20:46 / 18.07.2019
6942

«Ammofos-Maksam» zavodi tomonidan atrof-muhit muhofazasi uchun ajratilgan 1 mlrd 160 mln so‘m behuda sarflangan

Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan Olmaliqdagi «Ammofos-Maksam» AJ faoliyatining atrof-muhit va aholi salomatligiga ta'siri holati bo‘yicha jamoat eshituvi bo‘lib o‘tdi. Jamiyat binosida tashkil etilgan anjumanda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari mutasaddilari, «O‘zgidromet» markazi va boshqa mas'ul tashkilot a'zolari ishtirok etishdi.

Respublika ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Ibrat Karimov zavod faoliyatining tabiiy muhitga keltirayotgan zarari to‘g‘risida gapirdi.

«Zavod tomonidan atrof-muhit muhofazasiga yo‘naltirilgan tadbirlari uchun 2018 yilda 1 mlrd. 160 mln. so‘m atrofida mablag‘ sarflangan, ammo samarasi ko‘rinmayapti. Korxonaga yangi texnologiyalarni olib kirish maqsadida 2019 yil birinchi yarim yilligida jami 3 mln. 428 ming AQSh dollari sarflangan. 2018 yil davomida zavoddan atmosfera havosiga 1256 tonnadan ortiq zararli modda chiqarilgan. Bu respublika bo‘ylab 0,5 foizni tashkil qiladi. 2018 yilda respublika sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalarning ushlab qolinishi 86,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu raqam «Ammofos-Maksam» AJda 40 foizni ko‘rsatyapti. Zavoddagi eng katta muammo 260 gektardan ortiq maydonda 71 mln. 808 ming tonna fosfogips chiqindisi uyumidir. Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 216 ming tonna fosfogips chiqindisi (umumiy chiqindining atigi 3 foizi) qayta ishlangan. 2019 yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha 240 ming 470 tonna fosfogips chiqindisi hosil bo‘lgan».

Karimovning ta'kidlashicha, ifloslantiruvchi moddalar va oqova suv manbalarini uzluksiz ravishda avtomatik kuzatuv tizimini joriy etish kerak. Bu atrof-muhitga keltirilayotgan zararlar darajasini aniqlashga yordam beradi.

Mavzuga oid
Top