13:39 / 19.07.2019
9205

Arzon uy-joylar qurishda qator viloyatlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani keskin tanqid qilindi - Qurilish vazirligi

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligida vazirlik va uning hududiy bo‘limlari tomonidan 2019 yil birinchi yarim yilligida bajarilgan ishlar va ikkinchi yarim yillikdagi vazifalar bo‘yicha hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezidentning 2018 yil 19 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4067-sonli qarori bilan tasdiqlangan dasturga ko‘ra, joriy yilga belgilangan obektlarning jami soni 2 773 tani tashkil etadi. Shundan yangidan boshlanadigan obektlar 2 137 ta va 636 tasi o‘tgan yillardan o‘tuvchi obektlardir.

Prezidentning 2018 yil 24 noyabrdagi «Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4028-sonli qaroriga muvofiq  joriy yilda jami 351 ta massivda 15 010 ta, jumladan, 2 992 ta arzon namunaviy uy-joy va 12 018 ta kvartira qurilishi rejalashtirilgan. 

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

Bugungi kunda ushbu massivlarda uy-joylarning yer tanlash va ajratish uchun tegishli hudud hokimlarining qarorlari tasdiqlangan hamda ushbu uy-joy va kvartiralarning arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (ART-1), (ART-2) hujjatlari tayyorlanib, topos'yomka ishlari bajarilgan, geologiya xulosalari olingan, loyiha topshiriqlari va bosh reja loyihalari hamda obektlar loyihalari ishlab chiqilib, pudrat tashkilotlari aniqlanib, qurilish ishlari olib borilmoqda. 

Biroq bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yish holatlari uchrayotgani keskin tanqid qilindi.

2019 yil dasturiga asosan respublikada jami 399 ta, ya'ni 29 ta 5 qavatli, 332 ta 7 qavatli, 35 ta 9 qavatli va 3 ta 16 qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 51 tasida ishlar  yakunlangan bo‘lsa, qolgan 348 tasida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda ko‘plab hududlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ushbu dolzarb vazifalarga o‘z vaqtida yetarlicha e'tibor qaratilmagani, qurilish ishlari uchun zarur tayyorgarlik ko‘rilmagani va bu, o‘z navbatida, obektlarni belgilangan muddatda topshirish yoki aniqroq qilib aytganda, sifatli qilib yakunlash masalasida qiyinchiliklarning ortishiga sabab bo‘layotgani ta'kidlandi. 

Joriy yilning birinchi yarim yilligida qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan obektlar qurilishi davomida jami 22 132 marotaba nazorat ishi amalga oshirilgan.  Obektlarda qurilish-montaj ishlari jarayonida kamchilik va nuqsonlar aniqlanib, 5 012 ta pudratchi, 1 820 ta buyurtmachi, 708 ta loyiha tashkilotiga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan jami 7 540 ta yozma ko‘rsatma berildi.

Mavzuga oid
Top