11:35 / 18.07.2019
7135

Andijon va Farg‘ona viloyatida hokimlar qatnashgan ommaviy sayyor qabullar haqida ma'lumot berildi

Andijon viloyatida 2019 yilning olti oyi davomida viloyat, tuman, shahar darajasidagi sektorlar rahbarlari tomonidan aholi bilan 685 ta ommaviy qabul, ya'ni, ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ularda salkam 44 ming nafar fuqaro ishtirok etgan. 

Viloyat sektor rahbarlari tomonidan 43 ta muloqot jarayonida 6 ming 785 ta masala ko‘rib chiqildi. Ularning 58 foizi qabul joyining o‘zida qanoatlantirildi. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbari Shuhrat Abdurahmonovga 7 ta tumandan ichimlik suvi ta'minoti bo‘yicha muammoga daxldor murojaatlar asosida 64 kilometr suv tarmog‘i qurildi, 12 dona suv qudug‘i va 29 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilindi. Bu 9 milliard so‘m mablag‘ sarflashni talab qildi. 

Viloyat hokimi - 1-sektor rahbariga Oyim shaharchasida o‘tkazilgan sayyor qabul kuni kam ta'minlangan oilalar vakillaridan 15 kishi murojaat qildi hamda ularga 50 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi.  

Tuman, shaharlar kesimidagi sektorlar rahbari tomonidan o‘tkazilgan 642 ta ommaviy qabul davomida 35 ming nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etgan, aksariyat murojaatlar joyida qanoatlantirilgan. Bundan tashqari, qabul-muloqotlarda viloyatga tashrif buyurgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va respublika miqyosidagi idoralar rahbarlari tomonidan aholining dard-u tashvishlari izchil o‘rganilmoqda. Ana shunday 20 ta qabul chog‘ida qariyb 1 ming 900 ta murojaat ko‘rib chiqildi.

Farg‘ona viloyatida esa hokim, 1-sektor rahbari Shuhrat G‘aniyev tomonidan Marg‘ilon shahar 1-sonli davlat ixtisoslashgan umumta'lim maktabida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Unda Marg‘ilon, Farg‘ona va Quvasoy shaharlari, Farg‘ona, Quva tumanlaridan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Qabulda jami 122 nafar fuqarolar qatnashib, ulardan bevosita viloyat hokimiga 86 ta murojaat kelib tushdi. Jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining 25 ta uy-joy bilan ta'minlash va ta'mirlash, 8 ta ishga joylashish, 4 ta bank krediti ajratishdagi muammolar, 7 ta moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarda murojaatlari ko‘rib chiqildi.

O‘tkazilgan qabul natijalari bo‘yicha 15 nafar murojaatchilarning masalasi joyida ijobiy hal etildi, 8 nafar murojaatchilarga tushuntirish berildi, 63 ta murojaatlar bo‘yicha amaldagi qonunlarga ko‘ra o‘rganib chiqish uchun qabulda ishtirok etgan viloyat boshqarma, tashkilotlari rahbarlari hamda shahar, tuman hokimlariga topshiriqlar berildi. 

Top