08:30 / 20.07.2019
25020

IIBning soxta xodimi 7 yilda 9 marotaba sudlandi

Foto: KUN.UZ

Ayni paytda firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan ayrim yurtdoshlarimiz “Ichki ishlar xodimi” degan sharafli nomni bulg‘ayotgan holatlar ham oz bo‘lsa-da, bo‘y ko‘rsatib qolyapti, deb yozadi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining sudyasi Feruza Siddiqova Adolat gazetasida.

31 yoshli J.A. nafaqat o‘zi istiqomat qilgan “Qashqar” mahallasida, balki Marg‘ilon shahrida ham allaqachon otning qashqasidek tanilib ulgurgan. Negaki, dastlab 24 yoshida, ya'ni 2012 yilda firibgarligi uchun sudlangan bu yigit o‘tgan 7 yil mobaynida 8 marotaba aynan ana shu jinoyati tufayli sudning qora kursisiga o‘tirishning “uddasidan chiqdi”. Lekin J.ning so‘qir ko‘zi shunda ham ochilmadi. 
 
Oqibatda u to‘qqizinchi bor firibgarlikka qo‘l urdi.
 
Gap shundaki, qonunga binoan xavfli retsidivist deb topilgan J. 2018 yil aprel oyida milliy shirinliklar va turli pishiriqlar bilan savdo qiluvchi tanishi N.M.ning uy sotib olish niyatida yurganidan xabar topib qoldi. Xabar topdi-yu, darhol ayolni avrashga kirishdi. Aniqrog‘i, u shaharning Qo‘qon ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlardan biri o‘ziga tegishli ekanini aytib, N.M.ni aldadi. N.ni ishontirish uchun telefonida bir xonalik uyning rasmini ko‘rsatdi. Soddadil ayol uning gapiga laqqa tushib, uy sotib olish uchun yig‘ib qo‘ygan 5 000 AQSh dollari (42 206 800 so‘m) miqdoridagi pulini unga sanab berdi. Ammo J.A. bu pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib yubordi-yu, xaridor ayolga hech qanday uyni rasmiylashtirib bermadi.
 
Shundan keyin J. talonchilikka qo‘l urdi. Ya'ni Asaka shahrida yurgan paytida kirakash mashinalardan biriga qo‘l ko‘tarib to‘xtatdi. So‘ng haydovchi G‘.Q.ga o‘zini IIB xodimi S. deb tanishtirib, Farg‘ona shahridagi 10-sonli tergov hibsxonasiga olib borib kelishini iltimos qildi. Belgilangan manzilga yetishganda esa G‘.ning yolg‘iz ekanligidan foydalanib, unga pichoq o‘qtaldi. Keyin zo‘rlik ishlatib hamda uni qo‘rqitib, avtomashina yukxonasidagi 800 000 so‘m pul va avtomashina texnik pasporti, shuningdek, G‘.Q.ning akasi F.Q.ning haydovchilik guvohnomasi va ogohlantirish talonlarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, voqea joyidan qochib ketdi.
 
Bundan tashqari, J.A. 2018 yil 18 dekabr kuni Namangan shahrida yashovchi fuqaro Z.M.ni ham “o‘ziga xos” usulda chuv tushirdi. Ya'ni o‘sha kuni soat 14:30 larda J. Namangandagi “Sardoba” bozori yaqinida Zokir bilan uchrashdi.
 
— Ismim A., “gorotdel”da ishlayman. Iltimos, Marg‘ilonga olib borib qo‘ysangiz. Xizmat haqingizni beraman, — dedi muloyim muomala qilib.
 
Albatta, u o‘zini Namangan shahar IIB xodimi deb tanishtirgani sababli Z.M. uning iltimosini yerda qoldirmay, “Neksiya-2” rusumli avtomashinasini Marg‘ilonga qarab haydadi. Marg‘ilonga yetib borishgach esa J. haydovchini Toshloq tumani markaziga boshladi.
 
— Keling, avval ovqatlanib olaylik, ish qochib ketmaydi, — deya Z.M.ni Toshloq shaharchasidagi “Tabassum” oshxonasiga taklif qildi.
 
U shunday deb ikki kishilik ovqat, non, choy va salat buyurdi. Keyin Z.dan:
 
— Mashinangizni berib tursangiz, ovqat kelguncha g‘ir etib bir joyga o‘tib kelaman, — deb so‘radi.
 
Namanganlik haydovchi esa uning IIB xodimi ekanligiga ishongani uchun ham hech ikkilanmay mashina kaliti berdi. Lekin firibgar narxi 50 000 000 so‘m bo‘lgan bu mashinani haydab ketgach, avvaliga mashina salonidagi 200 000 so‘m miqdoridagi pul, Z.M.ning fuqarolik pasporti va haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi, avtomashinani boshqarish uchun rasmiylashtirilgan ishonchnoma hamda boshqa hujjatlarni g‘arazgo‘ylik bilan talon-toroj qildi. So‘ngra shaharning Xo‘japorso mahallasida fuqaro M.I.ga avtomashinaning o‘ziga tegishli ekanligini aytib va jinoiy yo‘l bilan topilganligini bildirmasdan, 2 500 AQSh dollari (21 103 400 so‘m) ga sotib yubordi. Qo‘lga kiritilgan pullarni esa har galgidek jig‘ildoniga urdi.
 
Biroq bu hali hammasi emasdi. Negaki, J.A. o‘zini IIB xodimi “A.” va “Sh.” deya tanishtirib, yana 7 nafar fuqaroni firib to‘riga ilintirdi. Shu yo‘l bilan ularning 33 985 808 so‘mlik pul va mulklarini qo‘lga kiritdi. Ammo jabrlanuvchilarning murojaatiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandagina u firibgarligini to‘xtatib, tavba-tazarru qilishga tushdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi esa aybdorning qilmishiga yarasha qonuniy jazo tayinladi.

Endi haqli savol tug‘iladi: nahotki, muqaddam 8 marotaba firibgarligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan J.ning ko‘zi hamon ochilmagan bo‘lsa? Yoki uning yana aynan shu jinoyatni sodir etganiga nima deysiz?

Top