14:31 / 18.07.2019
6975

Bosh prokuratura: Qozog‘iston hududidagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlari himoyasi muhokama qilindi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Joriy yilning 17 iyul kuni Bosh prokuraturada O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturalari o‘rtasida 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Qozog‘iston Respublikasi bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Berik Asilov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbatdoshlar O‘zbekiston – Qozog‘iston chegara hududlaridagi o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar. Xususan, chegaradosh hududlarda sodir etilgan jinoyatlarni birgalikda tergov qilish, shuningdek Qozog‘iston Respublikasi hududidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida sermahsul aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning hamkorligiga oid yig‘ilish Bayonnomasi imzolandi.

Tadbir yakunida Qozog‘iston Respublikasi bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari B.Asilov qabul uchun minnatdorlik bildirib, o‘zaro idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini ta'kidlagan.

Top