17:10 / 17.07.2019
11764
Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi iste'foga chiqdi
Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov o‘z arizasiga asosan lavozimidan ozod etildi.

Bugun qo‘mitada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari Bosh assambleya yig‘ilishida uning iste'fosi bir ovozdan qabul qilindi.

Ayni paytda bosh kotib lavozimiga nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda. Bu masaladagi yakuniy qaror navbatdagi Bosh assambleya yig‘ilishida qabul qilinadi.

MOQ xabariga ko‘ra, bugungi yig‘ilish kun tartibidan faqatgina Matchanovning iste'fosi masalasi o‘rin olgan edi. Yig‘ilishda qo‘mita prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, vitse-prezident Azizjon Komilov va Bosh assambleya a'zolari qatnashdi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, boks bo‘yicha jahon chempionati va Osiyo o‘yinlari sovrindori Jasur Matchanov Milliy olimpiya qo‘mitasida 2018 yilning 16 yanvaridan buyon bosh kotib sifatida ishlab kelayotgan edi.

«Uning boshchiligida Milliy olimpiya qo‘mitasi xalqaro aloqalarini yanada mustahkamladi. Shuningdek, Jasur Matyakubovich o‘tgan yili Argentina poytaxti Buenos-Ayresda o‘tkazilgan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qildi. Aynan mazkur musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlaridagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Umid Ahmadjonov o‘rniga Rustam Shoabdurahmonov MOQ prezidenti bo‘lgach, iyunda qo‘mitaning ikki vitse-prezidenti ham almashgan – bu lavozimda olti oy faoliyat yuritgan Ahmadjon Rahimov va Komiljon Ro‘ziyev o‘rniga Saken Polatov va Azizjon Komilov saylangan edi. Milliy olimpiya qo‘mitasining yana bir vitse-prezidenti Salim Abduvaliyev – O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi hisoblanadi. 

Top