9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

17:20 / 21.07.2019 81480

«Internetda tarqalgani ko‘proq zarba berdi». Sirdaryolik pichoqlangan shifokor bilan aslida nima bo‘lgan edi?

Inson salomatligi. Bu bizga berilgan bir omonat aslida. Bu omonatni asrab-avaylashimizda ko‘makdosh bo‘lishni shifokorlar o‘z zimmasiga olishgan. Bu sohaning ayrim o‘z kasbiga noloyiq bo‘lgan vakillari jamoatchilik tomonidan ko‘p marta tanqid qilingan. Lekin so‘nggi vaqtlarda shifokorlarga bo‘layotgan tajovuzlar haqidagi ko‘plab xabarlar ho‘l-u quruq baravar yonayotganini ko‘rsatmoqda.

Video: Youtube

Xabaringiz bor, bir necha kun muqaddam Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida reanimatsiya shifokorlariga pichoq bilan jarohat yetkazildi. Jabrlanuvchilarga hayot uchun xavfli jarohat yetmagan va ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Lekin masalaning jiddiy tarafi bu emas aslida. Bu jamiyatda avj olayotgan yangi xavfni ko‘rsatib berdi. Ijodiy guruhimiz bilan ushbu holatni yaqindan o‘rganish maqsadida Guliston shahrida bo‘ldik.

«Men tasodifan janjalga qo‘shilib qoldim»

Dastavval, jiddiyroq jarohat olgan, Guliston shahri ko‘z kasalliklari shifoxonasida davolanayotgan Abdurasul Bo‘ronovdan hol so‘rab u bilan suhbatda bo‘ldik.

Abdurasul Bo‘ronov

«Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filiali viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi binosidan vaqtincha foydalanayotgan edi. Ularning bemorida reanimatsiya holatidan so‘ng biologik o‘lim holati kuzatilgan. Otasi pichoq bilan tashlanib qolgan. Menga hamshiralar aytib qolishdi. Chiqib qarasam shu holat. U yerda hamshiralar va yosh bolalar bor. Bunaqa vaqtda bir chekkada qarab tura olmaysiz-ku? Yigit kishimiz, axir. Bir necha kishini so‘yib qo‘ymasligi uchun borib ajratish kerak edi. Pichoq bilan tashlanayotgan shaxsga qarshilik qildim. 5 daqiqalarcha olishdik. Keyin pichoq ko‘zimning oldiga kirib ketdi. U bo‘lsa qochib qoldi. O‘sha vaziyatda boshqa biror joyimga sanchilsa, tirik qolishim qiyin bo‘lardi.

Ochig‘ini aytaman, ota-onaning holatini tushundim. Bunga jiddiy e'tibor bermadim. Lekin ertasi kuni bu holat internetga chiqib ketgani menga juda qattiq ta'sir qildi. Ikki kun davomida na ovqat yedim, na uxladim. Ruhiyatga juda yomon ta'sir qilar ekan. Pichoqdan ham shu og‘ir botdi. Bir dardimga o‘n dard qo‘shildi.

So‘nggi vaqtlarda shifokorlarga qilingan tajovuzlar - ma'naviyatsizlikdir. Hayotda shunday kasalliklar borki, ular yaxshilik bilan tugamaydi. Bu fanda ham isbotlangan. Shifokorlar hamma yordamni berishsa ham kasallik o‘z hukmini ko‘rsatadi. Bunday ishlar insoniylikka zid holatlar. Biz kuni bilan ishlab uyga qaytamiz. Bir oy ishlab oyligimizni oilamizga olib boramiz. Bu oylikning tagida qancha zahmat yotibdi. Har kuni ko‘plab bemorlarni ko‘ramiz. Har xil insonlar keladi. Ularning ba'zilari negadir tushunishni xohlashmaydi. Ko‘p narsa talab qilishadi. Lekin shifokor sehrgar emas. Ota-onalar esa ko‘p narsalar talab qilishadi. Ko‘plab ota-onalarning farzandiga e'tibori, g‘amxo‘rligi kam. Vaqtida olib kelishmaydi, ko‘rikdan o‘tib turishmaydi, shifokor yozib bergan dorilarni ichirishmaydi. Eng oxirgi bosqichda olib kelishadi va shifokordan talab qilishadi. 1996 yildan beri tibbiyot sohasida ishlayman. 2000 yildan beri reanimatsiyada shifokorman. Shunday vaqtlar bo‘lganki, 7 kunlab yotib qolib ishlaganmiz. U vaqtlarda telefonlar yo‘q edi. Onam xavotir olib ishxonagacha kelgan. Shu mehnatlarimiz evaziga hurmat orttirdik.

