10:06 / 18.07.2019
7270

Elektron hukumat nega to‘liq ishga tushirilmayapti?

Foto: Shutterstock

Bugungi axborot texnologiyalari keng rivojlangan davrda aksariyat mamlakatlar elektron hukumat, shu jumladan davlat xizmatlarini raqamlashtirilgan tizimini, ya'ni qog‘oz ko‘rinishidagi arxiv ma'lumotlarini elektron ko‘rinishga o‘tkazish ishlarini keng joriy etmoqda.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarimizni tahlil qilganimizda fuqarolarimiz elektron xizmatlardan yoki foydalanishmaydi, yoki ularni yetarli darajada avtomatlashtirilmaganini ta'kidlashadi, deb xabar bermoqda Davlat xizmatlari agentligi.

Asosiy muammolar nimada?

Albatta, elektron hukumat va onlayn davlat xizmatlari rivojlanishida barcha davlat idoralarining o‘rni beqiyos. Bunga faqatgina har bir davlat idorasi mas'uliyatni his etgan holda o‘ziga tegishli bo‘lgan ma'lumotlar bazasini hamda arxivlarini o‘z vaqtida raqamlashtirsagina erishish mumkin.

Tahlillar natijasi, aksariyat idoralarning davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘ladigan ma'lumotlar bazalari raqamli ko‘rinishga keltirilmaganligini ko‘rsatmoqda.

“O‘zarxiv” agentligining ma'lumotiga ko‘ra, Milliy arxiv fondi hujjatlarining 5 % va alohida qimmatli hujjatlarning 23 % raqamlashtirilgan, xolos.

Misol uchun, 17 milliondan ortiq o‘rta ta'lim maktablari va 6 millionga yaqin o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarining shahodatnomalari hamda 5 milliondan ortiq xodimlarning ishlaganligini tasdiqlovchi hujjatlari (mehnat daftarchalari) raqamlashtirilmagan.

Bugungi kunda davlat organlari va boshqa tashkilotlar bu boradagi yo‘nalishlar bo‘yicha yetarli ishlarni amalga oshirmayaptilar yoki ularning rahbarlari tomonidan ushbu holatga jiddiy yondashilmayapti.

Barcha davlat organlarining davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar bazalarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazmasdan turib, elektron hukumat tizimini to‘laqonli amaliyotga joriy etib bo‘lmaydi.

Hattoki, bugungi kunda “O‘zarxiv” agentligida butun respublikani qamrab oladigan ma'lumotlar bazasi va axborot tizimi haligacha mavjud emas.

Bu esa jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Masalan, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy so‘rovlarini bajarish bo‘yicha berilgan murojaatlari mavjud qonunchilikka asosan davlat arxivlari tomonidan 30 kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi. Agarda, ushbu tizim to‘liq joriy etilsagina, fuqarolarga Davlat xizmatlari markazlari orqali kerakli ma'lumotlarni qisqa daqiqalarda taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

Buni amalga oshirish uchun albatta ko‘p vaqt va mablag‘ talab etiladi. Mana shunday tizimni yo‘lga qo‘ysak bu nafaqat Davlat xizmatlari markazlari tomonidan, balki boshqa davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatlarini ko‘rsatilishida ham qulaylik yaratadi.

Vaziyatni o‘zgartirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Hozirda Davlat xizmatlari agentligi hujjatlarni raqamlashtirish borasida ilk qadamlarni qo‘ygan bo‘lib, FHDYo organlari hujjatlarini elektron ko‘rinishga o‘tkazish ishlarini olib bormoqda.

Buning uchun 2018 yil 12 iyunda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3785-son qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Davlat xizmatlari agentligiga “Yagona elektron FHDYo arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish uchun FHDYo organlarida saqlanayotgan 60 milliondan ortiq fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish hamda 2022 yil 1 yanvarga qadar yagona elektron FHDYo arxiv fondini shakllantirishni tugatish vazifasi yuklatilgan.

FHDYo arxivlarida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazishni belgilangan vaqtda yakunlash maqsadida, Agentlikning hududiy boshqarmalariga 147 ta arxivarius shtat birligi ajratildi va ularga tegishli shart-sharoitlar yaratib berildi.

Hozirgi vaqtda FHDYo bo‘limlari va arxivariuslar tomonidan bir kunda o‘rtacha 60 mingdan ortiq dalolatnoma yozuvlari haqidagi ma'lumotlar axborot tizimiga kiritilishi ta'minlanmoqda.

Natijada, bugungi kunga qadar “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimiga 20,1 milliondan ortiq fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari (jamiga nisbatan 36,8 %) kiritilishiga erishildi.

Shuningdek, axborot tizimiga dalolatnoma yozuvlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kiritish bilan birgalikda, dalolatnoma yozuvlarini skaner ko‘rinishda ham kiritish lozim. Shu maqsadda, Germaniya davlatidan zamonaviy skanerlovchi qurilmalar olib kelindi.

Barcha fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish fuqarolarning ko‘p vaqt kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishining oldini olib, ushbu sohada oshkoralikni ta'minlaydi hamda davlat xizmati ko‘rsatish jarayonida inson omiliga barham beradi. Natijada, poraxo‘rlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarning oldi olinadi va byurokratik holatlarning yo‘qolishiga xizmat qiladi.

Buning uchun har bir davlat organi va boshqa tashkilotlar o‘zlarining ma'lumotlar bazalarini FHDYo elektron arxivi kabi raqamli ko‘rinishga keltirishi lozim.

Top