi noinsof deymizmi yoki nazoratsiz qolayotgan deymizmi qassoblarimiz narxlarni o‘zlari xohlagandek oshirib sotmoqda. Bu bo‘yicha ham ishlarni nazoratga olishimiz, narxlarning arzon bo‘lishini ta'minlashimiz kerak.

Aholiga yetkazib berish kerak bo‘lgan sut mahsulotlarini ham qayta ishlashga yo‘naltirishimiz kerak. Shunda bozorlardagi narxlar ham o‘z o‘rniga tushishni boshlaydi.

Hozirgi kunda 17 ming gektarga yaqin bog‘larimiz bor. Fermerlar bog‘dorchilik mahsulotlarini sotib, tushgan mablag‘larni bank orqali aylantirishi lozim. Afsuski, unday emasligini ko‘ryapmiz. Tabiiyki, bu mahsulotlar qayerga ketib turibdi, qayerda sotilyapti degan savol tug‘iladi.

Baliqchilik, parrandachilik va boshqa sohalarni ham rivojlantirish bo‘yicha juda katta loyihalarimiz bor. Prezidentimizning Xorazm viloyatiga ilk tashrifi davomida 8,7 trillion so‘mga teng 1073ta loyiha amalga oshirilishiga kelishib olgan edik. Ammo keyinchalik, boshqa viloyatlarda bunday loyihalar soni ko‘p va qiymati ham bir necha marta yuqori ekanini bildik. Shundan so‘ng biz ham loyihalarimiz sonini oshirdik. Qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha 20 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirishni belgilab oldik. Loyihalarni amalga oshirish uchun chora-tadbirlar, rejalar ishlab chiqilgan. 

Tuyaqushchilikni rivojlantirishga ham e'tibor qaratilmoqda. Yaqinda viloyatimizga mingta tuyaqush olib keldik. Ularning sonini har bir tumanda mingta qilish rejamiz bor.

Parrandachilik sohasini olib qarasak, viloyatimizda hazorasplik tadbirkorlar yetakchilik qilmoqda. U yerda juda ko‘p parrandachilik majmualari tashkil qilingan. Ularning sonini yanada oshirishimiz kerak.

Quyonchilik sohasiga ham e'tibor qaratishimiz lozim. 900 bosh nasldor quyonni olib kelib, Urganch tumani aholisiga tarqatdik. Quyonni berib, uning yemi bilan ta'minlab, keyinchalik, ma'lum kilogramga yetganidan so‘ng qayta sotib olish mumkin. Quyon go‘shti va mo‘ynasini qayta ishlash orqali esa yaxshi daromad olish mumkin», - dedi Farhod Ermanov.

Viloyat hokimidan olingan intervyuning to‘liq talqini bilan videolavha orqali tanishishingiz mumkin.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Top