9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

21:12 / 17.07.2019 1742

O‘zbekistonda o‘tgan olti oy davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 18 700dan ortiq shaxsga nisbatan 14 269 ta ish ko‘rib chiqildi

2019 yilning birinchi yarim yilligida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 18 745 nafar shaxsga nisbatan 14 269 ta ish ko‘rib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkichlar 2018 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo‘yicha 29,1 foizga, ishlar bo‘yicha esa 29,7 foizga kamaygan.

Jumladan, 333 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 14 733 nafarni tashkil etib, shundan 3 798 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 10 191 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 744 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 13 005 nafari erkaklar, 1 728 nafari ayollar, 5 947 nafari yoshlar (shu jumladan 272 nafari voyaga yetmaganlar), 438 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.

Shuningdek, 1 595 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 13 346 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 4 084 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi, 3 534 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

166 nafar shaxsga Yoshlar ittifoqi, 131 nafar ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi va 764 nafar shaxsga mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash, fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish, odam savdosi, mansab soxtakorligi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish kabi jinoyatlar uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 3 228 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 286,8 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 1 693 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

6 677 ta jinoyat ishi, ya'ni barcha ishlarning qariyb 46,8 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 879 nafar shaxsga nisbatan 696 ta ish ko‘rib chiqildi. 552 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 242 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Aziz Obidov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati vakili

Top