09:07 / 19.07.2019
9944

Toshkent - Mozori-Sharif yo‘nalishida aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 17 iyul kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Afg‘oniston hukumatlararo komissiyasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda

Majlisda oliy darajadagi uchrashuvlar, shuningdek, turli maqomdagi delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni samarali ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

15-16 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligida Afg‘oniston Islom Respublikasi transport vazirining o‘rinbosari Imom Muhammad Varimodj bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar transport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi. 

Jumladan, transport masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Afg‘oniston o‘rtasidagi xalqaro avtomobil transporti to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma, shuningdek, Afg‘oniston, Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi tovarlarni tranzit qilish to‘g‘risidagi kelishuvni tomonlar birgalikda qo‘rib chiqishdi. Afg‘oniston tomoni havo harakatlari bo‘yicha hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirishga tayyorligini bildirdi. Ikki mamlakat aviatsiya ma'muriyatlari birgalikda Mozori-Sharif – Toshkent – Mozori-Sharif yo‘nalishi bo‘ylab parvozlarni amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqdilar.

Har ikki davlat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan temir yo‘l transporti sohasidagi quyidagi bandlar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Afg‘oniston Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining hududlarida temir yo‘llarda yuklar hajmini oshirish zarurligi ta'kidlandi. Shu munosabat bilan, o‘zbek tomoni 2019 yilga mo‘ljallangan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarif siyosatida 20 % hajmida imtiyozlar berishni ma'lum qildi. 

Shu bilan birga, ikki tomon Afg‘onistondan ilk marotaba eksportga 180 tonna mineral talkni yetkazib berilishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Tomonlar, shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Transport Vazirligi har chorakda O‘zbekiston hududidan eksport qilingan yuklar to‘g‘risida ma'lumot berishga kelishib oldilar. Qolaversa, temir yo‘l transportining (eksport/import) hajmini ko‘paytirishga kelishildi. Shu munosabat bilan, afg‘on tomoni Afg‘onistondan Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning tovarlari nomenklaturasi va eksporti hajmi haqida yozma ma'lumotni muntazam taqdim etib borishini qayd etdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni eksport qilish uchun imtiyozli tariflar bo‘yicha Qozog‘iston tomoni bilan muzokaralar o‘tkazishga yordam berishga tayyor ekanligini ta'kidladi.

O‘zbekiston tomoni yuklarni tashish bo‘yicha Afg‘on tarafiga tavsiya etilgan ekspeditor kompaniyalar ro‘yxatini taqdim etadi. Yuqoridagilarni inobatga olib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun afg‘on tomoniga 1520 standarti taqdim etildi. Afg‘on tomoni yaqin kelajakda temir yo‘l qurilishi loyihalarida 1520 standart bo‘yicha ishlashga tayyorligi to‘g‘risida rasmiy xabar yuborishini bildirdi.

Top