15:02 / 18.07.2019
6585
Jizzaxda ilk bor jurnalist va blogerlar o‘rtasida harbiy musobaqa o‘tkazildi

Jizzax viloyatining Forish tog‘ poligoniga respublika nashrlarida faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar taklif qilindi. Mudofaa vazirligi va Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan musobaqaga 20 ga yaqin ishtirokchilar to‘plandi.

Musobaqa shartlariga ko‘ra, jurnalist va blogerlar poligonda o‘q otish mashqlarini bajarib, merganlik qobiliyatini sinovdan o‘tkazishdi. Shu bilan birga, musobaqa ishtirokchilari jangovar texnikalardagi ekipaj tarkibida 10 kmga harakatlanishdi. Harbiylarning hayot tarzi, harbiy texnikalar bilan tanishdi.

«Bugungi sharoitlar va mavjud salohiyatdan kelib chiqib bemalol aytish mumkinki, armiyamizdan faxrlansak arziydi. Mudofaa vazirligi tashabbusi OAV vakillari ko‘magida armiyamizni xalqqa har tomonlama yaqinlashtirishni niyat qilganmiz. Aytaylik, ilgari hech kim harbiy poligonga yaqinlashmagan bo‘lsa, hozir bu yer istovchilar uchun ochiq, kelsin ko‘rsin, vatan himoyachilaridan faxrlansin», – deydi Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, polkovnik Oybek Saidov.

Otish tayyorgarligidan eng yuqori natija ko‘rsatgan jurnalist va blogerlarga qo‘mondonning maxsus sovg‘alari, barcha ishtirokchilarga esa esdalik sovg‘alar tarqatildi. Ma'lumot uchun, Markaziy harbiy okrug 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiy bo‘linmalari Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida joylashgan.

 

 

Top