10:20 / 17.07.2019
11105

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahar hokimligining qarori loyihasiga munosabat bildirdi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlar undirish vaqtinchalik tartibini belgilash va 2019 yil uchun yig‘im stavkalari to‘g‘risida”gi Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining qarori loyihasi e'lon qilingandi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘mita ushbu hujjat loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 702-sonli qarori va ushbu Qarorning 9-bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqib, Toshkent shahar hokimligiga o‘z takliflarini kiritdi.

Jumladan: 

1. Qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi tomonidan tasdiqlanayotganligi sababli, Qaror nomini shunga muvofiqlashtirilishi hamda qaror va uning ilovasi Kengashda ko‘rib chiqish.

2. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 702-sonli Qarorining 1-bandida tashqi reklama joylashtirish huquqi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan miqdorda yig‘im undirilishi, bunday yig‘imlarni undirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan.

Shu sababli, Qaror loyihasining 2-bandini “Tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun vaqtinchalik yig‘imlar miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin” tahririda bayon etish.

3. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 702-sonli Qarorining 1-bandi yettinchi xatboshisida tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish bo‘yicha shartnomalar tuzish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Shunga ko‘ra, loyihaning 3-bandini ushbu Qaror talablariga moslashtirish hamda Toshkent shahrida tashqi reklama vositalari egalari bilan shartnomalar tuzilmaganligi va 2018 yil 1 dekabrdan buyon tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlar undirilmayotganligi sababli, loyihaning 3-bandiga tuman hokimliklariga Toshkent shahrida (tegishli ma'muriy hududda) o‘rnatilgan tashqi reklama vositalari egalari bilan shartnomalar tuzish ishlarini qisqa muddatda (10 kunlik muddat ichida) yakunlashni amalga oshirish vazifasini kiritish.

4. Loyihaning 4-bandida Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun 2018 yil 1 dekabridan yig‘iladigan yig‘imlarning 10 foizini “Poytaxt reklama servis” DUK ixtiyoriga, 90 foizini Toshkent shahar mahalliy budjetiga yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan.

Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 702-sonli qaroriga muvofiq, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlarning 90 foizi tuman (shahar) budjetiga, 10 foizi “Tasviriy oyina” ijodiy birlashmasi va uning hududiy filiallariga milliy g‘oya va ma'naviyat targ‘iboti tadbirlarini moliyalashtirish, uning apparati xodimlarini ta'minlash uchun yo‘naltirilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan, loyihaning 4-bandidagi “Poytaxt reklama servis” DUK” so‘zlarini “Tasviriy oyina” Respublika ijodiy birlashmasi” so‘zlari bilan o‘zgartirish.

5. Loyihaning 5-bandida “Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi, tuman hokimliklariga Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlarni undirish tartibi va yig‘imlar miqdorini soliq to‘lovchilar e'tiboriga yetkazilishi va ijro etilishini ta'minlash topshirilsin”, deb ko‘rsatib o‘tilgan.

Lekin, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 702-sonli qaroriga muvofiq, tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri yo‘naltirilishi (90/10 foiz taqsimlanishi) yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklatilganligi sababli, loyihaning 5-bandini quyidagicha tahrir qilish:

“5. Toshkent shahar moliya bosh boshqarmasi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi bilan birgalikda tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri yo‘naltirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin va tumanlar kesimida har oy yakuni bilan Toshkent shahar hokimligiga axborot kiritib borsin.”.

6. Qarorning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga ta'siri mavjudligi sababli uning kuchga kirish muddatini qayta ko‘rib chiqish.

Yuqoridagilarga asosan, “Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlar undirish vaqtinchalik tartibini belgilash va 2019 yil uchun yig‘im stavkalari to‘g‘risida”gi Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashining qarori loyihasini amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilishi lozimligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahar hokimligiga rasmiy xat kiritildi, deyiladi xabarda.

Top