09:53 / 22.07.2019
18941
Eron Britaniya tankerini ushlagani sababi ma'lum bo‘ldi
Foto: marinetraffic.com.

Eronlik harbiylarning Britaniyaga tegishli Stena Impero tankerini ushlagani sababi ma'lum bo‘ldi. Bundan tanker ekipaji, Fors ko‘rfazida patrullik qilayotgan HMS Montrose britan fregati va Eron Islom inqilobi soqchilari korpusi vakillari o‘rtasidagi muloqot yozuvidan ma'lum bo‘ldi. Audioyozuv Dryad Global konsalting kompaniyasi tomonidan tvitterda e'lon qilingan.

Aniqlanishicha, fregatdagi harbiylar tankerga Eron talabiga bo‘ysunmaslikni tavsiya qilishgan. 19 iyulda eronlik harbiylar tanker ekipajini baliq ovlovchi qayiq bilan to‘qnashuvda va uning yordam berish signaliga javob bermaganlikda ayblab qo‘lga olgan.

“Agar bo‘ysunsangiz, xavfsizlikda bo‘lasiz”, deb, eronlik harbiylar tankerdan o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishni talab qilgan. Bu orada HMS Montrose fregati tankerga yo‘nalishni o‘zgartirmaslikni tavsiya qilgan: “Bu britan harbiy kemasi F236. Siz xalqaro suvlar orqali o‘tayotganingiz sababli, xalqaro huquqqa ko‘ra sizga hech kim halaqit yoki to‘sqinlik qila olmaydi”.

Fregat tanker ushlanishiga xalaqit qilmoqchi bo‘lgan, biroq ulgurmay qolgan va tanker Eron portlaridan biriga olib ketilgan. Tankerda 23 kishi – Hindiston, Filippin, Latviya fuqarolari va 3 nafar rossiyalik bo‘lgan. Tehronda tanker ekipaji sog‘-salomat ekanligi ma'lum qilingan.

Bu orada 21 iyulda Eron neft vaziri Bijan Zangani tankerlarning ushlanishi Erondan neft eksportiga ta'sir qilmaganini ma'lum qilgan.

4 iyulda Britaniya maxsus kuchlari Gibraltarda Eron tankerini sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Suriyaga neft yetkazish ayblovi bilan qo‘lga olgandi. Tehron bu aylovlarni rad etgan.
 

Top