Lekin shu internetda tarqalgan xabar tufayli ko‘pchilik tomonidan salbiy fikr uyg‘onmoqda. «Falonchi bir bemoriga qaramabdi, u nobud bo‘libdi va ota-onasi pichoqlab qo‘yibdi», deyishyapti. Men bunda xalqni ayblamayman. Ular o‘qigani bo‘yicha fikr qilyapti. Men o‘shani xabarini bergan mutasaddilarni ayblayman. Vazirlikka ham kimdir shunday xabar bergan-ku? Yana kimdir, «Abdurasul qochib qolmabdi-da» deyishyapti. Men nimaga qochaman? Nahot jamiyat shu darajaga yetib keldi. Biror xavf bo‘lsa, darrov qochib qolish kerakmi?

Hech kim aslida nima bo‘lganini so‘ramadi. To‘g‘ri, vazir Alisher Shodmonov hol-avhol so‘rab ko‘nglimni ko‘tardi. U kishining nazoratida bo‘ldim. Ayni vaqtda jarohatimdan ham ruhiy zarba ta'siri yomonroq bo‘ldi», deydi jarohat olgan shifokor.

Jarohat olgan shifokorning sog‘lig‘i haqida hozirda uni davolayotgan shifokori, shifoxonaning mikrojarrohlik bo‘limi mudiri Komiljon Holyigitovdan so‘radik.

Komiljon Holyigitov

«Bemor og‘ir holatda yetkazib kelindi. Peshona sohasida kesilgan holatda edi. Operatsiya jarayoni kelishi bilanoq boshlandi. Operatsiya jarayonida reviziya o‘tkazilib tekshirilganda ko‘z olmasi konyuktivasi butunligi aniqlandi. Tepa qosh sohasini tekshirganimizda tomirlari kesilgan, orbita yog‘ to‘qimalari chiqib ketgani ma'lum bo‘ldi. Hozirgi kunda ahvoli yaxshi. Ko‘z olmasi butun. Konyuktiva qilgan joylarimizda, qosh sohasida choklar qo‘yildi. Ko‘z atrofida harakatlar yaxshi. Asab tolalarga jiddiy zarar yetmagan. Holati yaxshi, lekin shifokor nazoratida bo‘lishi kerak», deydi ko‘z shifokori.

Endi holat kelib chiqishida bevosita ishtirok etgan ikkinchi jabrlanuvchi Ro‘zimov Asqar bilan suhbatlashish va voqea sodir bo‘lgan joyni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialining vaqtincha foydalanilayotgan binosiga yo‘l oldik. Bizga ushbu jabrlanuvchi-shifokor holatni batafsil tushuntirib berdi. Bemorning ota-onasi farzandining vafoti yomon ta'sir qilgani, ko‘chaga chiqib kelganidan so‘ng pichoq bilan tajovuz qilgan holatni ko‘rsatib berdi.

Ro‘zimov Asqar

Ekspertiza xulosasi kutilmoqda

Ushbu holat yuzasidan ish olib borayotgan tergovchi, Guliston shahar Ichki ishlar organlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi katta tergovchisi Abbos Hazratqulov so‘zlab berdi.

«Bu ish bo‘yicha tergovga qadar tekshirish olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha yakuniy xulosa beriladi. Tan jarohati yetkazilgani bo‘yicha xabar kelgani tufayli 2019 yil 10 iyul kuni soat 14:35da joyiga borib o‘rgandik. Borganimizda F. ismli shaxs tan jarohati yetkazish bo‘yicha gumonlanayotganini aniqladik. U qizining vafotini eshitib jazavaga tushib shifokorlarga tan jarohati yetkazgan. Bu bo‘yicha ko‘zdan kechirish o‘tkazdik. Shifokorlarning tan jarohati bo‘yicha tibbiy ekspertiza tayinlaganmiz. Ekspertiza xulosasiga qarab yakuniy qaror qabul qilamiz. Hozircha shuni kutyapmiz», deydi tergovchi.

Har qanday jamiyatni shifokorlik kasbi egalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Sog‘lig‘imizda biror muammo bo‘lsa aynan shu soha vakillari asqotadi. Shu sababli, bu kasb egalari kasbiga vijdonan yondashishi, biz esa ularning bu fidoyiliklarini yetarlicha qadrlashimiz to‘g‘ri bo‘lardi.

Vafot etgan bemorning oila-a'zolariga tahririyatimiz nomidan chuqur ta'ziya izhor etamiz.

Top